23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Toshkentda yorug‘lik yordamida ishlaydigan piyodalar o‘tish joyi o‘rnatildi

Iqtisod 23.11.2026 10:33 0Spot
Toshkentda yorug‘lik yordamida ishlaydigan piyodalar o‘tish joyi o‘rnatildi

Toshkentning Qumariq ko‘chasida proyeksion piyodalar o‘tish joyi o‘rnatildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.

Yangi texnologiya hozircha sinov tariqasida qo‘llanilmoqda. Agar u turli ob-havo sharoitlarida o‘zini yaxshi ko‘rsatsa, bunday “zebra"lar poytaxtning boshqa tumanlarida ham paydo bo‘lishi mumkin.

Markazda qayd etilishicha, proyeksion o‘tish joyi oddiy chiziqlardan farqli ravishda bo‘yoq bilan chizilmaydi, balki yorug‘lik yordamida bevosita yo‘l yuzasiga tushiriladi.

“Bu “zebra"ni yomg‘ir yuvib ketmaydi, qor bosib qolmaydi va g‘ildiraklar o‘chirib yubormaydi. Chunki u bo‘yoq bilan chizilmaydi, balki yorug‘lik yordamida to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘lga tushiriladi”, — deyiladi xabarda.

Ushbu chiziqlar tunda, yomg‘ir va tuman paytida ham ko‘rinib turadi. Haydovchilar o‘tish joyini uzoqroq masofadan payqab, tezlikni oldindan kamaytirishi mumkin. Bu esa piyodalarni ertaroq ko‘rish va ularning xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi.

Markaz ushbu texnologiyani Toshkent ko‘chalarida yo‘l harakati xavfsizligi va qulayligini oshirishga qaratilgan innovatsiyalardan biri sifatida taqdim etdi. Uning boshqa hududlarda qo‘llanilishi sinov natijalariga bog‘liq.

Avvalroq Spot 24-dekabrdan Toshkentda avtomobillarni evakuatsiya qilish tartibi o‘zgarishi haqida yozgan edi. Avtomobilni evakuatorga yuklashdan tortib, egasiga qaytarishgacha bo‘lgan jarayonlar yagona elektron tizim orqali bajariladi.

O‘xshash yangiliklar