Debitorlik qarzi: mijoz to‘lovni kechiktirsa, nima qilish kerak

Kassa uzilishining oldini olish
Kompaniya katta miqdorda pul tushumlarini kutayotgan bo‘lsa ham, bu mablag‘lar kerakli vaqtda uning ixtiyorida bo‘lishini anglatmaydi. Masalan, biznes oy oxirigacha mijozlardan 300 mln so‘m olishi kerak. Shu bilan birga, bir haftadan keyin pudratchilarga 120 mln so‘m, ish haqi uchun 80 mln so‘m va soliqlar uchun 40 mln so‘m to‘lashi zarur. Agar mijozlar to‘lovni kechiktirsa, kompaniya kassa uzilishiga duch kelishi mumkin.
Bunday xavfni oldindan aniqlash uchun to‘lovlar kalendarini yuritish, ya’ni kutilayotgan tushumlar va majburiy xarajatlarni sanalar bo‘yicha solishtirib borish kerak. Mablag‘ yetishmovchiligi yuzaga kelishi kutilayotgan bo‘lsa, yetkazib beruvchilar bilan to‘lov jadvalini o‘zgartirish bo‘yicha oldindan kelishib olish, debitorlik qarzlarining undirilishini tezlashtirish yoki qisqa muddatli moliyalashtirishning mavjud vositalarini ko‘rib chiqish mumkin.



