23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Uch farzandidan ayrilgan 51 yoshli qozog‘istonlik ayol EKO orqali qiz farzandli bo‘ldi (video)

Jahon 23.11.2026 10:25 0Zamin
Uch farzandidan ayrilgan 51 yoshli qozog‘istonlik ayol EKO orqali qiz farzandli bo‘ldi (video)

Qozog‘istonning Mangistau viloyatida yashovchi 51 yoshli Kumisay Palekeyeva EKO yordamida qiz farzandli bo‘ldi. Ayol va uning turmush o‘rtog‘i bir yil avval uch nafar farzandini is gazidan zaharlanish oqibatida yo‘qotgan edi. Bu haqda Nur.kz xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, fojia 2025 yilda Mo‘nayli tumanidagi «Qalmaqas» turar joy massivida sodir bo‘lgan. Oiladagi katta qiz 1995 yilda, o‘g‘il 2009 yilda, kenja qiz esa 2012 yilda tug‘ilgan bo‘lib, uchalasi ham is gazidan zaharlanib vafot etgan.

Farzandlaridan ayrilganidan keyin og‘ir ruhiy sinovni boshdan kechirgan er-xotin yana ota-ona bo‘lishga qaror qilgan. Ularga bepul EKO muolajasidan o‘tish imkoniyatini berish uchun «Ecomed» klinikasi tomonidan maxsus sertifikat taqdim etilgan.

Viloyatdagi «Ana men bala» perinatal markazi ma’lumotiga ko‘ra, chaqaloq 17 noyabr kuni dunyoga kelgan. Qizaloqning tug‘ilgandagi vazni 3400 gramm, bo‘yi esa 52 santimetrni tashkil etgan. Tug‘ruq kesarcha kesish orqali amalga oshirilgan. Jarrohlik amaliyotini shifokor Japirak Yepenova bajargan.

Tibbiyot xodimlarining ma’lum qilishicha, homiladorlik jarayoni asoratlarsiz kechgan. Hozirda ona va chaqaloqning ahvoli yaxshi.

Kumisayning aytishicha, dastlab yoshini hisobga olib, yana farzand dunyoga keltira olishiga ishonmagan. Biroq oilaviy fojiadan keyin yana bir bor ona bo‘lishga qaror qilgan.

«Uyimiz huvillab qolgach, hech bo‘lmasa EKO yordamida homilador bo‘lib, farzand ko‘rishga qaror qildim. Yonimda suyanch va g‘amxo‘rlik qiladigan inson bo‘lishini, uning uchun yashashni va hayotda nimagadir intilishni istadim», — deya hikoya qilgan ayol.

Dastlabki Dopler UZI tekshiruvida er-xotinga qiz farzandli bo‘lishlari ma’lum qilingan. Chaqaloqqa ismni otasi tanlagan va unga Ariya deb qo‘yilgan.

Ma’lum qilinishicha, «Ecomed» klinikasi 2026 yilda yana 30 ta oilaga bepul EKO muolajasidan o‘tish uchun sertifikat taqdim etgan.

Shuningdek, er-xotin oilasini yanada kengaytirib, 2026 yil sentyabr oyida 13 yoshli bolani ham farzandlikka olgan. Shu tariqa, og‘ir yo‘qotishni boshdan kechirgan oila hayotida yangi sahifa ochilgan.

O‘xshash yangiliklar