O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi 2026-yil 20-oktabrdagi qarori bilan banklar tomonidan naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish bo‘yicha yangi yo‘riqnomani tasdiqladi. Hujjat 17-noyabr kuni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Yo‘riqnomaga ko‘ra, pul belgilaridagi yozuvlar davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishi kerak.
Markaziy bank 2027-yil 19-fevral normativ hujjatning kuchga kirish sanasi ekani, yangi banknot va tangalar muomalaga chiqariladigan sana emasligi haqida qo‘shimcha tushuntirish berdi.
Markaziy bank yangi pul belgilari chiqarilishi haqida ular muomalaga kiritilishidan kamida bir hafta oldin rasmiy axborot beradi. E’lon bilan birga ularning tavsifi ham joylashtiriladi.
“Eng muhimi, hozir muomalada bo‘lgan barcha banknot va tangalar o‘z qiymatini saqlab qoladi. Kelajakda yangi pul belgilari muomalaga chiqarilgan taqdirda ham amaldagi pullardan do‘konlar, bozorlar va boshqa joylarda avvalgidek bemalol foydalanish mumkin bo‘ladi”, — deya ma’lum qildi Markaziy bank.
Regulyator fuqarolarga mavjud pullarni almashtirish uchun banklarga murojaat qilish shart emasligini alohida ta’kidladi.
Yangi yo‘riqnomada pul belgilarining dizayniga qo‘yiladigan talablar ham belgilangan. Unda O‘zbekistonning milliy, tarixiy va madaniy xususiyatlari inobatga olinishi kerak.
Banknot va tangalarda tarixiy yodgorliklar, buyuk shaxslar, tabiiy obyektlar, mamlakatning yutuqlari hamda milliy madaniyat elementlari aks ettirilishi mumkin.
Pul belgilarining dizayni va namunalari Markaziy bank tomonidan Oliy Majlis Senati Kengashi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Yangi yo‘riqnoma 2018-yildan buyon amalda bo‘lgan banklarda naqd pul muomalasini tashkil etish tartibi o‘rniga joriy etiladi. Hujjat, shuningdek, banklarni naqd pul bilan ta’minlash, unga bo‘lgan ehtiyojni prognozlash, bankomatlarni to‘ldirish hamda banklarning Markaziy bank hududiy boshqarmalari bilan hamkorligini tartibga soladi.
Korxonalar kassalaridagi naqd pul limitini mustaqil belgilashi mumkin
O‘zgarishlardan biri korxonalar kassalarida saqlanishi mumkin bo‘lgan naqd pulning maksimal miqdorini belgilash tartibiga taalluqli.
2018-yildagi amaldagi yo‘riqnomaga ko‘ra, bunday limitlar korxonalar bilan kelishilgan holda, ularning pul aylanmasi bo‘yicha hisob-kitob ma’lumotlari asosida banklar tomonidan belgilanadi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, korxonalar kassalaridagi naqd pul qoldig‘i limitini, jumladan, tarkibiy bo‘linmalar kassalari uchun ham mustaqil belgilashi mumkin. Tegishli qarorni korxona rahbari qabul qiladi va u belgilangan limitga rioya etilishini ta’minlashi kerak.
Korxonalar naqd tushumni banklarga mustaqil ravishda, inkassatsiya xizmati orqali yoki avtomatlashtirilgan depozit mashinalaridan foydalangan holda topshirishi mumkin.
Banklar naqd pulga bo‘lgan ehtiyojni prognoz qiladi
Yangi yo‘riqnomada naqd pul aylanmasini har oy prognoz qilish belgilangan. Banklar mijozlar operatsiyalari, oldingi davr ko‘rsatkichlari va bankomatlarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olgan holda naqd pulning kutilayotgan tushumi va berilishini baholashi kerak bo‘ladi.
Bunday prognozlar Markaziy bankning hududiy boshqarmalariga prognoz qilinayotgan oy boshlanishidan kamida uch bank ish kuni oldin yuborilishi lozim.
Bundan tashqari, banklar kassalardagi naqd pul qoldig‘i, kutilayotgan tushumlar va rejalashtirilgan to‘lovlarni har kuni tahlil qilishi kerak. Mablag‘ yetishmasligi aniqlangan taqdirda, ular naqd pul bilan qo‘shimcha ta’minlash choralarini ko‘rishi shart.
Banklar o‘rtasida naqd pul qayta taqsimlanadi
Tijorat banklari o‘rtasida naqd pulni taqsimlash uchun “Naqd pullarning elektron maydoni” dasturiy majmuasidan foydalanish nazarda tutilgan.
Ortiqcha naqd puli mavjud banklar tizimga tegishli takliflarni joylashtirishi, mablag‘ yetishmayotgan banklar esa ularni olish uchun ariza berishi mumkin.
Kelishuvga erishilganidan so‘ng pullarni tashish inkassatsiya xizmati orqali tashkil etiladi.
Markaziy bankning hududiy bo‘linmalari qondirilmagan arizalarni kuzatib boradi va zarurat tug‘ilganda banklarni o‘z hisob-kitob kassa markazlaridan naqd pul bilan ta’minlaydi.
Birinchi talab bilan naqd pul berish va bepul maydalash
Yo‘riqnomada banklarning fuqarolar va korxonalarga ularning hisobvaraqlaridagi mablag‘lar doirasida hamda qonunchilikda belgilangan tartibda ularning birinchi talabi bo‘yicha naqd pulni uzluksiz berish majburiyati ham belgilangan. Xuddi shunday talab amaldagi qoidalarda ham mavjud.
Banklar muomalada bo‘lgan pul belgilarini ularning nominal qiymati bo‘yicha qabul qilishi shart.
Alohida belgilanishicha, Markaziy bank va tijorat banklari mijozlarning talabi bilan bir nominal qiymatdagi banknot va tangalarni boshqasiga komissiya yoki boshqa to‘lovlarsiz bepul almashtirishi kerak.
Ish haqi, pensiya, stipendiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni naqd shaklda berishda banklar ularni o‘z vaqtida to‘lashni ta’minlashi lozim. Agar belgilangan to‘lov sanasi dam olish yoki bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, naqd pul bir kun oldin berilishi kerak.
Bunda naqd pul berish jadvallarini korxonalar bilan kelishish to‘lovlarni kechiktirish yoki qonunchilikda belgilangan muddatlarni buzish uchun asos bo‘la olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 21-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, Sh, Ch, O‘ va G‘ birikmalari o‘rniga Ş, Ç, Ö va Ğ harflari kiritiladi. Ng harf birikmasi alifbodan mustaqil harf sifatida chiqariladi. Natijada yangilangan alifbo avvalgi 26 ta harf va uchta harf birikmasi o‘rniga 28 ta harf va bitta apostrofdan iborat bo‘ladi. Qonun 2027-yil 22-apreldan kuchga kiradi.
Bunda qonunning 2-moddasida shu sanagacha chiqarilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarda amaldagi alifbo harflarining bo‘lishi ularning amal qilishi va muomalada bo‘lishiga to‘sqinlik qilmasligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri belgilangan. Davlat ramzlari, peshlavhalar va ko‘rsatkichlardan ham ular yaroqsiz holga kelguncha yoki hukumat belgilagan muddatga qadar foydalanishga ruxsat etiladi.
O‘zbekistonda banknotlar dizayni oxirgi marta 2021−2022-yillarda keng ko‘lamda yangilangan. 2021-yilda Markaziy bank nominal qiymati 2000 so‘mdan 100 ming so‘mgacha bo‘lgan yangi namunadagi banknotlarni, 2022-yilda esa 200 ming so‘mlik banknotni muomalaga chiqargan. Ularga lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek tilidagi yozuvlar tushirilgan. Banknotlar dizayni Buyuk ipak yo‘li, tarixiy shaharlar va mamlakatning madaniy merosiga bag‘ishlangan.




