Telegram Android va iOS uchun 13.3 versiyadagi ilovalarini chiqardi. Bu haqda Telegram Info kanali e’tibor qaratdi.
Bu messenjerning rasmiy saytida e’lon qilinmasdan chiqarilgan uchinchi yirik yangilanish hisoblanadi. Unda ovoz orqali matnli xabar yozish, qo‘ng‘iroqlarda “jonli subtitrlar” va boshqa yangi funksiyalar paydo bo‘ldi.
Ovoz orqali xabar yozish
Ilova audioxabar yozish vaqtida foydalanuvchining nutqini matnga aylantirishi mumkin. Buning uchun Telegram’da diktant rejimi qo‘shildi. Ushbu rejimda tanib olingan so‘zlar matn kiritish maydonida paydo bo‘ladi.
Funksiya Telegram Premium obunasi mavjud bo‘lganda ishlaydi. Undan foydalanish uchun audioxabar yozishni boshlagandan so‘ng Android’da mikrofon tugmasidan qulf belgisi tomon, iOS’da esa “→A” belgisi tomon barmoqni surish kerak.
Agar qabul qiluvchi ovozli va video xabarlarni yuborishni taqiqlagan bo‘lsa, diktant rejimi avtomatik ravishda ishga tushadi. Olingan matnni yuborishdan oldin tahrirlash yoki sun’iy intellekt yordamida tanlangan uslubga mos ravishda qayta ifodalash mumkin.
Audio qayta ishlash qurilmaning o‘zida, yozuvni serverga yubormasdan amalga oshirilishi mumkin. Smartfonga oldindan o‘rnatilgan til modellari qo‘llab-quvvatlamaydigan tillar uchun Google’ning nutqni tanib olish tizimidan foydalanilishi mumkin.
“Jonli subtitrlar”
Guruhli qo‘ng‘iroq yoki videomuloqot vaqtida foydalanuvchilar nutqni tanib olish va uni ekranda subtitrlar ko‘rinishida chiqarish funksiyasini yoqishi mumkin. Yangi funksiya ham faqat Premium obunachilari uchun mavjud.
Avtomatik subtitrlar sukut bo‘yicha o‘chirilgan. Ularni qo‘ng‘iroq ekranidagi parametrlar menyusidan Live Captions bandini tanlash orqali yoqish mumkin.
Ovozni qayta ishlash uchun audioxabarlarni matnga aylantirishda qo‘llaniladigan nutqni tanib olish texnologiyalaridan foydalaniladi. Funksiya ikki foydalanuvchi o‘rtasidagi shifrlangan qo‘ng‘iroqlarda ishlamaydi.
Boshqa yangiliklar
Telegram’da chatlar papkasini ko‘rish vaqtida maxsus filtr yordamida o‘qilgan barcha yozishmalarni yashirish mumkin. Bunda faqat yangi xabarlar mavjud chatlar ko‘rsatiladi. To‘liq chatlar ro‘yxatini istalgan vaqtda qayta tiklash mumkin.
Shuningdek, ilovada sun’iy intellektga asoslangan tahrirlovchi yordamida yozilgan matnni muayyan chat uchun avtomatik tarjima qilish, jumladan, real vaqt rejimida tarjima qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Android’da ovozli xabarlar transkripsiyasida so‘zlar va belgilar uchun vaqt belgilari qo‘shildi.
Bundan tashqari, iOS’da foydalanuvchilar, guruhlar va kanallar profillari yangi dizaynga ega bo‘ldi. Unda to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi tugmalar o‘rniga dumaloq tugmalar qo‘llanilgan. Funksiya sinov rejimida ishlaydi va debugging (sozlash) menyusi orqali yoqiladi.
Avvalroq Spot Telegram alohida chatlarni yozishmalar ro‘yxatidan yashirish funksiyasini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.




