1-dekabrdan O‘zbekistonda ijtimoiy soha, turizm, tadbirkorlik va mehnat munosabatlariga taalluqli yangi tartiblar kuchga kiradi. O‘zgarishlarda ayollar koloniyalari qoshida maktabgacha ta’lim markazlarini ochish, gidlar uchun malaka toifalarini joriy etish, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni elektron ro‘yxatga olish va onlayn pensiya xizmatlarini kengaytirish nazarda tutilgan.
Ayollar koloniyalari qoshida bolalar markazlari ochiladi
Jazoni ijro etuvchi ikkita muassasa qoshida ixtisoslashtirilgan “Ona va bola markazi” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etiladi. Ular mahkum ayollarning uch yoshgacha bo‘lgan farzandlari uchun mo‘ljallangan.
Markazlar 21-sonli koloniya qoshidagi amaldagi bolalar uyi negizida hamda 42-sonli manzil-koloniyada tashkil etiladi. Ularning har birida ko‘pi bilan besh nafar bolaga mo‘ljallangan tun-u kun faoliyat yurituvchi guruhlar tashkil etiladi.
Bolalar yashash joyi, tibbiy xizmat, oziq-ovqat, kiyim-kechak va poyabzal bilan ta’minlanadi, ularning yoshiga mos tarbiya olishi va rivojlanishi uchun sharoit yaratiladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi emlash va muntazam tibbiy ko‘riklarni tashkil etadi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi esa har chorakda bolalarni saqlash sharoitlarini tekshiradi.
Gidlar uchun to‘rtta malaka toifasi joriy etiladi
Gidlar va gid-tarjimonlar maxsus imtihondan o‘tgach, kasbiy malaka toifasini olishi mumkin bo‘ladi. Tizim to‘rtta darajadan iborat bo‘ladi: “havaskor gid”, “ixtisoslashgan gid”, “professional gid” va “oltin fond gidi”.
Imtihon davomida mutaxassislarning bilim va amaliy ko‘nikmalari, ekskursiya o‘tkazish mahorati, turistik obyektlar haqidagi bilimlari, xorijiy tillarni bilish darajasi, muloqot madaniyati va kasbiy etikaga rioya qilishi baholanadi.
Uchta toifa uchun o‘tish ballari belgilangan: havaskor gidlar uchun 56–70 foiz, ixtisoslashgan gidlar uchun 70–85 foiz va professional gidlar uchun 86–100 foiz. Eng yuqori toifa uchun alohida o‘tish bali ko‘rsatilmagan.
Malaka toifasini olish ixtiyoriy bo‘ladi. Amaldagi malaka sertifikatiga ega mutaxassisning bunday toifasi yo‘qligi uni ishlash huquqidan mahrum qilmaydi. Biroq o‘z kasbi bo‘yicha ikki yildan ortiq ishlamagan gidlar qayta imtihon topshirishi kerak bo‘ladi.
Mahallalar qabristonlarni ta’mirlash tashabbusi bilan chiqishi mumkin bo‘ladi
Fuqarolar yig‘inlariga mahalla hududida joylashgan qabristonlarni ta’mirlash va obodonlashtirish bo‘yicha tegishli obodonlashtirish boshqarmalariga ariza bilan murojaat qilish imkoniyati beriladi.
Bundan tashqari, qabristonlar va fuqarolar yig‘inlari binolarida xayriya mablag‘larini yig‘ish uchun QR-kodlar joylashtiriladi. Qabristonlarni saqlash va ta’mirlash uchun mobil ilovalar orqali mablag‘ o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Ushbu mablag‘larni boshqa maqsadlarga yo‘naltirish taqiqlanadi.
Shuningdek, tuman va shahar kengashlarining qaror loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi. 2028-yil uchun mahalliy budjetlarni shakllantirishda hudud toifasiga qarab xarajatlarning 3 foizidan 5 foizigacha bo‘lgan qismi deputatlar tashabbuslari uchun ajratilishi nazarda tutiladi.
Ishlab chiqarishdagi jarohatlanish holatlari elektron tizimda ro‘yxatga olinadi
Korxonalarda yuz bergan avariyalar va baxtsiz hodisalar “Xavfsiz mehnat” elektron platformasi orqali hisobga olinadi. Ish beruvchilar sodir bo‘lgan hodisalar haqida davlat organlariga xabar berishi va ularni tekshirishni tashkil etishi shart bo‘ladi.
Xabarnoma 24 soat ichida yuborilishi kerak. Ma’lumotlar Davlat mehnat inspeksiyasi, yuqori turuvchi tashkilot va hodisa sodir bo‘lgan joydagi ichki ishlar organlariga yuboriladi. Yong‘in, portlash, texnogen avariya va tabiiy ofatlar yuz berganda ma’lumotlar Favqulodda vaziyatlar vazirligining tegishli bo‘linmalariga ham yuboriladi.
Oddiy baxtsiz hodisalar ish beruvchi tomonidan tuzilgan komissiya tomonidan tekshiriladi. Ikki yoki undan ortiq xodim jabrlangan, o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir darajadagi jarohatlar qayd etilgan yoxud hodisa inson o‘limiga sabab bo‘lgan hollarda maxsus tekshiruv o‘tkaziladi.
Shuningdek, ish beruvchi ishlab chiqarishda jarohat olgan yoki kasb kasalligiga chalingan xodimning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplashi shart bo‘ladi. Agar buning oqibatida xodim daromadidan mahrum bo‘lsa, yo‘qotilgan daromad ham qoplanishi kerak. Ish beruvchining aybi yo‘qligi isbotlangan holatlar bundan mustasno.
Biznesni kreditlashda sun’iy intellektdan foydalaniladi
Yagona raqamli moliyaviy platformada sun’iy intellekt elementlaridan foydalangan holda qarz oluvchilarni baholashning muqobil tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Tizim tadbirkorlarning ishbilarmonlik faolligi, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlari, pul aylanmalari va soliq ma’lumotlarini tahlil qiladi. Bunday yondashuv hatto kredit tarixiga ega bo‘lmagan tadbirkorlarga ham moliyalashtirish uchun ariza berish imkonini yaratadi.
Platforma orqali kredit olish uchun ariza topshirish, turli banklardan takliflar olish va ularning shartlarini taqqoslash mumkin bo‘ladi. Moliyaviy tashkilotlar tadbirkorlik subyektlari haqidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda olishi uchun tizim “Elektron hukumat” ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi.
Bundan tashqari, tijorat banklari “AI-maslahatchi” dasturini ishga tushiradi. Dastur tadbirkorlarga muayyan mahallalarning ixtisoslashuvini hisobga olgan holda biznes g‘oyalarini ishlab chiqishda yordam beradi.
Pensiya xizmatlaridan onlayn foydalanish mumkin bo‘ladi
Pensionerlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali mehnat staji va ish haqi to‘g‘risidagi arxiv ma’lumotlari asosida pensiyani qayta hisoblash uchun ariza topshirishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, boshqa turdagi pensiyaga o‘tishni ham onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi. Yangi imkoniyatlar pensiya tizimini interaktiv va proaktiv shaklga o‘tkazishning bir qismi bo‘ladi.




