Ozuqa tanqisligi va go‘sht narxlari. O‘zbekiston go‘sht yetishtirishni 400 ming tonnaga qanday oshirmoqchi?

O‘zbekiston hukumati 2030-yilga borib chorvachilik uchun ozuqa yetishtirishni hozirgi 48 mln tonnadan 90 mln tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda. Ozuqa bazasini kengaytirish va chorva mollari mahsuldorligini oshirish hisobiga qo‘shimcha 400 ming tonna go‘sht yetishtirish uchun sharoit yaratish rejalashtirilmoqda.
Tegishli takliflar 25-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi. Tashabbuslar tafsilotlarini “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida hukumat va chorvachilik tarmog‘i vakillari ochiqladi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, aholi soni va daromadlarining o‘sishi, shuningdek, turizmning rivojlanishi go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan talabning yil sayin ortishiga olib kelmoqda. Bunday sharoitda tarmoq oldiga ichki bozorda taklifni ko‘paytirish, ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish va narxlarni barqarorlashtirish vazifalari qo‘yildi.
Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi vakili Azizbek Urunov prezident chorvachilikni isloh qilishning strategik yo‘nalishlarini belgilab berganini ma’lum qildi.
“Respublikada chorva mollari bosh sonini va ularni yetishtirish hajmini sezilarli darajada oshirish ko‘zda tutilmoqda. Avvalo, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — aholimiz uchun go‘sht narxini arzonlashtirish”, — deya bayonot berdi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari chorvachilikni ozuqa bilan ta’minlash tizimini isloh qilish, ozuqa bazasini kengaytirish, sun’iy urug‘lantirish hisobiga zotli qoramollar sonini ko‘paytirish va tarmoq mahsuldorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar bergan.
Ushbu topshiriqlar asosida tegishli qaror loyihasini ishlab chiqish kutilmoqda.
Ozuqa tanqisligi
Prezidentga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 12,5 mln bosh qoramol, 23 mln bosh qo‘y va echki, shuningdek, 125 mln bosh parranda parvarishlanmoqda. Mamlakatda yiliga 48 mln tonna ozuqa ishlab chiqariladi, bu esa mavjud ehtiyojni qoplamaydi.
Bir bosh qoramol uchun yiliga 6,5 tonna ozuqa talab etiladi, biroq amalda bu ko‘rsatkich 4 tonnadan oshmaydi. Shu tariqa, ozuqa bilan ta’minlanganlik darajasi e’lon qilingan ehtiyojning ko‘pi bilan 61,5 foizini tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, go‘sht yetishtirish tannarxining 30 foizi ozuqa xarajatlariga to‘g‘ri keladi.
Hukumat ozuqa yetishtirish hajmini 2027-yilda 64,5 mln tonnagacha va 2030-yilga borib 90 mln tonnagacha — joriy ko‘rsatkichga nisbatan mos ravishda 34,4 foiz va 87,5 foizga oshirishni taklif etmoqda.

Buning uchun hududlar kesimida ozuqa balansini shakllantirish, ozuqa ekinlari maydonlari va turlari hisobini to‘liq raqamlashtirish, shuningdek, yerlardan maqsadli foydalanishning kosmik monitoringini joriy etish rejalashtirilgan.
Takroriy ekinlarni kengaytirish, serhosil navlar va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga ozuqa ekinlari hosildorligini gektariga 350 sentnerdan 500 sentnergacha (35 tonnadan 50 tonnagacha) yoki qariyb 43 foizga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
200 ming gektar yerni o‘zlashtirish va yaylovlarni rivojlantirish
Chorvachilik uchun ajratilgan qariyb 480 ming gektar yerning kamida 20 foizidan samarasiz foydalanilmoqda. Bu taxminan 96 ming gektarga to‘g‘ri keladi.
2030-yilga borib hukumat yana 200 ming gektar yerni qishloq xo‘jaligi aylanmasiga qaytarishni va ularda ozuqa ekinlari yetishtirishni tashkil etishni rejalashtirmoqda. Shundan 50 ming gektarini 2027-yildayoq o‘zlashtirish mo‘ljallangan.
Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari — Chorvachilikni rivojlantirish agentligi rahbari Orif Butayev yerlarni o‘zlashtirishga, jumladan, xorijiy investorlarni jalb qilish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
“Xususan, kelgusi yilga rejalashtirilgan 50 ming gektar yerni o‘zlashtirishga investorlarni, shu jumladan, xorijiy investorlarni jalb etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, alohida topshiriqlar takroriy ekin maydonlarida ozuqaviy qiymati yuqori bo‘lgan ekinlarni yetishtirishga taalluqli.
“Eng katta imkoniyatlarimiz — respublika yaylov yerlaridan samarali foydalanish, yaylovlarda urug‘chilikni rivojlantirish va yaylov infratuzilmasini yaratish”, — deya ta’kidladi Butayev.
Qashqadaryo viloyatining sakkizta tumanida xorijiy tajriba asosida qurg‘oqchilik va tuproq sho‘rlanishiga chidamli ozuqa ekinlarini yetishtirishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. 2030-yilgacha butun mamlakat bo‘ylab 1 mln gektar yaylovda dronlar yordamida urug‘ ekishni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Butayev, shuningdek, 2027-yilda chorvachilik, naslchilik ishi, yaylovlarga urug‘ ekish va infratuzilma yaratishga jalb etiladigan mablag‘lar hajmini bir necha o‘n barobarga oshirish topshirilganini ma’lum qildi. U aniq summani ochiqlamadi.
O‘zbekiston ozuqa ekinlari urug‘ining 95 foizini import qiladi
Tarmoq muammolaridan biri xorijiy urug‘ yetkazib beruvchilarga yuqori darajada qaramlik bo‘lib qolmoqda. Hozirgi vaqtda ozuqa ekinlari urug‘iga bo‘lgan ehtiyojning 95 foizi import hisobidan qoplanadi.
Ushbu qaramlikni kamaytirish uchun Qashqadaryo viloyatida misrlik olimlar bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot va urug‘chilik markazlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Ular mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilgan, jumladan, qurg‘oqchilik va tuproq sho‘rlanishiga chidamli serhosil ozuqa ekinlari navlarini yaratish bilan shug‘ullanadi.
Aholini ozuqa bilan ta’minlash
Yig‘ilishda ozuqani yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va sotishning yagona tizimini yaratish taklif etildi. Buning uchun hududlarda 100 dan ortiq ozuqa markazlari va sotish shoxobchalarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Ular ozuqani yirik partiyalarda sotib oladi, qayta ishlaydi, zaxira shakllantiradi va bozorga uzluksiz yetkazib berishni ta’minlaydi.
Bu tizim mamlakatdagi qoramollarning 87 foizi parvarishlanayotgan aholining shaxsiy yordamchi xo‘jaliklari uchun alohida ahamiyatga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, 2027-yildan Qashqadaryo viloyatida tajriba tariqasida aholining chorva mollari uchun ozuqa sotib olish xarajatlarining 10 foizini kompensatsiya qilish mexanizmini joriy etish taklif qilinmoqda.
So‘yishga topshiriladigan qoramollarning tirik vaznini 450−550 kg gacha oshirish rejalashtirilmoqda
Hukumat go‘sht yetishtirish hajmi o‘sishining qo‘shimcha manbai sifatida chorva mollarining nasl sifatini yaxshilashni ko‘rsatmoqda.
Yuqori genetik salohiyatga ega sun’iy urug‘lantirish va embrionlarni transplantatsiya qilish texnologiyalarini qo‘llashni kengaytirish, hududlarda naslchilik xizmatlarini rivojlantirish hamda yirik chorvachilik korxonalari va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklar o‘rtasida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish taklif etilmoqda.
Chora-tadbirlar majmuasini amalga oshirish hisobiga so‘yishga topshiriladigan qoramollarning tirik vaznini hozirgi 250−350 kg dan 450−550 kg gacha oshirish mo‘ljallanmoqda. Prezidentga taqdim etilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, bu qo‘shimcha 400 ming tonna go‘sht yetishtirish imkoniyatini yaratadi.
Prezident mutasaddi idoralarga takliflarni maromiga yetkazish, moliyalashtirishning aniq mexanizmlarini belgilash, hududlar kesimida loyihalarni shakllantirish va ichki bozorda go‘sht hamda sut mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi.
O‘zbekiston qancha go‘sht yetishtiradi?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar — sentabr oylarida O‘zbekistonda tirik vaznda 1,924 mln tonna go‘sht yetishtirilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,1 foizga ko‘pdir.
Go‘shtning asosiy ishlab chiqaruvchilari aholining dehqon va tomorqa xo‘jaliklari bo‘lib qolmoqda.

Xo‘jaliklar toifasi | Yetishtirish hajmi, ming tonna | Yillik o‘sish |
Dehqon va tomorqa xo‘jaliklari | 1508,1 | 1,9% |
Qishloq xo‘jaligi tashkilotlari | 251,4 | 2,2% |
Fermer xo‘jaliklari | 165 | 3,3% |
Jami | 1924,5 | 2,1% |
Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazining oktabr oyidagi tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekistonning mol go‘shtiga bo‘lgan o‘rtacha yillik ehtiyoji 1,3 mln tonnaga baholanmoqda. Markazning baholashicha, ehtiyojning 92,5 foizi ichki ishlab chiqarish, 7,5 foizi esa import hisobidan ta’minlanadi.
Shu bilan birga, so‘nggi besh yil ichida mol go‘shti importi hajmi 7,2 barobarga oshgan.
Go‘sht importi o‘sishda davom etmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar — sentabr oylarida O‘zbekiston 779,3 mln dollarli go‘sht va go‘sht mahsulotlarini import qilgan — bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32,2 foizga ko‘p.
Xarajatlarning asosiy qismi mol go‘shti importiga to‘g‘ri keladi. To‘qqiz oy davomida mamlakat xorijdan 597,7 mln dollarga 132 ming tonna mol go‘shti sotib olgan. Yetkazib berishning fizik hajmi 17,7 foizga, qiymati esa 29,6 foizga oshgan.

Ikki yil ichida mol go‘shti importining fizik hajmi 2,1 barobarga, uni xarid qilish xarajatlari esa qariyb 2,5 barobarga o‘sdi.
Bir kilogramm mol go‘shtining o‘rtacha import narxi ham izchil oshib bordi:
- 2024-yil yanvar — sentabr — 3,92 dollar;
- 2025-yil yanvar — sentabr — 4,11 dollar;
- 2026-yil yanvar — sentabr — 4,53 dollar.
O‘zbekistonga mol go‘shti yetkazib beruvchi eng yirik davlat Hindiston bo‘lib qolmoqda, importning fizik hajmidagi 42 foizdan ortiq ulush uning hissasiga to‘g‘ri keladi. Yetkazib berishlarning jami 90,5 foizi Hindiston, Belarus va Qozog‘iston ulushiga to‘g‘ri kelmoqda.

Bir vaqtning o‘zida xorijdan ozuqa sotib olish xarajatlari ham ortib bormoqda. 2026-yilning to‘qqiz oyida O‘zbekiston 286,2 mln dollarli hayvonlar ozuqasini import qilgan — bu bir yil avvalgiga nisbatan 39,9 foizga ko‘p. Tirik hayvonlar importi 4,9 foizga o‘sib, 91,1 mln dollarni tashkil etdi.
Shunday qilib, to‘qqiz oy davomida go‘sht va go‘sht mahsulotlari, ozuqa hamda tirik hayvonlar importining umumiy qiymati 1,15 mlrd dollardan oshdi.
Go‘sht narxlari qanday o‘zgarmoqda?
Ichki ishlab chiqarish va import hajmi oshganiga qaramay, go‘sht mahsulotlari narxlarining o‘sish sur’ati umumiy inflyatsiya darajasidan ancha yuqori bo‘lib qolmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil oktabr oyida yillik inflyatsiya 6,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ayrim turdagi go‘shtlar 15−20 foizga qimmatlashgan.

Oktabr oyida Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi tashqi va ichki shoklar kuzatilmagan taqdirda, 2026-yil dekabr oyida bir kilogramm mol go‘shtining o‘rtacha narxi taxminan 130 ming so‘mni tashkil etishini prognoz qilgandi.
Markaz ekspertlari narxlarni barqarorlashtirishning asosiy choralari sifatida mahalliy chorvachilik mahsuldorligini oshirish, naslchilik ishida zamonaviy genom tahlili texnologiyalarini joriy etish va ozuqa bazasini mustahkamlashni qayd etgan.



