24.11.2026, Seshanba+12.2°CToshkentUSD12 002.93EUR13 156.41RUB146.74
+12.2°CToshkent$12 002.93 24.11.2026

Davlat idoralarining qarorlari va jarimalari ustidan sudga shikoyat qilish osonlashadi

Jamiyat 24.11.2026 17:25 0Sputniknews
Davlat idoralarining qarorlari va jarimalari ustidan sudga shikoyat qilish osonlashadi
TOShKENT, 24 noya — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksni tasdiqlash haqidagi qonun loyihasini qabul qilib, Senatga yubordi.
Qonun loyihasi bilan fuqaro va tadbirkorlarning davlat organlari bilan nizolarda o‘z huquqlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Xususan, sudlar arizadagi rasmiy kamchiliklar tufayli uni qaytarmaydi, aksincha, arizachiga kamchiliklarni bartaraf etish va talablarini to‘g‘ri shakllantirishda ko‘maklashadi.
Agar ariza adashib boshqa hududdagi sudga topshirilsa, sud uni "yagona darcha" tamoyili asosida tegishli sudga o‘zi yuboradi.
Shuningdek, fuqaro va tadbirkorlarning haqligi prezumpsiyasi kengaytirilmoqda. Davlat organi o‘z qarorining qonuniy va asosli ekanini, qo‘llagan jarima yoki boshqa chorasi sodir etilgan qilmishga mutanosibligini o‘zi isbotlashi shart bo‘ladi.
Sud esa qo‘llangan chora qonunda ko‘zlangan maqsadga qanchalik mos ekanini ham tekshiradi.
Buzilgan huquqlarni tezkor tiklash maqsadida da’voning to‘rt turi joriy etilib, ularni berishning aniq muddatlari belgilanmoqda.
Ma’muriy organ qarori tufayli bir guruh shaxslarning huquqlari buzilgan hollarda 20 nafar va undan ortiq shaxs birgalikda jamoaviy da’vo berishi mumkin bo‘ladi.
Savdo-sanoat palatasiga esa birinchi instansiya sudida ishtirok etmagan taqdirda ham tadbirkor manfaatida sud qarori ustidan yuqori instansiyaga bevosita shikoyat kiritish huquqi beriladi.

O‘xshash yangiliklar