5300 yillik mumiyodan topilgan achitqi yordamida non tayyorlashga muvaffaq bo‘lindi

Taxminan 5300 yil avval Alp tog‘larida yashagan va muzliklar orasida tabiiy ravishda saqlanib qolgan Ötzi ismli «Muz odam» yana bir bor olimlar e’tiboriga tushdi. Bu safar uning mumiyolangan tanasidan topilgan mikroorganizmlar yordamida achitqili non tayyorlashga muvaffaq bo‘lindi.
Ötzi miloddan avvalgi 3300 yillar atrofida yashagan. Uning jasadi 1991 yilda Italiya va Avstriya chegarasi yaqinidagi Ötztal Alp tog‘laridan topilgan. Yevropadagi eng mashhur qadimiy mumiyolardan biri bo‘lgan bu topilma o‘nlab yillardan beri turli ilmiy tadqiqotlarga asos bo‘lib kelmoqda.
Yaqinda Italiyaning Bolzano shahridagi Eurac Research ilmiy markazi olimlari Ötzining mikroorganizmlarini o‘rganishdi. Tadqiqotchilar uning terisi, ichki a’zolaridan olingan namunalar hamda muz erishi natijasida hosil bo‘lgan suyuqliklarni tekshirishdi. Natijada sovuq muhitga moslashgan bir nechta achitqi shtammlari aniqlandi.
Olimlar ushbu mikroorganizmlarni laboratoriya sharoitida ko‘paytirib, ulardan xamir uchun achitqi tayyorlashga urinishdi. Dastlab kutilgan natijaga erishilmadi: achitqi unli muhitga moslasha olmadi. Shundan so‘ng tadqiqotchilar uni bir necha oy davomida muntazam yangilab, asta-sekin moslashtirishdi.
Nihoyat, tajriba muvaffaqiyatli yakunlandi: tayyorlangan xamir taxminan 24 soat ichida ko‘tarildi. Olimlar undan achitqili non ham pishirishdi. Loyiha ishtirokchilaridan biri, mikrobiolog Muhammad Sarhan dastlabki natijani ijobiy baholagan bo‘lsa-da, nonning sifati yanada yaxshilanishi mumkinligini qayd etdi.
Tadqiqotchilar yana bir muhim jihatga e’tibor qaratmoqda: topilgan achitqilar Ötzi tirikligida uning tanasida bo‘lgan mikroorganizmlar emas, balki u vafot etganidan keyin muzlik muhitidan tanasiga tushgan bo‘lishi ehtimol qilinmoqda. Genetik tahlillar ularning juda qadimiy kelib chiqishiga ishora qilmoqda.



