Medvedev: Ukrainada yadro qurolini qo‘llashga hali zarurat tug‘ilmadi

TOShKENT, 23 noya — Sputnik. Rossiya Ukrainadagi mojaro davomida yadro qurolidan foydalanishga hozircha bevosita zarurat sezmadi. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev "Moskovskiy jurnal mejdunarodnogo prava" jurnalida chop etilgan maqolasida yozdi.
Medvedevning ta’kidlashicha, Rossiya milliy xavfsizligini ta’minlash uchun barcha vositalardan, jumladan, yadro qurolidan foydalanish huquqiga ega.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi mojaro davomida Kiyev va G‘arb davlatlari Rossiya yadro qurolini qo‘llashi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni allaqachon yuzaga keltirgan.
Biroq yadroviy zarba berish to‘g‘risidagi qaror barcha holatlarni har tomonlama baholash asosida qabul qilinadi.
Medvedevning maqolasidagi asosiy tezislar:
Rossiya maxsus harbiy operatsiyani Ukrainaning NATOga qo‘shilishga intilishi bilan bog‘liq to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy harakatlar tahdidi tufayli boshlagan;
Moskva Ukrainadagi mojaro davomida yadro qurolidan foydalanishga hozircha bevosita zarurat ko‘rmagan;
Katta vayronagarchilik keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oddiy qurollarning ommaviy qo‘llanilishi Rossiyaning yadroviy javob zarbasi uchun asos bo‘lishi mumkin;
G‘arb davlatlari Ukrainaga yashirin yoki oshkora ravishda yadro quroli yetkazib berishi Rossiyaning oldindan yadroviy zarba berishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Medvedevning fikricha, Rossiyaning yadroviy doktrinasida bunday qurolni qo‘llash shartlari aniq belgilangan.
U Kiyev va uni qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlarni ushbu qoidalarni hisobga olishga chaqirdi.
"Yuqorida tavsiflangan ssenariylar yuzaga kelganda, davlat rahbari yadro qurolidan foydalanishga nafaqat haqli, balki majbur hamdir", — deb ta’kidladi Medvedev.
Shu bilan birga, u Rossiyaning amaldagi yadroviy doktrinasida oldindan yadroviy zarba berish to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilmaganini qayd etdi. Biroq, uning talqiniga ko‘ra, Ukrainaga yadro quroli yetkazib berilishi Rossiya uchun bunday chorani ko‘rishga asos yaratishi mumkin.
Medvedev ushbu masalalarga "Davlat suvereniteti va yadro quroli: milliy xavfsizlikni ta’minlashning xalqaro-huquqiy jihatlari" nomli ilmiy maqolasida to‘xtalgan.
Ma’lumot uchun, Rossiyaning 2024-yilda yangilangan yadroviy doktrinasida mamlakat yoki Belarus suverenitetiga jiddiy tahdid tug‘diruvchi oddiy qurollar bilan hujumga javoban ham yadro qurolidan foydalanish imkoniyati nazarda tutilgan.




