Ogayo shtatidagi Sinsinnati hayvonot bog‘ida to‘qqiz yoshli urg‘ochi begemot va butun dunyo bo‘ylab minglab muxlislarga ega ijtimoiy tarmoqlar yulduzi Fiona o‘ldi. Bu haqda hayvonot bog‘i xabar berdi.
Hayvonot bog‘i vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bir haftadan ko‘proq vaqt oldin Fiona tashrif buyuruvchilardan birining volerga tasodifan tushib ketgan to‘qima shapkasini yutib yuborgan.
Dastlab Fiona o‘zini odatdagidek yaxshi his qilgan, biroq bir necha kundan so‘ng uning ishtahasi pasaya boshlagan. Hayvonot bog‘i xodimlari shapka ovqat hazm qilish tizimidan o‘tib ketishiga yordam berish uchun begemotni ovqatlantirishga uringan.
Hayvonot bog‘i hatto mahalliy ot fermasidan vibroplatformani ijaraga olgan — tebranish yot jismni ovqat hazm qilish trakti bo‘ylab oldinga siljitishga yordam beradi degan umidda Fionani uning ustiga chiqishga rag‘batlantirishgan. Fiona UTT qilingan va kolonoskopiya tekshiruvidan o‘tkazilgan, biroq bu hech qanday natija bermagan.
“Veterinariya xodimlari unga yordam berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soldi, ammo begemot organizmidan shapkani chiqarib olishga qaratilgan ko‘plab urinishlarga qaramay, buning uddasidan chiqib bo‘lmadi”, — deya ma’lum qildi hayvonot bog‘i ma’muriyati.
Veterinar shifokorlarning tushuntirishicha, shapka Fiona organizmining aynan qayerida turganini aniqlash nihoyatda qiyin bo‘lgan, operatsiya o‘tkazish esa imkonsiz edi — xususan, begemotlarni narkoz holatiga tushirish qiyinligi, shuningdek, ularning ovqat hazm qilish tizimi o‘ziga xos tuzilishga ega ekani bunga to‘sqinlik qilgan. Sababi ularda ko‘p kamerali oshqozon mavjud.
“Hozir biz karaxt ahvoldamiz. Bunday yakunni kutmagandik. U kuchi qolguncha kurashdi”, — dedi Sinsinnati hayvonot bog‘i direktori Deyv Jenike. 2027-yil boshida Fiona 10 yoshga to‘lishi kerak edi. U 2017-yil fevralida muddatidan oldin, rekord darajadagi past vazn — atigi 13 kilogramm atrofida tug‘ilgandi, odatda begemot bolalari tug‘ilganda taxminan 45 kilogramm tosh bosadi.


Bir necha oy davomida begemot bolasi tunu kun kuzatuv ostidagi maxsus volerda saqlangan va uni “Fiona jamoasi” (Team Fiona) deb nomlangan guruhga birlashgan hayvonot bog‘i xodimlari parvarishlab oyoqqa turg‘izgan. Aynan ular Fionaga yurish va suzishni o‘rgatgan hamda uning yutuqlari haqida hikoya qiluvchi blog yuritgan.
Begemot tug‘ilganidan so‘ng hayvonot bog‘i aksiya boshlab, Fiona surati tushirilgan esdalik sovg‘alarini sotuvga chiqargan va tushgan mablag‘ni uni qo‘llab-quvvatlashga sarflagan. Tez orada “Fiona jamoasi” guruhining nomi brendga aylangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda har kuni yangiliklar e’lon qilib borilgan, #TeamFiona heshtegi ostida minglab odamlar begemotni kuzatib borgan va uning butun boshli muxlislar armiyasi shakllangan. Fiona butun dunyodan Sinsinnati hayvonot bog‘iga tashrif buyuruvchilarni jalb qilib kelgan.







