Qirg‘izistonda ko‘p bolali onalarga 23 ming dollargacha pul beriladi

Qirg‘izistonda 2027 yil 1 yanvardan boshlab baland tog‘li va chekka hududlarda doimiy yashovchi ko‘p bolali onalarga bir martalik pul yordami to‘lana boshlaydi. «Bala bereke» deb nomlangan dastur doirasida o‘ninchi va undan keyingi farzandlar uchun 2 million som (taxminan 22,9 ming dollar) beriladi.
Bu haqda Qirg‘iziston hukumati rahbari Adilbek Qosimaliyev ma’lum qilgan.
Dastur mamlakatda tug‘ilish darajasini oshirish, shuningdek, og‘ir tabiiy sharoitlarda yashayotgan ko‘p bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
To‘lov miqdori oilada tug‘ilgan farzandlar ketma-ketligiga qarab belgilanadi. Xususan, to‘rtinchi farzand uchun 100 ming som, beshinchi farzand uchun 600 ming som, oltinchi farzand uchun 800 ming som ajratiladi.
Yettinchi farzand uchun 1 million som, sakkizinchi farzand uchun 1,2 million som, to‘qqizinchi farzand uchun 1,5 million som to‘lanadi. O‘ninchi va undan keyingi har bir farzand uchun esa 2 million som beriladi.
Biroq ushbu yordamni olish uchun bir qator talablar mavjud. Jumladan, dasturdan foydalanmoqchi bo‘lgan ayollar Qirg‘iziston fuqarosi yoki «qayrilman» maqomiga ega bo‘lishi, shuningdek, maxsus ro‘yxatga kiritilgan baland tog‘li yoki borish qiyin bo‘lgan hududlarda doimiy yashashi kerak.
Yana bir muhim shart — bola tug‘ilganidan keyin darhol pul berilmaydi. Bir martalik yordam farzand bir yoshga to‘lganidan so‘ng tayinlanadi. Dastur 2026 yil 1 yanvardan boshlab dunyoga kelgan bolalarni qamrab oladi.
Shu sabab dastlabki to‘lovlar 2027 yilda amalga oshiriladi.
Qirg‘iziston hukumati ushbu dastur orqali chekka hududlardagi oilalarni qo‘llab-quvvatlash va mamlakatda tug‘ilish ko‘rsatkichini oshirishni maqsad qilgan.



