25.11.2026, Chorshanba+13.6°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+13.6°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

O‘zbekiston ingliz tilini bilish reytingida uch pog‘onaga ko‘tarildi

Boshqa 25.11.2026 18:35 0Anhor
O‘zbekiston ingliz tilini bilish reytingida uch pog‘onaga ko‘tarildi

O‘zbekiston EF English Proficiency Index 2026 xalqaro reytingida 117 ta mamlakat va hudud orasida 101-o‘rinni egalladi. Mamlakat ingliz tilini bilish bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichi pasayganiga qaramay, bir yil ichida uch pog‘onaga ko‘tarilgan.

Bu haqda EF English Proficiency Index reytingida ma’lum qilindi.

O‘zbekiston 421 ball bilan Iordaniya va Mongoliya o‘rtasida joylashgan. Mamlakatning umumiy ko‘rsatkichi 2025-yilda 429 ballni, 2024-yilda esa 439 ballni tashkil etgan. Shu tariqa, ikki yil ichida milliy indeks 18 ballga pasaygan.

Avvalgi reytingda 123 ta mamlakat va hudud qatnashgan bo‘lsa, 2026-yilda ularning soni 117 tani tashkil etgan. Shu sababli O‘zbekistonning reytingdagi o‘rni nafaqat o‘z natijalariga, balki boshqa ishtirokchilarning ko‘rsatkichlariga ham bog‘liq.

Tadqiqot 2,3 milliondan ortiq voyaga yetgan kishining test natijalari asosida tayyorlangan. Jahon bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 485 ballni tashkil etib, O‘zbekiston natijasidan 64 ballga yuqori bo‘lgan.

O‘zbekistonlik ishtirokchilar ingliz tilida yozish bo‘yicha eng yuqori — 514 ballni qayd etgan. O‘qish va og‘zaki nutq ko‘nikmalari bo‘yicha natijalar ham yaxshilangan. Tinglab tushunish ko‘rsatkichi esa 375 ballgacha pasaygan.

EF metodologiyasiga ko‘ra, milliy indeks uch yillik o‘rtacha natijalar asosida hisoblanadi. Alohida ko‘nikmalarni baholashda esa faqat so‘nggi yil natijalari inobatga olinadi. Shuningdek, barcha ishtirokchilar ham testning yozma va og‘zaki qismlarini topshirmaydi.

Hududlar kesimida Farg‘ona viloyati va Toshkent shahri yetakchilik qilgan. Biroq poytaxtda ko‘rsatkich olti ballga, Farg‘ona viloyatida esa to‘qqiz ballga pasaygan. Eng past natija Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan.

Avvalroq Alisher Qodirov o‘zbek millatiga mansub bolalarning maktabgacha tarbiya va boshlang‘ich ta’limni davlat tilida olishini majburiy etib belgilashni taklif qilgani haqida yozgan edik. Siyosatchi boshqa millat vakillarining ona tilida ta’lim olish huquqini saqlab qolish va tegishli qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish tarafdori ekanini bildirgan.

O‘xshash yangiliklar