23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Eng ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan iqlim sammiti umumiy kelishuvsiz yakunlandi

Siyosat 23.11.2026 17:52 0Uz24 Uz
Eng ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan iqlim sammiti umumiy kelishuvsiz yakunlandi

Dunyo iqlim inqiroziga qarshi kurashish uchun yana bir bor muzokara stoliga o‘tirdi. Ikki haftalik muhokamalar, uzoq davom etgan uchrashuvlar, keskin bayonotlar va diplomatik tortishuvlarga qaramasdan, yakunda mamlakatlar umumiy kelishuvga erisha olmadi. Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilgan BMTning COP31 iqlim sammiti tashkilot tarixidagi eng uzoq davom etgan konferensiyaga aylandi.


Muzokaralar prezidenti Kris Bouenning aytishicha, sammit “eng murakkab geosiyosiy muhitda” o‘tgan va tomonlar o‘rtasida “kelishib bo‘lmaydigan qizil chiziqlar” mavjud bo‘lgan.


Bir tomonda global isishni cheklashga urinayotgan davlatlar, ikkinchi tomonda esa energetika manfaatlarini himoya qilayotgan mamlakatlar turibdi. O‘rtada esa harorat ko‘tarilishi, muzliklar erishi, qurg‘oqchilik va suv toshqinlari bilan yuzlashayotgan millionlab insonlar bor.

Bitta ibora atrofidagi ikki haftalik muzokara


COP31 muzokaralari juma kuni yakunlanishi kerak edi. Ammo delegatlar umumiy kelishuvga erishish umidida yakuniy uchrashuvlarni yakshanba kunigacha davom ettirdi. Shu tariqa konferensiya BMT tarixidagi eng uzoq davom etgan iqlim sammitiga aylandi.


Muzokaralarning markazida qazilma yoqilg‘ilar turgan. Bular global isishning asosiy sabablaridan hisoblangan issiqxona gazlari chiqindilarining katta qismini yuzaga keltiradi.


Dastlabki kelishuv loyihasida “qazilma yoqilg‘ilari” jumlasi olti marta ishlatilgan. Biroq neft ishlab chiqaruvchi mamlakatlar, xususan Saudiya Arabistoni, Rossiya va boshqa davlatlarning qarshiligidan so‘ng u yakuniy matndan butunlay chiqarib tashlandi. Hujjatda faqat 2023-yilgi COP28 sammitidagi energetika tizimida qazilma yoqilg‘ilardan bosqichma-bosqich voz kechishga qaratilgan kelishuv bilan bog‘liq bandlar qoldi.


Bu qaror Yevropa Ittifoqi va Tinch okeanidagi orol davlatlarining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Tanqidchilar taklif etilgan kelishuvni “yashil niqoblash”, ya’ni ekologik muammolarni hal qilayotgandek ko‘rsatish deb baholagan.


“Qazilma yoqilg‘ilari haqida biron marta ham ta’kidlanmagan iqlim kelishuvini qabul qilish aqlga sig‘maydi”— Irlandiya vaziri Darragh O’Brien

Panama va Marshall orollari ham kelishuv iqlim o‘zgarishi sur’atlarini sekinlashtirish uchun yetarli emasligini ta’kidladi. 

BMTning “Hafsalasi pir bo‘lgan” Bosh kotibi 


Sammitning muvaffaqiyatsiz yakunlanishiga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh ham keskin munosabat bildirgan. Bu uning BMT Bosh kotibi sifatida ishtirok etgan so‘nggi iqlim sammiti bo‘ldi. Guterresh natijalardan “hafsalasi pir bo‘lganini” bildirdi va yirik qazilma yoqilg‘i kompaniyalarini tanqid qildi. Uning fikricha, ushbu kompaniyalar bir vaqtlar tamaki sanoati qo‘llagan ilmiy dalillarni shubha ostiga qo‘yish, siyosiy qarorlarni kechiktirish, zarur choralarga to‘sqinlik qilish va shu vaqtning o‘zida katta foyda olish kabi usullardan foydalanmoqda.


Sobiq AQSH vitse-prezidenti Al Gor ham sammit natijalaridan noroziligini yashirmadi. Uning fikricha, bir nechta neft ishlab chiqaruvchi davlatning butun dunyo uchun muhim bo‘lgan qarorlarga to‘sqinlik qilishi adolatsizlikdir.

Eng ko‘p zarar ko‘radiganlar yordam ololmayapti


Muzokaralarning ikkinchi katta muammosi mablag‘ masalasi bo‘ldi.


Iqlim o‘zgarishi barcha davlatlarga birdek ta’sir qilmaydi. Ayrim mamlakatlar kuchli iqtisodiyot, rivojlangan infratuzilma va moliyaviy imkoniyatlari hisobiga tabiiy ofatlarga qarshi kurashishi mumkin. Boshqalar esa oddiy qurg‘oqchilik yoki suv toshqinidan keyin ham katta iqtisodiy yo‘qotishlarga duch keladi. Ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlar uchun bu jiddiy muammo.


2025-yilda Braziliyada o‘tkazilgan COP30 sammitida davlatlar iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun ajratiladigan moliyaviy yordamni uch baravar oshirishga kelishgan edi. Dastlabki ko‘rsatkich yiliga 40 milliard dollarni tashkil etgan. Ammo COP31 yakuniy hujjatida ushbu majburiyat bo‘yicha aniq raqamlar va hisob-kitob mezonlari ko‘rsatilmagan.


“Boy mamlakatlar va tabiatni zaharlayotgan hukumatlar har gal quruq qo‘l bilan kelib, chiroyli qog‘ozga o‘ralgan bayonotlar bilan suvdan quruq chiqishni bas qilishlari kerak”— Afrikaning Power Shift Africa tashkiloti rahbari Muhammad Adov

1,5 daraja nimani anglatadi?


COP31 sammitidagi eng jiddiy xulosalardan biri — butun dunyo mamlakatlari Parij kelishuvida belgilangan asosiy maqsadga erisha olmasligi mumkin.


2015-yilda qabul qilingan Parij kelishuvida global haroratning sanoatlashuvdan oldingi davrga nisbatan 1,5°C dan ortiq ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadi belgilangan edi. Biroq BMTning hisob-kitoblariga ko‘ra, amaldagi siyosat davom etsa, 2100-yilga borib global isish taxminan 2,8°C ga yetishi mumkin.


Bu raqamlar shunchaki statistik ko‘rsatkich emas. Haroratning har bir qo‘shimcha gradus ko‘tarilishi iqlim bilan bog‘liq xavflarni kuchaytiradi. Masalan, haroratning 2°C ga oshishi dengiz sathining qo‘shimcha 10 santimetrga ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. Bu esa yana 10 millionga yaqin insonni suv toshqinlari xavfi ostida qoldiradi.


Okean suvlarining kislotalik darajasi ortishi dengiz ekotizimlariga zarar yetkazadi. Harorat jiddiy ko‘tariladi. Qurg‘oqchilik, suv tanqisligi va boshqa ekstremal hodisalar yanada og‘irlashishi mumkin.


Endi davlatlar oldidagi asosiy vazifa — harorat 1,5°C chegarasidan oshib ketgan taqdirda ham, bu holatning uzoq davom etishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Global energiya iste’moli ulushi 35 foizga oshadi


Quyosh panellari, akkumulyatorlar va elektromobillar tobora ommalashmoqda. Ayrim mamlakatlar import qilinadigan neft va gazga qaramlikni kamaytirish uchun mahalliy elektr energiyasi ishlab chiqarishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.


Xalqaro energetika agentligi rahbari Fotih Birol bu jarayonni quyidagicha izohladi:


“Biz elektr energiyasi davriga kirayotganimiz yo‘q. Biz allaqachon elektr energiyasi davriga yetib keldik”.

Uning fikricha, energetik xavfsizlik va iqlim siyosati endilikda bir-biridan ajralmas masalaga aylangan. Masalan, Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft va gaz yetkazib berishdagi uzilishlar davlatlarga energetika manbalarini diversifikatsiya qilish qanchalik muhimligini yana bir bor ko‘rsatdi. Ya’ni toza energiyaga o‘tish faqat tabiatni himoya qilish bilan bog‘liq emas. Bu mamlakatlarning energetik mustaqilligi va iqtisodiy xavfsizligi uchun ham muhim.


COP31 doirasida 80 dan ortiq davlat 2035-yilgacha elektr energiyasining global energiya iste’molidagi ulushini 35 foizga yetkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, sammitda toza energiyaga o‘tish jarayonida ishchilar va mahalliy aholini himoya qilishga qaratilgan “adolatli o‘tish” mexanizmini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

COP sammitlari endi o‘zgarishi kerakmi?


COP31 BMTning yillik iqlim konferensiyalari roli o‘zgarayotganini ko‘rsatdi. Dastlabki 30 ta sammitda asosiy e’tibor global isishga qarshi kurashishning xalqaro qoidalarini yaratishga qaratilgan edi. Jumladan, 2015-yil davlatlar harorat o‘sishini 1,5°C bilan cheklashga kelishdi. Shuningdek, har besh yilda natijalarni baholash va yangi milliy iqlim rejalarini taqdim etish tizimi yaratildi. 


Keyingi sammitlarda zararlarni qoplash fondi (COP27), qazilma yoqilg‘ilardan voz kechish va qayta tiklanuvchi energiyani uch baravar oshirish (COP28), yangi moliyaviy maqsad (COP29) hamda moslashishga yordam berish (COP30) bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.


Xalqaro tizimning asosiy qoidalari allaqachon yaratib bo‘lingan. Endi esa eng qiyin bosqich — ularni amalda bajarish davri keldi. Shu sababli Antaliyadagi COP31 “amalga oshirish COPi” deb nomlandi.


Buyuk Britaniyaning COP26 strategiyasini ishlab chiqishda qatnashgan va hozirda Electrify Britain kampaniyasiga rahbarlik qilayotgan Kamilla Bornning aytishicha, bu jarayon COP konferensiyalarini tobora ko‘proq texnik va protsessual muhokamalarga aylantirmoqda. Ya’ni endilikda asosiy vazifa fundamental kelishuvlar tuzish emas, balki mavjud mexanizmlarning amalda ishlashini ta’minlashdan iborat bo‘lib bormoqda.


Navbatdagi COP32 sammiti 2027-yil noyabr oyida Efiopiyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O‘xshash yangiliklar