23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Umid Mamadaminov energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi

Iqtisod 23.11.2026 10:03 0Spot
Umid Mamadaminov energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi

Prezidentning tegishli qarori bilan Umid Mamadaminov Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.

Shu munosabat bilan u energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Mamadaminov 2026-yil 24-iyunda energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi. Undan avval, 2023-yil avgustidan energetika vazirining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

Umid Mamadaminov 1983-yil 24-yanvarda Samarqand viloyatining Jomboy tumanida tug‘ilgan. 2006-yilda Toshkent davlat texnika universitetining bakalavriat bosqichini, 2015-yilda esa AQShning Oregon texnologiya institutini tamomlagan.

U mehnat faoliyati davomida Global Trading and Consulting Service MChJ, AQSHning STANTEC kompaniyasi, TCT Agro Cluster va Evergreen Agriculture qo‘shma korxonasida turli lavozimlarda ishlagan. Shuningdek, 2023-yil fevralida qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari etib tayinlangan.

Abdumalik Nazirov energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Tayinlovgacha u O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Mazkur lavozimga u 2025-yil 28-noyabrida tayinlangan va bungacha O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Abdumalik Nazirov 1984-yilda Toshkent viloyatining Piskent tumanida tug‘ilgan. U energetika sohasida 2002-yildan faoliyat yuritib, turli lavozimlarda ishlagan. U Toshkent viloyati elektr tarmoqlarida nazoratchi, elektromontyor va muhandis, keyinchalik energiya sotish xizmati guruhi rahbari hamda moliya, iqtisodiyot va elektr energiyasini sotish direktori bo‘lgan.

Shuningdek, O‘zenergonazorat inspeksiyasi va O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlarida turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Energetika tizimida o‘zgarishlar

2025-yilning dekabrida Alisher Sultonov prezidentning energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili lavozimidan ozod etilgandi.

Shuningdek, O‘zbekgidroenergo kompaniyasini boshqarib kelgan Abdug‘ani Sanginov O‘zbekneftgaz'ni qariyb 4 yil davomida boshqargan Bahodirjon Sidiqov o‘rniga boshqaruvi raisi etib tayinlangandi.

Undan keyin Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Sanginov jamoaga tanishtirildi. U “qisqa muddatlarda O‘zbekneftgaz'ni transformatsiya qilish bo‘yicha yangi strategiyani qabul qilish, jamoa bilan birgalikda gaz qazib chiqarishni barqarorlashtirish va sohada tizimli natijalarga erishilishi"ni bildirdi.

Prezident topshirig‘i bilan sohadagi boshqaruvni yanada kuchaytirish maqsadida iqtisodiyot va moliya vazirining neft va gaz bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilinib, amaldagi vazir o‘rinbosari Xurshed Mustafayev mas‘ul bo‘ldi.

Keyinroq Abdug‘ani Sanginovning o‘g‘li Islom Abdurahmonov O‘zbekgidroenergo raisi v.v.b. etib tayinlangandi.

Joriy yilning may oyida Behzod Normatov davlat rahbarining yoqilg‘i-energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan edi.

O‘xshash yangiliklar