23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

“Yo‘qotishlar 20 foizga yetadi”. Prezident O‘zbekiston elektr tarmoqlari holatini tanqid qildi

Iqtisod 23.11.2026 15:51 0Gazeta
“Yo‘qotishlar 20 foizga yetadi”. Prezident O‘zbekiston elektr tarmoqlari holatini tanqid qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev elektr energiyasidagi yo‘qotishlar darajasi yuqoriligi va eskirgan taqsimlash tarmoqlar holatini tanqid qildi. Bu haqda u 19-noyabr kuni O‘zbekiston-Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashning birinchi yig‘ilishida aytdi, deb xabar bermoqda Gazeta muxbiri.

Masala Turkiyaning EKSIM Holding kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Ebubekir Tivniklining so‘zlaridan so‘ng muhokama qilindi. U Buxoro viloyati elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ularni xususiy boshqaruvga berishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Mirziyoyev so‘nggi yillarda O‘zbekiston elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini sezilarli darajada oshirganini, biroq taqsimlash tarmoqlari “hali-hamon SSSR davridan qolgan"ini ta’kidladi.

“Biz quyosh va shamol [elektr stansiyalarini] quryapmiz, gidroenergetikani rivojlantiryapmiz, biroq yo‘qotishlar 20 foizni tashkil qilmoqda. Ayrim joylarda, ehtimol, undan ham ko‘p”, — dedi prezident.

U elektr tarmoqlarini, birinchi navbatda, iste’molchilarni elektr energiyasi bilan bevosita ta’minlaydigan taqsimlash infratuzilmani modernizatsiya qilish zarurligini ta’kidladi.

Turkiyaning EKSIM Holding kompaniyasi bilan muzokaralar

EKSIM Holding direktorlar kengashi raisi Ebubekir Tivnikli kompaniya vakillari ikki hafta davomida O‘zbekiston vazirliklari va hududiy hokimliklar bilan muzokaralar olib borganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xolding mutaxassislari Buxoro viloyatiga borib, taqsimlash elektr tarmoqlarining holatini batafsil o‘rgangan.

“Safarimiz davomida Buxoroga borib, elektr energiyasini taqsimlash infratuzilmasini batafsil o‘rgandik. Ushbu sohada muhim ijobiy o‘zgarishlar qila olishimizga ishonamiz va ma’qul topilsa, Buxorodagi elektr taqsimoti boshqaruvini o‘z zimmamizga olishga tayyormiz”, — dedi Tivnikli.

Mirziyoyev xolding vakillari bilan avvalroq Anqaraga tashrifi chog‘ida investitsiya loyihalarini muhokama qilganini aytdi. Shundan so‘ng u tegishli idoralarga keyingi ishlarni tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Buxoro viloyati elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish strategik ahamiyatga ega. U hudud rahbariyati va mas’ul idoralarga avvalroq alohida topshiriqlar berganini ham ma’lum qildi.

“EKSIM elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha juda katta tajribaga ega. Shuning uchun bu masala bilan yanada chuqurroq shug‘ullanish kerak. Buni bugun emas, kecha qilish kerak edi”, — dedi u.

Davlat rahbari boshqa viloyatlar hokimlarini ham kompaniya bilan hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish va umumiy muhokamalar bilan cheklanmasdan, aniq takliflar tayyorlashga chaqirdi.

Muhokama davomida O‘zbekiston tomoni vakillari Turkiya xoldingining ishchi guruhiga Samarqand viloyati elektr tarmoqlari haqida ma’lumotlar, shuningdek, Jizzax va Navoiy viloyatlaridagi loyihalarga oid materiallar taqdim etilganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Xorazm viloyati va geologiya sohasidagi hamkorlik istiqbollari, jumladan, xoldingning Qizilturuk oltin konini (Zarafshon-Hisor tog‘larida, Urgut shahridan 35 km va Samarqanddan 50 km masofada joylashgan) o‘zlashtirishda ishtirok etishi ehtimoli ko‘rib chiqildi.

“Ularning tajribasi bizga juda zarur… Ular natijasiz ketib qolmasligi kerak… Bu sohada kamchiliklarimiz juda ko‘p, [energetika vaziri Sherzod] Xodjayev”, — dedi davlat rahbari.

Prezident EKSIM Holding uchun Toshkentda doimiy vakolatxona ochishga joy ajratish va uning rahbarini hafta oxiriga qadar tayinlashni ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi. 2026-yil oxiriga qadar mas’ullarga energetika va geologiya sohalaridagi investitsiya loyihalari bo‘yicha aniq takliflar tayyorlash vazifasi yuklatildi.

“Bu bizga hozir havodek zarur”, — deya ta’kidladi Mirziyoyev va eskirgan infratuzilmani yangilash zarurligiga yana bir bor e’tibor qaratdi.

EKSIM Holding haqida nimalar ma’lum?

Ebubekir Tivnikli va Shavkat Mirziyoyev, 2026-yil 30-oktabr, Anqara. Foto: Prezident matbuot xizmatiEbubekir Tivnikli va Shavkat Mirziyoyev, 2026-yil 30-oktabr, Anqara. Foto: Prezident matbuot xizmati

EKSIM Holding — energetika, oziq-ovqat sanoati va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi Turkiya kompaniyalar guruhi. Xolding Dicle Elektrik sho‘'ba kompaniyasi orqali 2013-yildan beri Turkiyaning oltita viloyati — Diyarbakir, Shanliurfa, Mardin, Batman, Siirt va Shirnakda elektr energiyasini taqsimlashni boshqaradi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, u aholisi 6,5 mln kishi bo‘lgan hududda qariyb 2,5 mln abonentga xizmat ko‘rsatadi.

14-noyabr kuni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov EKSIM Holding tarkibiga kiruvchi Dicle Group vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Buxoro viloyati taqsimlash elektr tarmoqlariga investitsiyalar jalb qilish, ularni modernizatsiyalash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xususiy boshqaruvga berish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Salohiyatli loyihaning asosiy maqsadlari elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish, eskirgan infratuzilmani yangilash va iste’molchilarga elektr energiyasini barqaror yetkazib berishni ta’minlashdan iborat.

Ayni paytda Buxoro viloyati elektr tarmoqlarini Turkiya kompaniyasiga davlat-xususiy sheriklik asosida berish yoki ularni boshqarish bo‘yicha kelishuv tuzilgani haqida ma’lum qilinmagan.

O‘zbekistonda elektr energiyasi yo‘qotishlari

Elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlarning yuqoriligi avval ham prezident tanqidiga sabab bo‘lgan.

27-iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston tarmoqlaridagi elektr energiyasi yo‘qotishlari 17,2 foizni tashkil etayotgani ma’lum qilingan. 2026-yilning birinchi yarmida ularning hajmi 4,8 mlrd kVt/соатга yetgan.

Iyun-iyul oylarida elektr tarmoqlarida qariyb 4000 ta avariya sodir bo‘lgan. Natijada ayrim hududlarda aholi va tadbirkorlar 8−10 soatgacha elektr energiyasiz qolgan. O‘shanda prezident: “Ochiq aytish kerak. Energetikada muammo mablag‘da emas, chunki qancha kerak bo‘lsa, topib beryapmiz. Muammo tizimning boshqaruvida”, — degan edi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha energetika vaziri va “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi rahbari lavozimidan ozod qilingandi. Sohaning yangi rahbariyatiga yo‘qotishlarni kamaytirish, avariyalar sonini qisqartirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha aniq dasturlar ishlab chiqish topshirildi.

Bundan avval, aprel oyida davlat rahbari elektr energiyasi yo‘qotishlari 20 foizdan yuqori bo‘lgan 44 ta tumanga ham e’tibor qaratgan. Tegishli tuman elektr tarmoqlari rahbarlari ishdan bo‘shatilib, yangi rahbarlarga yo‘qotishlarni kamida ikki baravar qisqartirish vazifasi qo‘yilgan.

2026-yil iyun oyida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi 274 ming km elektr tarmoqlarining 44,5 foizi va qariyb 93 mingta transformatorning 35,5 foizi modernizatsiyaga muhtoj. Uskunalarning katta qismi 40 yildan ortiq vaqtdan beri ishlatib kelinmoqda.

Ayrim tarmoqlarda yo‘qotishlar 15−20 foizga yetadi. Ularning yillik hajmi taxminan 6 mlrd kVt/soatni tashkil qiladi.

Shu bilan birga, ko‘rsatkichlar tarmoq darajasi va hisoblash usuliga qarab farq qilishi mumkin. Jahon banki bahosiga ko‘ra, O‘zbekistonning aynan taqsimlash tarmoqlarida texnik yo‘qotishlar 2024-yilda qariyb 13 foizni tashkil etgan. Taqsimlovchi infratuzilma obyektlarining yarmidan ko‘pi 30 yildan ortiq vaqtdan beri ishlatilmoqda.

2025-yil may oyida Jahon banki taqsimlash tarmoqlarni modernizatsiya qilish uchun 100 mln dollarlik imtiyozli kredit ajratishni ma’qullagan. Yana 50 mln dollar “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyasi mablag‘lari hisobidan yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Dastur doirasida 6000 km past kuchlanishli tarmoqlarni qurish va yangilash, 1200 ta transformatorni almashtirish va o‘rnatish hamda 150 mingta aqlli hisoblagichni ulash rejalashtirilgan.

Elektr tarmoqlarini xususiy operatorlarga berish

O‘zbekiston taqsimlash elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqarishga xorijiy investorlarni jalb qilishni boshlagan.

2025-yil noyabr oyida Turkiyaning Aksa Elektrik kompaniyasi Samarqand viloyati elektr tarmoqlarini boshqarish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘ldi. Kompaniya O‘zbekistonda AKSA Samarqand Electricity Distribution korxonasini tashkil qildi. Investor infratuzilmani yangilashi va elektr energiyasi yo‘qotishlarini bosqichma-bosqich ikki baravar qisqartirishi kerak. Bu yiliga qariyb 20 mln dollar tejash imkonini beradi.

2026-yil 14-avgustda prezident PQ-295-son qarorni imzolab, davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyiha parametrlarini tasdiqladi. Davlat-xususiy sheriklik va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bitimlar 2026-yil 29-yanvarda imzolangan. Loyiha dastlabki 12 yil davomida 357 mln dollar investitsiya jalb qilishni nazarda tutadi.

Xususiy sherik Samarqand viloyati taqsimlash tarmoqlarini boshqarish, ekspluatatsiya qilish, modernizatsiyalash va kengaytirish uchun mas’ul bo‘ladi. Infratuzilmaga mulk huquqi esa davlatda qoladi.

Qarorga ko‘ra, texnik audit yillik yo‘qotishlar 20−25 foiz ekanini ko‘rsatsa, xususiy operator ularni har yili 1,4 foiz punktga qisqartirishi kerak. Dastlabki yo‘qotishlar 15−20 foizni tashkil etsa, har yili 0,6 foiz punktga kamaytirish belgilangan.

2026-yil yanvar oyida prezident xususiy operatorlarni jalb qilish amaliyotini Andijon, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahriga ham tatbiq etish rejalarini ko‘rib chiqqan. Aksa Elektrik Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari elektr tarmoqlarini boshqarishni ham o‘z zimmasiga olishni rejalashtirmoqda.

O‘xshash yangiliklar