AQSH 5 million dollar mukofot va’da qilgan narkobaron Meksikada qo‘lga olindi

Operatsiya davomida yuz bergan otishmada yetti nafar taxminiy kartel a’zosi va to‘rt nafar harbiy halok bo‘lgan. Hodisadan keyin hududda ham vaziyat keskinlashgan: ayrim joylarda avtomobillar va binolarga o‘t qo‘yilgan, yo‘llar to‘silgan hamda qurolli to‘qnashuvlar davom etgan.
«El Chapo Isidro» FQBning eng ko‘p qidirilayotgan 10 nafar jinoyatchisi ro‘yxatiga 2025 yilda kiritilgan edi. AQSH Davlat departamenti uning qo‘lga olinishi yoki sudlanishiga olib keladigan ma’lumot uchun 5 million dollargacha mukofot va’da qilgan.
AQSH rasmiylari Meza-Floresni Meksikaning yirik narkotrafik tarmoqlaridan biri — Meza-Flores jinoiy tashkiloti yetakchisi sifatida ayblaydi. U va uning guruhi AQSHga kokain, metamfetamin, geroin, fentanil va marixuana yetkazib berishda gumon qilinmoqda. Shuningdek, unga pul yuvish, qurol bilan bog‘liq jinoyatlar va narkoterrorizm bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Uning qo‘lga olinishi Meksika va AQSH huquq-tartibot idoralarining hamkorligidagi muhim natija sifatida baholanmoqda. Biroq narkokartel rahbarining hibsga olinishi hududdagi jinoiy guruhlar o‘rtasida kuchlar muvozanatiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Hozirda Meza-Flores Meksika hukumati qo‘lida. AQSHga ekstraditsiya qilinishi masalasi bo‘yicha esa hozircha rasmiy qaror e’lon qilinmagan.



