Umid Mahmudovich Mamadaminov O‘zbekiston Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqdagi qarorni prezident Shavkat Mirziyoyev imzoladi, deya xabar berdi Energetika vazirligi.
2026-yilning iyun oyidan buyon Umid Mamadaminov energetika vazirining birinchi o‘rinbosari, undan avval — 2023-yil avgust oyidan esa vazir o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
U 1983-yilda Samarqand viloyatining Jomboy tumanida tug‘ilgan. 2006-yilda Toshkent davlat texnika universitetini (bakalavriat), 2015-yilda Oregon texnologiya institutini (AQSh) tamomlagan.
Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi 2023-yil sentabr oyida tashkil etilgan energetika bozori regulyatori hisoblanadi. Uning vazifalari qatoriga elektr energiyasining ulgurji va chakana bozorlarini bosqichma-bosqich yaratish, elektr energiyasini uzatish va taqsimlash uchun tariflar hamda to‘lovlar miqdorini tasdiqlash va boshqalar kiradi.
2024-yildan buyon agentlik direktori lavozimida Sherzod Xodjayev ishlab kelayotgan edi. Iyul oyida u energetika vaziri etib tayinlangan.




