24.11.2026, Seshanba+15.7°CToshkentUSD12 002.93EUR13 156.41RUB146.74
+15.7°CToshkent$12 002.93 24.11.2026

O‘zbekfilm neyrotarmoqlar yordamida film suratga olishni boshlaydi

Biznes 24.11.2026 12:10 0Spot
O‘zbekfilm neyrotarmoqlar yordamida film suratga olishni boshlaydi

Milliy kinokompaniya O‘zbekfilm filmlar ishlab chiqarish jarayoniga sun’iy intellektni joriy etishni boshlaydi.

Buning uchun O‘zbekfilm va Raqamli texnologiyalar vazirligi 2028-yilgacha sun’iy intellekt modellari uchun mamlakat tarixi, madaniyati va vizual merosiga oid ma’lumotlar bazasini shakllantiradi. Bu 21-noyabr kuni kino sanoatini isloh qilish bo‘yicha prezident farmonida belgilangan.

Ma’lumotlar to‘plami muntazam ravishda yangilab boriladi. U bilan O‘zbekfilm qoshida tashkil etiladigan O‘zbekfilm AI Lab laboratoriyasi ishlaydi.

Laboratoriya soha uchun mutaxassislar tayyorlash va filmlar ishlab chiqarish jarayoniga sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish bilan shug‘ullanadi.

President AI Award tanlovi va Toshkent xalqaro kinofestivalida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan filmlar uchun alohida nominatsiyalar joriy etiladi.

Bundan tashqari, Raqamli texnologiyalar vazirligi har yili kino sanoati mutaxassislarini xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va tajriba almashish uchun yuboradi.

Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun vazirlik har yili mablag‘ ajratadi. Moliyalashtirish manbasi sifatida prezidentning 2025-yil 30-oktabrdagi sun’iy intellektga asoslangan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorida nazarda tutilgan mablag‘lardan foydalaniladi.

Yanvar oyida Toshkentda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan filmlarning birinchi xalqaro festivali bo‘lib o‘tadi. Tanlovning mukofot jamg‘armasi 100 mln so‘mni tashkil etadi. Mualliflardan arizalar 13-dekabrgacha qabul qilinadi.


Avvalroq Spot O‘zbekfilm barcha filmlarni suratga olishni xususiy kinostudiyalarga topshirishi haqida yozgandi.

O‘xshash yangiliklar