Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Parkent tumanida dam olish maskanlari bilan mashhur bo‘lgan Kumushkon qishlog‘ida bo‘ldi va Silver Valley dam olish majmuasi bilan tanishdi.
Davlat rahbari poytaxtdan tumanga sentabrda ishga tushgan elektrlashtirilgan temiryo‘l orqali bordi.
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, qiymati 148,5 mlrd so‘m bo‘lgan majmua 29,5 gektar maydonni egallagan. Bu yerda umumiy sig‘imi 120 o‘rinli shale uslubidagi 12 ta uy, zamonaviy qabul binosi, 300 o‘rinli restoran, umumiy sig‘imi 200 o‘rinli 12 ta o‘tov restoran, 100 o‘ringa ega terrasali kafe hamda to‘rtta spa majmua barpo etilgan.
Majmuada sayr xiyoboni, vorkaut zonalari, ziplayn va tyubing attraksionlari, yozgi kinoteatr hamda 10 ta attraksionga ega ko‘ngilochar maydon tashkil etilgan. Ta’kidlanishicha, majmua to‘liq ishga tushirilgach, kuniga 2700 nafargacha mehmonni qabul qila oladi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatning boshqa tog‘li hududlarida ham bunday obyektlar sonini ko‘paytirish muhimligini ta’kidladi. U bunday loyihalar nafaqat turizmni rivojlantirishga xizmat qilishini, balki yangi ish o‘rinlari yaratishga ham yordam berishini qayd etdi.
“Odamlarning daromadi ko‘payib, ishlari yaxshilangan sari ular dam olish uchun qulay joy izlaydi…Bunday turistik maskanlarni yil sayin ko‘paytirib borsak, nafaqat Toshkentdan, balki respublikamizning barcha hududlaridan odamlar keladi”, — dedi prezident.







