O‘zbekiston 2026-yilning yanvar-sentabr oylarida 12 ta davlatdan 132 ming tonna mol go‘shti import qildi.
Mahsulotlarning umumiy qiymati $597,7 mln ni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Import hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,9 ming tonna yoki 17,7% ga oshgan.
Mol go‘shtining eng yirik yetkazib beruvchisi Hindiston bo‘ldi. Ushbu davlatdan 55,9 ming tonna mahsulot olib kirilgan. Keyingi o‘rinlarni Belarus (31,9 ming tonna) va Qozog‘iston (31,7 ming tonna) egalladi.
Shuningdek, Pokistondan 5,4 ming tonna, boshqa davlatlardan esa jami 7,1 ming tonna mol go‘shti import qilingan.
Shunday qilib, importning qariyb 42,3% i Hindiston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Belarus va Qozog‘istonning ulushi esa mos ravishda 24,2 va 24% ni tashkil etgan.
Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar-sentabr oylarida sovutilgan mol go‘shtining o‘rtacha import narxi bir tonna uchun $4574 ni (54,9 mln so‘m), muzlatilgan go‘shtniki esa $4493 ni (53,9 mln so‘m) tashkil etgan.
2020-yilga nisbatan sovutilgan mol go‘shti import narxi 36,9% ga, muzlatilgan go‘shtniki esa 40,3% ga oshgan.
Markaz tahliliga ko‘ra, mamlakatda mol go‘shtiga yillik ehtiyoj o‘rtacha 1,3 mln tonnani tashkil etadi. Uning 92,5% i mahalliy ishlab chiqarish, 7,5% i esa import hisobidan qoplanadi. So‘nggi besh yilda mol go‘shti importi 7,2 baravarga oshgan.
Ichki bozorda ham narxlar o‘sishi kuzatilmoqda. 2026-yil sentabr oyida mol go‘shti narxi bir oyda 1,7% ga, yillik hisobda esa 16,2% ga oshgan.
Markazning ekonometrik prognoziga ko‘ra, ichki va tashqi bozorda keskin o‘zgarishlar yuz bermasa, 2026-yil dekabrida bir kilogramm mol go‘shtining o‘rtacha narxi 130 ming so‘m atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Spot go‘sht importini samolyotda tashish bo‘yicha imtiyoz yil oxirigacha uzaytirilishi haqida yozgandi.
Prezident go‘sht narxini barqarorlashtirish uchun import xarajatlarini qoplash amaliyoti davom ettirilishini ma‘lum qildi.




