25.11.2026, Chorshanba+13.6°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+13.6°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi yangi kabel O‘zbekiston internetini qanday o‘zgartirishi mumkin?

Boshqa 25.11.2026 18:17 0Anhor
Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi yangi kabel O‘zbekiston internetini qanday o‘zgartirishi mumkin?

Qozog‘iston birinchi Transkaspiy optik tolali aloqa liniyasi ishga tushirilganidan so‘ng Kaspiy dengizi tubi orqali zaxira aloqa kanalini yaratishni rejalashtirmoqda. Yangi infratuzilmaning rivojlanishi Rossiyani chetlab o‘tgan holda Osiyo va Yevropa o‘rtasida internet-trafik uzatish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Bu haqda 24-noyabr kuni Qozog‘iston hukumati yig‘ilishida bosh vazir o‘rinbosari, sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi raqamli yo‘nalishning barqarorligini ta’minlash uchun Kaspiy dengizi orqali qo‘shimcha aloqa kanalini qurish zarur.

Shu bilan birga, Qozog‘iston Oqtov shahrini Xitoy chegarasidagi Xorgos bilan bog‘lovchi, uzunligi qariyb 4,5 ming kilometr bo‘lgan «G‘arb – Sharq» yerusti optik tolali gipermagistrali qurilishini davom ettirmoqda. Bugungi kunga qadar yo‘nalishning 87 foizi yotqizilgan. Ishlarni 2027-yilda yakunlash rejalashtirilgan.

15-oktyabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev ikki mamlakatni Kaspiy dengizi tubi orqali bog‘lovchi birinchi xalqaro optik tolali aloqa liniyasini rasman ishga tushirgan.

Uzunligi qariyb 380 kilometr bo‘lgan suvosti kabeli Qozog‘istonning Oqtov va Ozarbayjonning Sumgait shaharlarini bog‘laydi. Uning loyihaviy o‘tkazish quvvati 400 Tbit/s dan oshadi.

Loyiha «Qazaqtelecom» va AzerTelecom kompaniyalari tomonidan CaspiLink B.V. qo‘shma korxonasi orqali amalga oshirilgan. Qurilish budjet mablag‘larini jalb etmasdan, aloqa operatorlarining o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.

Transkaspiy liniyasi Osiyo va Yevropa o‘rtasida yangi telekommunikatsiya yo‘lagini yaratishni nazarda tutuvchi Digital Silk Way («Raqamli ipak yo‘li») xalqaro loyihasining bir qismi hisoblanadi.

Mazkur yo‘nalish Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan ma’lumotlarni Qozog‘iston, Ozarbayjon va Gruziya orqali uzatish, keyinchalik esa Turkiya yoki Qora dengiz orqali Yevropaga olib chiqish imkonini beradi.

Qozog‘istonning sohaga mas’ul idorasi prognoziga ko‘ra, yangi yo‘nalishning rivojlanishi hisobiga yaqin yillarda tranzit trafik hajmi ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 21,6 Tbit/s ga yetishi mumkin.

Markaziy Osiyo Rossiya internetiga qanchalik bog‘liq?

24-noyabr kuni Eurasianet xalqaro tahliliy nashri Transkaspiy kabelining istiqbollari va undan foydalanish bilan bog‘liq xavflarga bag‘ishlangan materialni e’lon qildi.

Maqola muallifi Ketrin Houlining fikricha, yangi raqamli yo‘nalish Markaziy Osiyoning Rossiya telekommunikatsiya tarmoqlariga qaramligini kamaytirishi mumkin.

Tarixan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston xalqaro internet-trafigining katta qismi Rossiya orqali o‘tgan.

2022-yilda Internet Society Kazakhstan rahbari Talgat Nurlibayev Qozog‘istonning Rossiya tarmoqlari orqali o‘tuvchi internet-trafigi ulushini taxminan 95 foiz deb baholagan. Ushbu baho Internet Society tashkilotining 2025-yilgi tadqiqotida ham keltirilgan.

Karnegi jamg‘armasining 2026-yil aprel oyidagi tadqiqotiga ko‘ra, Qozog‘iston internet-provayderlari xalqaro aloqa kanallari o‘tkazish quvvatining qariyb 80 foizini Rossiya operatorlaridan oladi. Bunday qaramlik global tarmoqqa chiqish uchun Qozog‘iston infratuzilmasidan foydalanadigan qo‘shni davlatlarga ham taalluqli.

Shu bilan birga, hozirgi vaqtda Rossiya orqali o‘tayotgan xalqaro trafikning aniq ulushi noma’lumligicha qolmoqda.

Bu O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?

O‘zbekiston Jahon okeaniga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega emas va xalqaro tarmoqlarga ulanishda qo‘shni davlatlarning yerusti telekommunikatsiya infratuzilmasiga bog‘liq.

O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yakunida mamlakat xalqaro internet kanallarining umumiy o‘tkazish quvvati 4,4 Tbit/s ga yetgan. 2020-yilda ushbu ko‘rsatkich 1,2 Tbit/s ni tashkil etgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston xalqaro ma’lumot uzatish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha allaqachon choralar ko‘rmoqda.

2026-yil sentyabr oyida RIPE NCC Yevropa mintaqaviy internet registratori tadqiqot e’lon qilgan. Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi bevosita tarmoq ulanishlari soni ortgan, Rossiya orqali o‘tuvchi yo‘nalishlarga qaramlik esa bosqichma-bosqich kamaymoqda.

Tadqiqotchilar, shuningdek, O‘zbekistonning Pokistondagi Pakistan Telecom operatori orqali xalqaro suvosti kabel tizimlariga chiqish imkonini beruvchi muqobil janubiy ulanish yo‘nalishini ham aniqlagan.

Transkaspiy raqamli yo‘lagi O‘zbekiston aloqa operatorlariga Yevropa telekommunikatsiya xizmatlari bozoriga chiqish uchun yana bir yo‘nalishni taqdim etishi, internet aloqasi barqarorligini oshirishi, shuningdek, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, bulutli xizmatlar va IT xizmatlari eksportini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin.

Avvalroq Anhor.uz O‘zbekistonning xalqaro internet yo‘nalishlari va Markaziy Osiyo mamlakatlari global tarmoq bilan aloqa kanallarini diversifikatsiya qilishga intilayotganining sabablari haqida batafsil yozgan edi.

O‘xshash yangiliklar