Toshkent viloyatidagi to‘liq qayta qurilgan G‘ishtko‘prik chegara bojxona posti joriy haftada rasman ochiladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev ma’lum qildi.
Fuqarolar ushbu postdan (Qozog‘iston tomonidan — Jibek Joli) 25-noyabr soat 16:00 dan o‘tishni boshlashi mumkin bo‘ladi.
Qo‘mitaning tushuntirishicha, shu vaqtgacha postda O‘zbekiston va Qozog‘iston rasmiy delegatsiyalari ishtirokida ochilish hamda topshirish-qabul qilish tadbirlari o‘tkaziladi.
Chernyayevka nomi bilan ham tanilgan G‘ishtko‘prik chegara posti 2025-yil 5-fevraldan ta’mirlash uchun yopilgan. Jarayon dastlab to‘rt oy davom etishi kerak edi. Noyabr oyiga kelib O‘zbekiston o‘z hududidagi nazorat-o‘tkazish punktini modernizatsiya qilishni yakunlagani va Qozog‘iston tomonidan qurilish ishlari yakunlanishini kutayotgani ma’lum bo‘ldi.
Joriy yilning sentabrida esa ushbu post 2026-yil oxirida ochilishi aytildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston yuklamani kamaytirish uchun ikkita chegara o‘tkazish punktini tun-u kun ishlash rejimiga o‘tkazishga kelishib oldi.
Avvalroq Bojxona qo‘mitasi O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi yuk mashinalari navbati normal holat ekanini aytgani haqida xabar berilgandi.




