O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Hindiston sohillari yaqinida dunyoning eng yirik aviatashuvchi kemalaridan biri — Amerikaning USS George Washington aviatashuvchisiga tashrif buyurdi. Bu haqda u 22-noyabr kuni o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi. Uning kemada tushgan suratlari 20-noyabr kuni aviatashuvchining Instagram sahifasida paydo bo‘lgan edi.
Kema bortida Saida Mirziyoyevani AQShning Hindistondagi elchisi va AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor kutib oldi. Saida Mirziyoyeva va Serjio Gor Amerika — O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining hamraislari hisoblanadi.
“Bu ulkan kema tuzilishi, noyob texnologiyalari bilan tanishish va ekipaj a’zolarining faoliyatini kuzatish o‘zgacha taassurot qoldirdi”, — deya ma’lum qildi O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari.
Mehmonlarga, jumladan, boshqa davlatlar vakillariga atom aviatashuvchisi va AQSh harbiy-havo kuchlarining imkoniyatlari namoyish etildi.
AQShning birinchi prezidenti sharafiga nomlangan ushbu kema 1990-yil 21-iyulda suvga tushirilgan. Kemaning uzunligi 333 metr, eni esa 76,8 metrni tashkil etadi. Palubaning umumiy maydoni — 18 ming kvadrat metr. Aviatashuvchida taxminan 90 ta samolyot va vertolyot joylashgan.












