Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning Anadolu Group xoldingiga Samarqand va Xorazm viloyatlarida Migros supermarketlar tarmog‘ini rivojlantirishni boshlashni taklif qildi. Bu haqda u 19-noyabr kuni Biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston-Turkiya oliy darajadagi kengashining birinchi yig‘ilishida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.
Yig‘ilishda Anadolu Group raisi Tunjay O‘zilhan xolding Migros ishtirokidagi yangi loyihalardan manfaatdor ekanini bildirdi.
Davlat rahbari zamonaviy supermarketlarga bo‘lgan yuqori talabni qayd etib, Turkiya tomonini hududlar hokimlari bilan birgalikda aniq takliflar tayyorlashni jadallashtirishga chaqirdi.
“Men sizga Migros supermarketlari bo‘yicha yana bir taklif bildirmoqchiman. Hozir aholimizda supermarketlar tarmog‘ini kengaytirishga talab juda katta… Samarqand va Xorazm viloyatlarida Migros tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha sizga imkon qadar tezroq takliflar taqdim etishsin”, — dedi prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Anadolu Group O‘zbekistonning sinovdan o‘tgan hamkori bo‘lib, u bilan birgalikda yirik loyihalar amalga oshirilgan.
Mirziyoyev birinchi navbatda ikkita hudud uchun yo‘l xaritasini ishlab chiqishni, shundan so‘ng ushbu tajribani boshqa viloyatlarga ham tatbiq etishni taklif qildi.
“Keling, Xorazm va Samarqanddan boshlaylik, qolganlar gaplashsin. Ularning imkoniyatlari juda katta… Bu odamlar rozi bo‘ladigan juda zamonaviy, raqamlashtirilgan savdo tarmoqlaridir”, — deya ta’kidladi u.
Prezident hududlar rahbarlarini muzokaralardan aniq kelishuvlarga o‘tishga chaqirdi. “Ular bilan o‘tiring, hammasini gaplashing va shartnomalarni imzolang”, — deya topshiriq berdi Mirziyoyev.
Xorazm viloyati hokimi Turkiya tomoni vakillari bilan dastlabki muzokaralarni o‘tkazib bo‘lganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hududga ishchi guruh kelishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Nafaqat chakana savdo, balki boshqa sohalardagi loyihalar ham muhokama qilinmoqda.
Samarqand viloyati vakili ham turkiyalik investorlar bilan muzokaralar o‘tkazilganini tasdiqladi. Uning qayd etishicha, avvalroq tomonlar 8 va 12 metrli elektrobuslar yetkazib berish va ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani, shuningdek, qog‘oz zavodini kengaytirish masalasini muhokama qilgan. Prezident topshirig‘idan so‘ng supermarketlar qurilishi bo‘yicha alohida muzokaralar boshlash rejalashtirilmoqda.
Prezident hokimlarni investor uchun sharoit yaratishga chaqirdi
Muhokama davomida Mirziyoyev Migros tarmog‘ini butun respublika bo‘ylab rivojlantirish mumkinligini ta’kidlab, hokimlarga investorlarga mavjud binolarni taqdim etishni taklif qildi.
“Biz butun respublika bo‘ylab Migros tarmog‘ini yaratishimiz mumkin. Hammangizda joylar bor, sharoitlar bor. Lekin bizda tajriba yo‘q. Andijonda ham [bunday tarmoqlar] yo‘q, Buxoroda ham yo‘q. Sizlarda yangi, bo‘sh turgan binolar bor. Ularni [investorlarga] bering, sharoit yarating”, — dedi prezident.
Uning qayd etishicha, O‘zbekistonda zamonaviy tashkil etilgan chakana savdo allaqachon rivojlanmoqda, biroq tovar va xizmatlar sifatini yanada oshirish uchun raqobatni kuchaytirish zarur.
“Nima uchun men bugungi muloqotda ishtirok etyapman? Biz savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida sifat jihatidan yangi darajaga chiqishimiz kerak. Ularda juda katta tajriba bor va ular buni baham ko‘rishga tayyor… Albatta, bizda ham bunday tarmoqlar ko‘paymoqda, lekin raqobat bo‘lishi kerak. Sifat o‘zgaradi, mahsulot o‘zgaradi, odamlar rozi bo‘ladi”, — deya bayonot berdi Mirziyoyev.
Prezident, shuningdek, zamonaviy savdo tarmoqlarini rivojlantirishni tunu kun ishlaydigan savdo ko‘chalarini tashkil etish va xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish bilan bog‘ladi.
Shu bilan birga, binolarni taqdim etishning ehtimoliy shartlari va Migros loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlari hozircha oshkor etilmayapti.
Migros va uning O‘zbekistondagi rejalari haqida nimalar ma’lum?
Migros — Anadolu Group tarkibiga kiruvchi Turkiyaning eng yirik chakana savdo tarmoqlaridan biri. Kompaniya 1954-yilda tashkil etilgan bo‘lib, oziq-ovqat va nooziq-ovqat savdosining turli segmentlarida faoliyat yuritadi.
Moliyaviy hisobotga ko‘ra, 2026-yilning to‘qqiz oyi davomida Migros tushumi 398 mlrd turk lirasini (taxminan $8,1 mlrd) tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan real ko‘rsatkichda 4,1 foizga oshgan. Sof foyda 33,9 foizga qisqarib, 4,81 mlrd liraga (taxminan $98 mln) tushgan. EBITDA (foizlar, soliqlar va amortizatsiya chegirilgunga qadar foyda) ko‘rsatkichi esa 4,6 foizga pasayib, 23,49 mlrd lirani (taxminan $478 mln) tashkil etgan.
Ushbu davrda kompaniyaning investitsiyalari 8,61 mlrd liraga (taxminan $175 mln) yetgan. Sentabr oyi oxiriga kelib Migros’da 62,9 mingga yaqin kishi mehnat qilgan. Kompaniyaning o‘z bahosiga ko‘ra, uning Turkiya kundalik ehtiyoj tovarlari (FMCG) bozoridagi ulushi 9,8 foizni, zamonaviy tashkil etilgan chakana savdo segmentidagi ulushi esa 15,8 foizni tashkil etgan.
2026-yil 30-sentabr holatiga ko‘ra, tarmoq umumiy maydoni 2,1 mln kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan 3827 ta savdo obyektini o‘z ichiga oladi. Ulardan 3804 tasi chakana savdoga, yana 23 tasi esa ulgurji savdoga to‘g‘ri kelgan.
Kompaniya bir nechta savdo formatlarini rivojlantirmoqda: uy oldidagi kichik do‘konlar — Migros Jet, supermarketlar — Migros (M, MM va MMM), gipermarketlar — 5M Migros, premium supermarketlar — Macrocenter va Macrocenter Kiosk do‘konlari. Bundan tashqari, Migros Toptan ulgurji do‘konlari, Mion shaxsiy gigiyena vositalari tarmog‘i va Petimo zoomagazinlari faoliyat yuritmoqda.
Migros, shuningdek, onlayn-savdo va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish xizmatini ham rivojlantirmoqda. 2026-yilning to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra, onlayn kanallar ulushi tamaki va alkogol mahsulotlarini hisobga olmaganda kompaniya savdosining 22,6 foiziga yetgan.
Hozirgi vaqtda Migros chakana savdo tarmog‘i Turkiyada faoliyat yuritib, mamlakatning barcha 81 ta viloyatini qamrab olgan. Avvalroq kompaniya xorijda — Qozog‘iston va Shimoliy Makedoniyada Ramstore brendi ostida faoliyat olib borgan.
Biroq 2020-yilda Migros Qozog‘istonda chakana savdo faoliyatini to‘xtatgan, 2024-yilda esa u yerda qolgan savdo markazini ham sotgan. Shimoliy Makedoniyadagi Ramstore biznesi 2021-yilda sotilgan. 2026-yilgi hisobotda xorijdagi amaldagi chakana savdo tarmoqlari ko‘rsatilmagan.
O‘zbekiston oziq-ovqat chakana bozori
O‘zbekistonning tashkil etilgan oziq-ovqat chakana savdosi bozorida yirik mahalliy tarmoqlar ham, xorijiy riteylerlar ham faoliyat yuritmoqda. Mashhur ishtirokchilar orasida Korzinka, Havas, Olma, Makro, Baraka Market va Assorti bor. Ular turli savdo formatlarini, jumladan supermarketlar, diskaunterlar, uy oldidagi do‘konlar va onlayn yetkazib berish xizmatlarini rivojlantirmoqda.
INFOLine agentligining 2026-yil may oyida taqdim etilgan tadqiqotiga ko‘ra, mamlakatning 50 ta eng yirik oziq-ovqat savdo tarmog‘i taxminan 1300 ta do‘konni boshqargan. O‘zbekistonda jami, kichik va tarmoqqa kirmaydigan savdo nuqtalarini ham qo‘shib hisoblaganda, 15 mingga yaqin oziq-ovqat do‘koni mavjud bo‘lgan.
Bozorning eng yirik ishtirokchilaridan biri tadbirkor Zafar Hoshimov tomonidan 1996-yilda asos solingan Korzinka hisoblanadi. Kompaniya supermarketlar, uy oldidagi Korzinka Mahalla do‘konlari, Korzinka Biznes ulgurji formati va Korzinka Go onlayn yetkazib berish xizmatini rivojlantirmoqda. INFOLine ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyun oyiga kelib tarmoq ikki yil ichida savdo obyektlari sonini 139 tadan 263 tagacha oshirgan.
Yana bir yirik ishtirokchi — asosan diskaunter formatida faoliyat yurituvchi Havas. 2026-yil mart oyida kompaniya 340 ga yaqin do‘koni mavjudligini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, Xalq Retail’ga tegishli bo‘lgan uy oldidagi Olma do‘konlar tarmog‘i ham faol rivojlanmoqda. Supermarketlar segmentida esa Makro faoliyat ko‘rsatmoqda.
Anadolu Group O‘zbekistonda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda. Xolding so‘nggi to‘rt yil ichida mamlakat iqtisodiyotiga taxminan $640 mln sarmoya kiritgan. Xususan, respublikada Coca-Cola İçecek'ning beshta zavodi faoliyat yuritmoqda, sho‘’ba korxonasi Anadolu Isuzu esa Samarqand avtomobil zavodi — SamAuto aksiyalarining nazorat paketini sotib olgan.





