“O‘zbekgidroenergo” AJ va Yevroosiyo taraqqiyot banki gidroenergetika sohasida uzoq muddatli investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzoladi. Hujjat doirasida istiqbolli GES loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlari ishlab chiqiladi. Bu haqda “O‘zbekgidroenergo” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
25-noyabr kuni “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruv raisi Islom Abduraxmonov Yevroosiyo taraqqiyot banki (YOTB) boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashgan.
Uchrashuvda davlat kafolatlarisiz uzoq muddatli korporativ moliyalashtirish, o‘zaro bog‘liq loyihalarni yagona dastur asosida moliyalashtirish, gidroenergetika uskunalarini xarid qilish hamda texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish uchun grant mablag‘larini jalb etish masalalari muhokama qilingan.
Xususan, Pskem GESini qurish, Chorbog‘ GESini modernizatsiya qilish, Yuqori To‘palang gidroenergetika zonasining salohiyatini o‘zlashtirish, gidroakkumulyatsion elektr stansiyalarini qurish va JFK-5 GES loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo” tarkibidagi GESlarning o‘rnatilgan quvvati 2 400 MVtni tashkil etgan. Prezidentning 2026-yil 1-maydagi PQ-163-son qaroriga muvofiq, 2032-yilgacha ushbu ko‘rsatkichni 5 538 MVtga yetkazish va umumiy qiymati qariyb 3,7 milliard dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish belgilangan.
Yevroosiyo taraqqiyot banki 2031-yilga qadar O‘zbekiston iqtisodiyotiga 3 milliard dollargacha investitsiya yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Bank vakillari “O‘zbekgidroenergo” bilan istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qiziqish bildirgan.
Shuningdek, bankning moliyaviy maslahatchi, anderrayter va investor sifatida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilingan.
Tomonlar memorandum doirasida ustuvor loyihalarning moliyaviy shartlarini ishlab chiqish hamda aniq vazifalar va muddatlarni o‘z ichiga olgan qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashga kelishib olishgan.
Qambarota GES-1 kimning hisobidan quriladi va O‘zbekiston qancha ulush oladi



