28.11.2026, Shanba+10.9°CToshkentUSD12 002.10EUR13 166.30RUB146.02
+10.9°CToshkent$12 002.10 28.11.2026

O‘zbekistonda aviayoqilg‘i narxlari jahon narxlariga bog‘lanadi. Aviakompaniyalarga yangi imtiyozlar beriladi

Iqtisod 27.11.2026 14:56 2Gazeta
O‘zbekistonda aviayoqilg‘i narxlari jahon narxlariga bog‘lanadi. Aviakompaniyalarga yangi imtiyozlar beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni transport va logistika sohasidagi investorlar hamda tadbirkorlar bilan uchrashuvda rezident aviakompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlarini e’lon qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

2027-yildan boshlab aviatsiya yoqilg‘isi narxi o‘rtacha jahon narxlariga bog‘langan holda shakllantiriladi. Aviayoqilg‘i aksiz solig‘idan ozod qilinadi, shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) nol stavkasi qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, aviakompaniyalar uchun quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘zda tutilgan:

  • ehtiyot qismlar uchun bojxona to‘lovlarini to‘lash bo‘yicha imtiyoz muddatini 2040-yilgacha uzaytirish;
  • havo kemalari, dvigatellar va agregatlarni ijaraga olishda QQSning nol stavkasini qo‘llash;
  • ehtiyot qismlarni import qilishda QQSni bir kun ichida qaytarish tizimini joriy etish.

Mahalliy uchuvchilarni tayyorlash va ishga joylashtirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan aviakompaniyalarga alohida imtiyozlar taqdim etiladi. Ular tomonidan jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foizni tashkil etadi, bunday mutaxassislarga ruxsatnomalar berish uchun undiriladigan yig‘im miqdori esa 30 barobarga qisqartiriladi.

Ushbu chora-tadbirlar hisobiga O‘zbekiston havo kemalari parkini 2027-yilda 150 taga, 2030-yilga borib esa kamida 250 taga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

2026-yil yakunlariga ko‘ra yo‘lovchi aviatashuvlari hajmi 17 million kishini tashkil etishi kutilmoqda. Yaqin yillarda ushbu ko‘rsatkichni 25 millionga yetkazish rejalashtirilgan.

Prezident O‘zbekiston Xalqaro fuqaro aviatsiyasi universitetini tashkil etish tashabbusini ham ilgari surdi. Uning uchun Yangi Toshkent hududidan 20 gektar yer maydoni ajratilib, u yerda zamonaviy kampus, o‘quv-mashq va ilmiy-tadqiqot markazlari joylashtiriladi.

Aviayoqilg‘i narxini jahon kotirovkalariga bog‘lash mexanizmi, qo‘llaniladigan narx indikatorlari va narxlarni qayta ko‘rib chiqish davriyligiga hozircha aniqlik kiritilmagan.

Uzbekistan Airports aviayoqilg‘i uchun qancha to‘laydi?

aviakompaniya, aviatsiya yoqilg‘isi, shavkat mirziyoyev, uzbekistan airports

Gazeta Uzbekistan Airports kompaniyasining 5360 tonna aviatsiya yoqilg‘isini xarid qilish bo‘yicha yettita birja shartnomasini o‘rganib chiqdi. Ularning 3360 tonnasi (62,7 foizi) O‘zbekistonda, yana 1000 tonnadan Rossiya va Turkmanistonda ishlab chiqarilgan.

24-noyabr kuni kompaniya Buxoro neftni qayta ishlash zavodi (NQIZ) bilan 17,57 mlrd so‘mga 960 tonna Jet A-1 markali aviayoqilg‘i sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Bir tonna yoqilg‘i narxi 18,3 mln so‘mni yoki bitim tuzilgan sanadagi Markaziy bank kursi bo‘yicha qariyb 1525 dollarni tashkil etdi.

2026-yil oktabr oyida Uzbekistan Airports Farg‘ona NQIZ bilan ikkita shartnoma imzoladi:

  • 13-oktabr kuni — 2,88 mlrd so‘mga tonnasi 24 mln so‘mdan (2017 dollar) 120 tonna TS-1 markali yoqilg‘i xarid qilish bo‘yicha;
  • 19-oktabr kuni — 13,83 mlrd so‘mga tonnasi 19,215 mln so‘mdan (1594 dollar) 720 tonna Jet A-1 markali yoqilg‘i xarid qilish bo‘yicha.

Sentabr oyida kompaniya xorijiy yetkazib beruvchilar bilan uchta shartnoma tuzgan, jumladan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yoqilg‘ini xarid qilish bo‘yicha ham kelishuvga erishilgan.

9-sentabr kuni Uzbekistan Airports BAAning Orient Energy Limited kompaniyasi bilan sintetik komponent qo‘shilgan Jet A-1 markali 540 tonna aviayoqilg‘ini tonnasi 1430 dollardan, jami 772,2 ming dollarga yetkazib berish bo‘yicha forvard shartnomasini tuzdi. Hujjatga ko‘ra, yoqilg‘i O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan bo‘lib, uni Buxoro viloyatining Qorovulbozor shahridan jo‘natish ko‘zda tutilgan.

O‘sha kuni kompaniya BAAning yana bir yetkazib beruvchisi — Bahar Universal Trading FZ LLC bilan Turkmanistonda ishlab chiqarilgan birinchi navli TS-1 markali 1000 tonna yoqilg‘ini tonnasi 1490 dollardan, jami 1,49 mln dollarga xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzoladi.

21-sentabr kuni Uzbekistan Airports Brookcast FZCO bilan Rossiyada ishlab chiqarilgan RT markali 1000 tonna aviatsiya yoqilg‘isini tonnasi 1640 dollardan, jami 1,64 mln dollarga yetkazib berish bo‘yicha bitim tuzdi.

Farg‘ona NQIZ bilan oktabr oyida tuzilgan shartnoma bo‘yicha TS-1 markali yoqilg‘i narxi xuddi shu markadagi turkman yoqilg‘isini yetkazib berish bo‘yicha sentabr oyidagi shartnomaga nisbatan 35,4 foizga yuqori bo‘lib chiqdi. Shu bilan birga, bitimlar sanasi va yetkazib berish shartlariga ko‘ra bir-biridan farq qilad.

2025-yilgi xaridlar bilan taqqoslash

2025-yil sentabr oyida kompaniya Gruziyaning Unika Investment LLC kompaniyasi bilan Rossiyada ishlab chiqarilgan 2000 tonna aviayoqilg‘ini tonnasi 905 dollardan, jami 1,81 mln dollarga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan. O‘sha yilning noyabr oyida Uzbekistan Airports BAAning Oxus Petrochemicals Trading FZCO kompaniyasi bilan Rossiya yoqilg‘isining 1000 tonnasini tonnasi 1040 dollardan sotib olish bo‘yicha bitim imzolagan. Ikkala shartnomada ham yoqilg‘ini “To‘qimachi” temiryo‘l stansiyasigacha yetkazib berish ko‘zda tutilgan edi.

2025-yil oktabr oyida kompaniya Buxoro NQIZ bilan Jet A-1 markali jami 2040 tonna aviayoqilg‘ini tonnasi 12,5 mln so‘mdan xarid qilish bo‘yicha ikkita shartnoma tuzgan. Noyabr oyida esa Saneg Jetwhites kompaniyasidan ushbu markadagi yana 180 tonna yoqilg‘i QQSni hisobga olgan holda tonnasi 13,95 mln so‘mdan kontraktatsiya qilingan.

Uzbekistan Airports’ning sentabr-noyabr oylaridagi o‘rganilgan shartnomalari bo‘yicha bir tonna aviayoqilg‘ining o‘rtacha tortilgan qiymati 2025-yildagi 991 dollardan 2026-yilda 1557 dollargacha (+57,1 foiz) oshdi. Shu bilan birga, Rossiya yoqilg‘isining narxi tonnasi uchun 905−1040 dollardan 1640 dollargacha, Buxoro NQIZ bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha Jet A-1 yoqilg‘isi narxi esa 12,5 mln so‘mdan 18,3 mln so‘mgacha (+46,4 foiz) ko‘tarildi.

O‘rganilgan shartnomalar yoqilg‘i markalari, yetkazib berish shartlari va xarid hajmlariga ko‘ra farqlanadi, shu bois keltirilgan ko‘rsatkichlar Uzbekistan Airports’ning barcha xaridlari o‘rtacha tortilgan qiymatining o‘zgarishini emas, balki tanlanma doirasidagi shartnoma narxlari dinamikasini aks ettiradi.

Jahon narxlari bilan taqqoslash

aviakompaniya, aviatsiya yoqilg‘isi, shavkat mirziyoyev, uzbekistan airports

2026-yilda xalqaro bozorda aviatsiya yoqilg‘isi narxi sezilarli darajada oshdi. Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) va S&P Global Energy ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil noyabr oyida o‘rtacha jahon narxi bir barrel uchun taxminan 96 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yil aprel oyida u 188 dollarga yetdi, may oyida esa 158 dollargacha pasaydi.

2026-yil 20-noyabrda yakunlangan hafta davomida aviayoqilg‘ining o‘rtacha jahon narxi 8,9 foizga — bir barrel uchun 154,76 dollargacha yoki bir tonna uchun taxminan 1215 dollargacha pasaydi.

Uzbekistan Airports’ning o‘rganilgan yettita birja shartnomasi bo‘yicha yoqilg‘i qiymati tegishli haftalardagi o‘rtacha jahon kotirovkalaridan 5,5−42,4 foizga yuqori bo‘lgan.

Eng kichik farq Farg‘ona NQIZ bilan 2026-yil 19-oktabrda tuzilgan shartnoma bo‘yicha (5,5 foiz), eng katta farq esa Buxoro NQIZ bilan 2025-yil 24-oktabrda imzolangan shartnoma bo‘yicha (42,4 foiz) qayd etilgan.

Xususan, xarid narxi oshganiga qaramay, Buxoro NQIZning Jet A-1 aviayoqilg‘isi shartnoma qiymati va o‘rtacha jahon kotirovkasi o‘rtasidagi farq 13 oy ichida 42,4 foizdan 25,5 foizgacha qisqardi.

Shu bilan birga, jahon kotirovkalari neftni qayta ishlash zavodlaridagi yoqilg‘i qiymatini aks ettiradi, o‘rganilgan shartnomalar esa yoqilg‘i markalari va yetkazib berish shartlariga ko‘ra farqlanadi.

Xususan, import shartnomasida kelishilgan manzilgacha yetkazib berish (DAP) ko‘zda tutilgan bo‘lsa, mahalliy NQIZlar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha transport xarajatlari xaridor tomonidan alohida to‘lanadi (mahalliy ishlab chiqaruvchilarning narxlari yoqilg‘ini aeroportlargacha yetkazib berish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni o‘z ichiga olmaydi). Shartnoma narxiga QQS kiritilgani hujjatlarda alohida ko‘rsatilmagan.

O‘rganilgan shartnomalar Uzbekistan Airports’ning barcha xaridlari o‘rtacha tortilgan narxini emas, balki alohida bitimlar qiymatini aks ettiradi.

aviakompaniya, aviatsiya yoqilg‘isi, shavkat mirziyoyev, uzbekistan airports

Markaziy Osiyo va Kavkaz aeroportlaridagi narxlar

aviakompaniya, aviatsiya yoqilg‘isi, shavkat mirziyoyev, uzbekistan airports

Argus Jet Fuel’ning 2025-yil 27-noyabrdagi sharhiga ko‘ra, Toshkent xalqaro aeroportida aviayoqilg‘i qiymati tonnasi uchun 1225 dollar miqdorida baholangan. Bu sharhga kiritilgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Gruziya va Armanistonning barcha aeroportlaridagidan qimmatroq, ammo Dushanbe va Bokudagidan arzonroq edi.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentda aviayoqilg‘i Olmaotadagidan 8,9 foizga, Ostonadagidan 11,9 foizga, Ashxobod va Turkmanboshidagidan esa 63,3 foizga qimmat turgan.

2025-yil noyabr oyidagi o‘rtacha jahon kotirovkasi bilan farq taxminan 62 foizni tashkil etgan. Biroq aeroportlardagi yoqilg‘i qiymati tashish, saqlash, yoqilg‘i quyish va soliqlar bilan bog‘liq xarajatlarni o‘z ichiga olishi mumkin, shu bois bu ko‘rsatkichlarni to‘liq taqqoslab bo‘lmaydi.

2025-yil oktabr oyida prezident fuqaro aviatsiyasi sohasidagi davlat siyosatini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Hujjatda 2030-yilga borib xizmat ko‘rsatiladigan yo‘lovchilar sonini 24 million nafarga, parvozlar sonini 200 mingtaga, rezident aviakompaniyalarning havo kemalari parkini esa 180 taga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Rezident aviakompaniyalarning yo‘lovchi va yuk havo kemalari ham import qilishda bojxona bojlari va QQSdan ozod etiladigan texnologik asbob-uskunalar ro‘yxatiga kiritilgan edi.

2026-yil iyun oyida Uzbekistan Airways aviatsiya yoqilg‘isi taqchilligi va uning narxi oshishi sababli Rossiyaning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha parvozlar sonini qisqartirganini e’lon qildi.

Iyun oyida Boston Consulting Group (BCG) boshqaruvchi direktori Suresh Subudi O‘zbekiston aviatsiya bozori yiliga o‘rtacha 16 foizga — iqtisodiyotga nisbatan qariyb 2,5 barobar tezroq o‘sayotgani, biroq tranzit trafik ulushi atigi 3 foizni tashkil etishini ta’kidlagan edi. Janubiy Koreyaning Incheon aeroporti vakili Li San Yon ham regulyator cheklovlar, malakali kadrlar yetishmasligi va Toshkentda “ochiq osmon” rejimi mavjud emasligi raqobat va aviatashuvlar rivojiga to‘sqinlik qilayotganini qayd etgandi.

Avgust oyida 2026-yilning ikkinchi yarmida O‘zbekistonning aviakerosinga bo‘lgan ehtiyoji 375 ming tonnaga (+27 foiz) yetishi mumkinligi xabar qilingan edi. Ayrim hamkor mamlakatlardagi eksport cheklovlari fonida O‘zbekiston Gruziya va Iroqdan yoqilg‘i yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi, “O‘zbekneftgaz” esa Xitoydan uzoq muddatli yetkazib berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqa boshladi. Shu bilan birga, yanvar — iyul oylarida kerosin importi 54 foizga — 24,1 ming tonnagacha qisqardi.

Oktabr oyida BCG ekspertlari Gazeta’ga bergan intervyusida mahalliy bozordagi aviakompaniyalarning operatsion xarajatlarida aviayoqilg‘i ulushi o‘rtacha jahon darajasidan sezilarli darajada yuqori ekanini aytgandi. Sohaviy baholashlarga ko‘ra, aviayoqilg‘i iste’molida mahalliy ishlab chiqarish ulushi 40−50 foizdan 70−80 foizgacha oshishi mumkin. Shuningdek, ekspertlar aviakompaniyalarga narxlar o‘zgarishidan himoyalanish uchun xedjirlash vositalaridan foydalanishni va yoqilg‘i yetkazib berish barqarorligini ta’minlashni tavsiya qilgan.

O‘xshash yangiliklar