YeOII va BMT ESKATO transport va energetikada hamkorlikni kuchaytirmoqda

TOShKENT, 23 noya — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) va BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) transport va energetika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) xabar berdi.
YeIKning energetika va infratuzilma bo‘yicha vaziri Arzibek Kojoshev Bangkokda bo‘lib o‘tgan BMT ESKATOning transport vazirlari konferensiyasida ishtirok etdi.
U YeOII doirasida transport sohasida olib borilayotgan ishlarni taqdim etdi. Xususan, xalqaro avtomobil tashuvlarida elektron yuk xati — eCMRni qo‘llash bo‘yicha pilot loyiha faol amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.
Konferensiya doirasida 2027–2031 yillarga mo‘ljallangan Osiyo-Tinch okeani mintaqasida barqaror transportni rivojlantirish bo‘yicha vazirlar deklaratsiyasi qabul qilindi.
Energetikada hamkorlik
Bundan avval Kojoshev BMT ESKATO energetika bo‘limi direktori Xonpen Lyu bilan uchrashib, ikki tashkilot o‘rtasidagi yangi memorandumni amalga oshirish masalalarini muhokama qilgan edi.
Uchrashuvda YeOIIning umumiy elektr energiyasi bozorini shakllantirish ishlariga alohida e’tibor qaratildi. YeIK ma’lumotiga ko‘ra, mazkur bozor 2027-yil 1-yanvardan faoliyat boshlashi rejalashtirilgan.
Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish va elektr energiyasining chegaralararo savdosi bo‘yicha tajriba almashish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, 4-noyabr kuni Bishkekda YeIK va BMT ESKATO o‘rtasida 2030-yil oxirigacha hamkorlikni nazarda tutuvchi yangi memorandum imzolangan edi.

YeOII
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) - 2015-yil 1-yanvardan faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro iqtisodiy birlashma. Ittifoqqa hozir Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zodir. O‘zbekiston 2020-yilda YeOIIda kuzatuvchi maqomini oldi. Kuba, Eron ham kuzatuvchi maqomiga ega.




