23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

O‘zbekistonda Sibir daryolari oqimini burish bo‘yicha Rossiyaning 100 mlrd dollarlik loyihasi qanchalik maqsadga muvofiqligi baholandi

Siyosat 23.11.2026 12:16 0Gazeta
O‘zbekistonda Sibir daryolari oqimini burish bo‘yicha Rossiyaning 100 mlrd dollarlik loyihasi qanchalik maqsadga muvofiqligi baholandi

O‘zbekiston Rossiyadan Sibir daryolari oqimining bir qismini burish loyihasiga o‘nlab milliard dollar sarflagandan ko‘ra, mamlakat ichida suv yo‘qotishlarini kamaytirishni maqsadga muvofiqroq deb hisoblaydi. Bu haqda suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev 19-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rossiya bilan hamkorlikka doir savolga javob berish asnosida ta’kidlab o‘tdi.

Suv xo‘jaligi vazirligi rahbari Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga burish g‘oyasi hatto SSSR tashkil topishidan oldin ham muhokama qilinganini eslatdi.

“Hozir Rossiyaning o‘zi iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechiryapti. Sovet Ittifoqi iqtisodiy jihatdan qudratli bo‘lgan davrda Sibir daryolarini burish loyihasini amalga oshirishni rejalashtirgandi. Loyihalar ishlab chiqilgan, suvni yetkazib berish usullari o‘rganilgan. Biroq iqtisodiy qiyinchiliklar sabab ishlar to‘xtab qolgan. 1986-yilda SSSRda mazkur loyihani to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan”, — dedi u.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda bir guruh rossiyalik olimlar 100 mlrd dollar evaziga 5 mlrd kub metr atrofida suv yetkazib berish tashabbusini yana ilgari surgan. Ushbu tashabbus turli muhokamalarga sabab bo‘ldi.

“Qozog‘iston tomonidan hatto: „Nega suvni faqat O‘zbekistonga bermoqchisiz, bizga bermaysiz?“ degan savollar ham yangradi. Lekin, mana, men hozir sizga raqamlarni keltirdim. O‘zimiz shundog‘am 11 mlrd kub metr suvni tejayapmiz. Ustiga ustak, buning uchun 100 mlrd dollar sarflaganimiz yo‘q. Biz amalga oshirayotgan barcha chora-tadbirlar xarajatini qo‘shib hisoblaganda ham, taxminan 5 mlrd dollar chiqishi mumkin”, — dedi Suv xo‘jaligi vazirligi rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga kelgusida yana 5−10 mlrd dollar yo‘naltirilishi ham mamlakatga suvni boshqa mintaqalardan burib olib kelish zaruratisiz uning sarfini qo‘shimcha ravishda qisqartirish imkonini beradi.

“Biz yana 5 mlrd, ehtimol, 10 mlrd dollar sarflab, suvni yuqoridan olib kelmasdan ham undan-da ko‘proq suvni tejab qolamiz”, — dedi Hamroyev.

“Ehtimol, 2050-yilga borib qo‘shimcha manbalar izlashga to‘g‘ri kelar”

Shu bilan birga, vazir uzoq muddatli istiqbolda O‘zbekiston baribir tashqaridan suv resurslarini jalb qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri kelishini istisno qilmadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu, eng avvalo, iqlim o‘zgarishi, yog‘in-sochin miqdori hamda transchegaraviy daryolar havzasida shakllanadigan suv hajmiga bog‘liq bo‘ladi.

“Faraz qilaylik, 2050-yillarga borib tabiatda biror mo‘’jiza ro‘y bermasa, suv yildan-yilga kamayib borsa va iqlim o‘zgarishi bizning ziyonimizga ishlashda davom etsa, biz qo‘shimcha suv manbalarini izlashga majbur bo‘lamiz”, — dedi vazir.

Uning eslatishicha, nazariy jihatdan sovet loyihasida yiliga 27 mlrd kub metrga yaqin suvni burish ko‘zda tutilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday loyihaning amalga oshirilishi nafaqat O‘zbekistonga, balki Rossiya, Qozog‘iston va qisman Turkmanistonga ham foyda keltirishi mumkin edi.

“Ehtimol, keyingi muzokaralar davomida, agar olimlar bu masalani chuqurroq o‘rganib chiqishsa, bunday loyiha ham amalga oshirilishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi Hamroyev.

Sibir daryolari oqimini burish bo‘yicha yangi loyiha haqida nimalar ma’lum?

2025-yilning noyabr oyida Rossiya Fanlar akademiyasi (RFA) olimlari Ob daryosi oqimining bir qismini Markaziy Osiyoga burish imkoniyatini qaytadan o‘rganib chiqishni taklif qilgani ma’lum bo‘ldi.

RFA Suv muammolari instituti ilmiy rahbari Viktor Danilov-Danilyan RBKga ma’lum qilishicha, tegishli qaror RFA Yer fanlari bo‘limi ilmiy kengashining yig‘ilishida qabul qilingan. Olimlar Rossiya Fan va oliy ta’lim vazirligiga mazkur tadqiqotlarni davlat rejasiga kiritish taklifi bilan chiqish niyatida edi.

Ochiq kanal qurilishini ko‘zda tutgan sovet loyihasidan farqli o‘laroq, zamonaviy konsepsiya suvni yopiq quvurlar tizimi orqali yetkazib berishni nazarda tutadi.

Taklif etilgan variantlardan biri har birining uzunligi 2100 kilometrga yaqin bo‘lgan yettita quvur liniyasini o‘z ichiga oladi. Dastlabki bosqichda Ob daryosidan yiliga 5,5 mlrd kub metr atrofida suv burish, kelgusida esa o‘tkazish quvvatini uch-to‘rt baravarga oshirish rejalashtirilgan edi.

Loyiha qiymatini “IES Injiniring va Konsalting” konsalting kompaniyasi loyiha rahbari Dmitriy Sozonov baholadi. Uning xalqaro muqobillarga asoslangan hisob-kitoblariga ko‘ra, dastlabki investitsiyalar hajmi 100 mlrd dollardan boshlanishi, yakuniy summa esa bundan ham yuqori bo‘lib chiqishi mumkin.

U yillik qo‘shimcha ekspluatatsiya xarajatlarini 700 milliondan 1,5 mlrd dollargacha baholadi. Mablag‘larning katta qismi nasos stansiyalari faoliyati, quvurlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ularning xavfsizligini ta’minlashga sarflanadi. Ekspert asosiy quvvatlarni qurishning minimal muddatini o‘n yilga baholadi.

Shu bilan birga, o‘shanda Rossiya Tabiiy resurslar vazirligi loyiha-smeta hujjatlari idoraga kelib tushmaganini RBKga ma’lum qilgan. Muhokamalar ilmiy-ekspertlik xususiyatiga ega bo‘lgan.

Sovet loyihasi nega amalga oshmay qolgan?

Ob va boshqa Sibir daryolari oqimining bir qismini Markaziy Osiyoga burish g‘oyasi SSSRda 1960−1980-yillarda faol ishlab chiqilgan.

Loyiha doirasida Qozog‘iston hamda Markaziy Osiyo respublikalarining qurg‘oqchil hududlarini suv bilan ta’minlash, jumladan, sug‘orma dehqonchilikni kengaytirish uchun yirik kanallar tizimini barpo etish ko‘zda tutilgan edi.

Biroq 1986-yil 14-avgustda KPSS Markaziy Qo‘mitasi va SSSR Vazirlar Soveti shimoliy hamda Sibir daryolari oqimining bir qismini burish bo‘yicha ishlarni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Mazkur qaror, jumladan, loyihaning ekologik va iqtisodiy oqibatlarini chuqurroq o‘rganish zarurati bilan ham bog‘liq edi. Mutaxassislar tabiiy ekotizimlarga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar, daryolarning suv rejimi o‘zgarishi va qurilish qiymatining yuqoriligi haqida ogohlantirgan.

O‘zbekiston qancha suv tejamoqda?

Avvalroq, 11-noyabr kuni Qonunchilik palatasidagi “Hukumat soati”da Shavkat Hamroyev suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda raqamlashtirish natijasida jami 10,69 mlrd kub metr suvni tejashga erishilganini ma’lum qilgandi.

Eng katta tejamkorlikka suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash va yerlarni lazerli tekislash orqali erishildi — qariyb 5 mlrd kub metr. Sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash, tiklash va betonlash hisobiga yana 3,14 mlrd kub metr suv tejaldi.

2025-yilning avgustida prezident 2025−2028-yillarda suv xo‘jaligini rivojlantirish dasturini tasdiqladi. Unda 2551 km irrigatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, 1,4 mln gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va beton qoplamali kanallar ulushini oshirish ko‘zda tutilgan.

Dasturga ko‘ra, 2028-yilga borib yillik suv tejash hajmi 14 mlrd kub metrga yetishi kerak. Hukumat 2030-yilga kelib bu ko‘rsatkichni 15 mlrd kub metrga yetkazish niyatida.

O‘xshash yangiliklar