23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

“Turonbank” bank rahbari qo‘lga olingani haqidagi xabarlarga izoh berdi

Siyosat 23.11.2026 17:56 0Gazeta
“Turonbank” bank rahbari qo‘lga olingani haqidagi xabarlarga izoh berdi

“Turonbank” tijorat banki 22-noyabr kuni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yirik miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirishda gumonlanayotgan boshqaruv raisi Chori Mirzayevning qo‘lga olingani aytilgan xabarlar fonida bayonot e’lon qildi.

Bayonotda bank jamoasi mijozlar, omonatchilar va hamkorlarga ko‘p yillik ishonch uchun minnatdorlik bildirib, moliya muassasasi odatdagi tartibda ishlashda davom etayotganini ta’kidladi.

“So‘nggi kunlarda bank boshqaruvi raisi bilan bog‘liq tarqalayotgan xabarlar jamoatchilikda muayyan savollar tug‘dirishini mumkinligini tushunamiz”, — deyiladi unda.

Bank yuzaga kelgan vaziyat mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayoniga ta’sir qilmaganiga ishontirdi:

“Shu munosabat bilan ma’lum qilamizki, bank o‘z faoliyatini belgilangan tartibda davom ettirmoqda. Bank xizmatlari markazlari, ofislar va raqamli platformalar orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatish davom etmoqda. Bankning omonatchilar, mijozlar, investorlar va hamkorlar oldidagi majburiyatlari o‘z kuchida qoladi”.

Bayonotda, shuningdek, bank faoliyati korporativ boshqaruv tamoyillari, ichki nazorat talablari va amaldagi qonunchilikka muvofiq tashkil etilgani qayd etilgan.

“Bank jamoasi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni mas’uliyat bilan bajarishda, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishda va mijozlar manfaatlari himoyasini ta’minlashda davom etmoqda”, — deyiladi munosabatda.

Bank mijozlar bilan ochiq muloqotni qo‘llab-quvvatlashga va kelib tushayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqishga va’da berdi.

Shu bilan birga, bayonotda Chori Mirzayevning qo‘lga olingani haqidagi ma’lumot tasdiqlanmagan ham, rad etilmagan ham. Shuningdek, hozirgi vaqtda boshqaruv raisi vazifasini kim bajarayotganiga ham aniqlik kiritilmagan.

Kuzatuv kengashi vaziyatni o‘rganmoqda

O‘sha kuni “Turonbank” kuzatuv kengashi ham alohida bayonot e’lon qildi.

“Yaqinda yangi tarkibda shakllantirilgan kuzatuv kengashi yuzaga kelgan vaziyatni faol o‘rganib, uning bank faoliyatiga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’sirini doimiy ravishda baholab bormoqda. Kengash o‘z vakolatlari doirasida bank boshqaruvining uzluksizligini ta’minlash, mijozlar, omonatchilar va ishbilarmon hamkorlar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmoqda”, — deyiladi unda.

Kengash, shuningdek, bank xizmatlarini ko‘rsatish hamda mijozlar va hamkorlar oldidagi majburiyatlarni bajarish uzilishlarsiz amalga oshirilayotganiga ishontirdi.

Asosiy ustuvor yo‘nalishlar sifatida moliyaviy barqarorlikni, boshqaruv uzluksizligini ta’minlash va risklarni samarali boshqarish qayd etilgan.

“Vaziyat xolisona baholanmoqda, shuningdek, kuzatuv kengashi o‘z vakolatlari doirasida vakolatli organlar bilan hamkorlik qilmoqda”, — deyiladi murojaatda.

Bank mijozlar va jamoatchilik uchun ahamiyatga ega bo‘lgan ehtimoliy muhim qarorlar haqida rasmiy kanallar orqali xabar berib borishga va’da berdi.

Chori Mirzayevning qo‘lga olinishi haqida nimalar ma’lum?

20-noyabr kuni Kun.uz nashri o‘z manbasiga tayanib, “Turonbank” boshqaruvi raisi Chori Mirzayev qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, u Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan yirik miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirishda gumonlanib qo‘lga olingan. Gazeta Bosh prokuraturaga so‘rov yubordi.

Taxmin qilinayotgan jinoyatning boshqa tafsilotlari, jumladan, pul mablag‘lari miqdori va ish holatlari keltirilmagan.

Material e’lon qilingan vaqtda Bosh prokuratura yoki Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Mirzayev qo‘lga olinganini tasdiqlovchi rasmiy xabarini topishning imkoni bo‘lmadi. Shuningdek, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani yoki yo‘qligi, qaysi modda bilan o‘tayotgani va ehtiyot chorasi tanlangan-tanlanmagani ham noma’lum.

Chori Mirzayev 2016-yil 23-sentabrdan buyon “Turonbank” boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi. Shu bilan birga, bank saytida u hamon boshqaruv raisi sifatida ko‘rsatilgan.

U 1971-yilda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug‘ilgan.

Bank haqida

“Turonbank” 1990-yil 6-noyabrda tashkil etilgan. U O‘zbekistonning davlat ishtirokidagi banklaridan biri hisoblanadi.

Markaziy bankning 2026-yil 1-oktabrdagi ma’lumotlariga asosan, “Turonbank”ning asosiy ko‘rsatkichlari quyidagilarni tashkil etgan:

  • Aktivlar — 22,53 trln so‘m;
  • Kredit portfeli — 15,12 trln so‘m;
  • Depozitlar — 8,97 trln so‘m;
  • Kapital — 2,73 trln so‘m.

Aktivlar hajmi bo‘yicha bank mamlakatdagi 35 ta tijorat banki orasida 14-o‘rinni egallagan.

2026-yil 1-avgust holatiga ko‘ra aksiyadorlik kapitali tarkibiga muvofiq, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga aksiyalarning 86,71 foizi, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga 12,46 foizi, qolgan aksiyadorlarga esa 0,83 foizi tegishli bo‘lgan.

2026-yil avgust oyida “Turonbank” davlat aktivlarini xususiylashtirishning yangi dasturiga kiritilgan edi.

Prezidentning 2026-yil 28-avgustdagi farmoni bilan bankning 98,9 foizlik davlat aksiyalari paketini xususiylashtirish ko‘zda tutilgan. Hujjatga muvofiq, xususiylashtirish jarayoni Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan xalqaro konsultantlar xulosalari hamda bankning sotuvga tayyorlik darajasini inobatga olgan holda amalga oshirilishi kerak.

Shu tariqa, boshqaruv raisining qo‘lga olingani haqidagi xabarlar davlat banklaridan birini xususiylashtirishga tayyorlash jarayoni fonida paydo bo‘ldi.

O‘xshash yangiliklar