Avvalroq Spot Adliya vazirligi o‘zbek alifbosiga kiritilgan o‘zgarishlarni sohalarda qo‘llash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygani haqida yozgan edi.
Chora-tadbirlar dasturida bank-moliya, soliq va bojxona tizimlarining dasturiy ta’minoti, mobil ilovalari, bankomatlari va terminallari interfeyslarini takomillashtirilgan o‘zbek alifbosi hamda imlo qoidalariga moslashtirish belgilangan. Elektron hisobotlar, rasmiy blankalar, bildirishnomalar va normativ-huquqiy hujjatlar ham yangi alifboga o‘tkaziladi. Bu ishlar qonun kuchga kirgunga qadar amalga oshirilishi kerak.
Shuningdek, davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining peshlavha hamda axborot yozuvlari yangi alifboga moslashtiriladi. Buning uchun 2026-yil noyabr oyida reja-jadval ishlab chiqish, qonun kuchga kirganidan boshlab esa yozuvlarni yangi alifbo va imlo qoidalari asosida tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlaridagi o‘zgargan harflar qatnashgan yozuvlar ham yangi alifboda yangilanadi. Bu ishlar 2027-yildan boshlab reja asosida amalga oshirilishi taklif etilmoqda.
Transport va yo‘l xo‘jaligi infratuzilmasida ham o‘zgarishlar bo‘ladi. Jumladan, aeroport, vokzal va boshqa jamoat joylaridagi yozuvlar, avtobus, metro, temir yo‘l va boshqa transport vositalaridagi yo‘nalish, bekat hamda xizmat axborotlari yangi alifboga moslashtiriladi. Yo‘l belgilaridagi yozuvlar, ko‘rsatkichlar va manzil axborotlari ham yangilanadi.
Bu yo‘nalishdagi ishlarni 2027-yildan boshlab reja asosida bajarish belgilanmoqda. Mas’ul tashkilotlar qatorida Transport vazirligi, Transport nazorati inspeksiyasi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Fuqaro aviatsiyasi agentligi, O‘zbekiston temir yo‘llari, Uzbekistan Airports, Uzbekistan Airways, Toshshahartransxizmat va Toshkent metropoliteni bor.
Bundan tashqari, elektron tablolar, media ekranlar va axborot kiosklaridagi matnlar ham takomillashtirilgan alifboda shakllantiriladi. Bu ishlar qonun kuchga kirgan sanadan boshlab amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Spot yangi alifbo amaldagi banknot va tangalarni almashtirishni talab qilmasligi haqida yozgan edi.




