Tojikiston BMTni Xalqaro jinoyat sudidan (XJS) chiqishi haqida rasman xabardor qildi. Bu haqda Rim statuti depozitariysi sifatida ish yurituvchi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning xabarida ma’lum qilindi.
Tojikistonning murojaati 2026-yil 20-noyabrda kelib tushgan. Rim statutining 127-moddasiga muvofiq, chiqish to‘g‘risidagi qaror xabarnoma olinganidan bir yil o‘tgach — 2027-yil 20-noyabrda kuchga kiradi.
Tojikiston Rim statutini 1998-yil 30-noyabrda imzolagan va 2000-yil 5-mayda ratifikatsiya qilgan. 2026-yil sentabr oyida mamlakat parlamenti XJSdan chiqish masalasini muhokama qildi, oktabr oyida esa quyi palata Rim statutining amal qilishini to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorni ma’qulladi.
Avvalroq Tojikiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Idibek Qalandar mamlakatning XJSdan chiqish qarorini Xalqaro jinoyat sudi faoliyatining “tobora siyosiylashib borayotgani” bilan tushuntirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday o‘zgarishlar “xalqaro jinoiy odil sudlovni asta-sekin siyosiy bosim vositasiga aylantirmoqda”. “Bunday tanlab yondashuv va tarafkashlik Xalqaro jinoyat sudining mustaqil organ sifatidagi maqomiga putur yetkazadi”, — deya bayonot bergan u.
2025-yilda Yevropa tashqi aloqalar xizmati (EEAS) Tojikiston Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Dushanbega tashrifi chog‘ida uni hibsga olish orderini ijro etish bo‘yicha Statut oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarmaganini ma’lum qilgandi.
XJS 2023-yil mart oyida ukrainalik bolalarni noqonuniy deportatsiya qilish ko‘rinishidagi harbiy jinoyatni sodir etganlikda ayblab, Vladimir Putin va RF bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olish uchun order bergan.
2026-yil 19-noyabr kuni AQSh, Xitoy va Rossiya yetakchilari Shenchjenda bo‘lib o‘tgan uch tomonlama uchrashuv yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlarining daxlsizligiga rioya qilish zarurligini bildirdi hamda XJS va boshqa shunga o‘xshash tuzilmalarni “vakolatlarini suiiste’mol qilmaslikka” chaqirdi.
Gaagada joylashgan Xalqaro jinoyat sudi 1998-yilda imzolangan Rim statuti asosida ta’sis etilgan. U harbiy jinoyatlar, genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanayotgan jismoniy shaxslarni sud qilish vakolatiga ega yagona suddir.
Sudning o‘z politsiyasi yo‘q, shu sababli u o‘z yurisdiksiyasini tan oluvchi davlatlarning yordamiga tayanadi. XJS ishlarni sirtdan ko‘rib chiqmaydi — ayblanuvchi sud binosida jismonan hozir bo‘lishi shart. 2024-yil holatiga ko‘ra, Rim statutini 124 ta davlat, jumladan, Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlari imzolagan. AQSh, Xitoy va Rossiya XJS a’zolari emas.




