23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

“Alifbo islohoti raqamli muhitda muammo tug‘dirmasligi kerak”: o‘zbekistonliklar — hukumat qarori loyihasi haqida

Iqtisod 23.11.2026 17:34 0Spot
“Alifbo islohoti raqamli muhitda muammo tug‘dirmasligi kerak”: o‘zbekistonliklar — hukumat qarori loyihasi haqida

O‘tgan hafta Adliya vazirligi o‘zbek alifbosiga kiritilgan o‘zgarishlarni barcha sohalarda joriy etish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Hujjatda yangi alifboga o‘tish, rasmiy hujjatlarni rasmiylashtirish va eski namunadagi blankalardan foydalanish tartibi belgilangan.

2026-yil 21-oktabrda qabul qilingan qonun (O‘RQ-1184-son) bilan o‘zbek alifbosidagi to‘rtta harf shakli o‘zgartirilgan: O‘ o‘ — Ö ö, G‘ g‘ — Ğ ğ, Sh sh — Ş ş, Ch ch — Ç ç. Takomillashtirilgan alifbo 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan iborat. Qonun 2027-yil 22-apreldan kuchga kiradi.

Loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi davom etmoqda. NHHLM portalida muhokamalar 6-dekabrga qadar davom etadi. Hozirga qadar loyiha yuzasidan 30 dan ortiq fikr-mulohaza, 21 dan ortiq matnga takliflar qoldirilgan.

Izohlovchilar nima deb yozmoqda?

Alifbo islohotiga oid muhokamalarda turli qarashlar bildirilmoqda. Izohlarda taklif etilayotgan o‘zgarishlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek, ularning aholi kundalik hayotiga ta’siri va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar muhokama qilinmoqda.

Izohlarda alifboni almashtirish jarayoni aholi uchun muayyan qiyinchiliklar tug‘dirishi va davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘ talab etishi mumkinligi qayd etilmoqda.

Ayrim muhokama ishtirokchilari ushbu mablag‘larni ta’lim sohasini rivojlantirish, xususan, o‘qituvchilar maoshini oshirishga yo‘naltirish taklifini ilgari surmoqda. “Davlatimizda qilinishi kerak bo‘lgan shuncha ish turganda, alifboni almashtirish mantiqsiz. Jahon standartlariga mos alifbomiz bor-ku”, — deydi izohlardan birida.

Bir izoh muallifi masalaning texnik jihatlariga ham batafsil to‘xtalgan. U, jumladan, “Alifbo islohoti raqamli muhitda yangi muammolar yaratmasligi, aksincha, mavjud yozuv tizimining barqarorligi va qulayligini ta’minlashi lozim”, deya ta’kidlagan. Uning yozishicha, sh va ch harf birikmalari minglab domen nomlari, elektron pochta manzillari, veb-saytlar, foydalanuvchi nomlari hamda turli axborot tizimlarida keng qo‘llanadi.

Yangi harflarni domen va elektron pochta manzillarida qo‘llash zarurati tug‘ilganda, ularni baribir amaldagi s yoki c, yoxud sh va ch shakllarida ifodalashga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bu esa rasmiy imlo bilan internet manzillaridagi yozuvlar o‘rtasida tafovut yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Izohlar orasida yangi harflarni qo‘llab-quvvatlovchilar ham bor. Ulardan biri yangi alifboga o‘tish zarurligini, bu jarayon majburiy bo‘lishi va Android hamda iOS operatsion tizimlaridagi QWERTY klaviaturalariga ham imkon qadar tezroq joriy etilishi kerakligini yozadi.

Muallifning ta’kidlashicha, amaldagi alifboda ch, sh va o‘ harflarini yozish uchun klaviaturada ikkita belgini ketma-ket bosishga to‘g‘ri keladi. “[Alifboni] o‘zgartiriladigan bo‘lsa, hozir o‘zgartirgan ma’qul, keyin yana o‘rgatmaslik uchun”, — deya fikr bildirgan izoh muallifi.

O‘xshash yangiliklar