25.11.2026, Chorshanba+14.8°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+14.8°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

Özbekiston aholisining yoş körsatkiçlari qanday özgarmoqda?

Jamiyat 25.11.2026 16:27 0Uza
Özbekiston aholisining yoş körsatkiçlari qanday özgarmoqda?

Bugungi kunda Özbekiston aholisi tarkibida yoşlar uluşi yuqori. Şu bilan birga, sönggi yillardagi demografik özgarişlar aholining örtaça yoşida ham aks etmoqda. Joriy yilning 1-yanvar holatiga mamlakatimiz aholisining örtaça yoşi 29,6 yoşni taşkil etdi.

Milliy statistika qömitasi maʼlumotlariga köra, uşbu körsatkiç avvalgi hisob-kitoblardagi 29,5 yoşga nisbatan 0,1 yoşga oşgan.

Şu örinda savol tuğiladi: erkaklar va ayollarning örtaça yoşidagi tafovut qanday? Jinslar kesimida qaralganda, erkaklarning örtaça yoşi 29,1 yoş, ayollarniki esa 30,2 yoşga teng ekani maʼlum böldi. Demak, ayollarning örtaça yoşi erkaklarnikidan 1,1 yoşga yuqori.

Hududlar kesimidagi tahlillar poytaxtda aholining örtaça yoşi eng yuqori ekanini körsatmoqda. Xususan, Toşkent şahrida bu körsatkiç 33,6 yoşni taşkil etgan. Keyingi örinlarda Navoiy viloyati (31 yoş), Qoraqalpoğiston Respublikasi (30,9 yoş) va Buxoro viloyati (30,8 yoş) qayd etilgan.

Maʼlumotlar hududlar örtasida demografik tarkib jihatidan muayyan tafovutlar mavjudligini körsatadi. Jumladan, Toşkent viloyatida aholining örtaça yoşi 30,1 yoşni, Farğona va Xorazm viloyatlarida 30 yoşni, Sirdaryo viloyatida esa 29,6 yoşni taşkil qilgan.

Şuningdek, Andijon viloyatida 29,3 yoş, Namangan viloyatida 28,8 yoş, Samarqand viloyatida 28,4 yoş qayd etilgan. Jizzax viloyatida aholining örtaça yoşi 27,9 yoşga, Qaşqadaryoda 27,8 yoşga, Surxondaryoda esa 27,4 yoşga teng.

Taʼkidlaş joizki, eng yuqori (Toşkent şahri) va eng past (Surxondaryo viloyati) körsatkiçlar örtasidagi farq 6,2 yoşni taşkil etmoqda.

Uşbu tahlillarni davrlar kesimida qiyoslaydigan bölsak, 2010-yilda Özbekiston aholisining örtaça yoşi 27 yoş bölgan. 2026-yil boşiga kelib esa bu körsatkiç 29,6 yoşga yetgan. Yaʼni, 16 yil davomida aholining örtaça yoşi 2,6 yilga oşgan.

Bu raqamlar mamlakat demografik tarkibidagi özgarişlarni kuzatiş, hududlar kesimidagi yoş xususiyatlarini örganiş hamda taʼlim, soğliqni saqlaş va mehnat bozori bilan boğliq uzoq muddatli rejalarni şakllantirişda muhim statistik asos bölib xizmat qiladi.

M.HOJIAKBAROVA,

ÖzA

O‘xshash yangiliklar