O‘zbekistonda fuqarolar profilaktika inspektorlariga maxsus aloqa tugmalari orqali murojaat va xabar yuborishi mumkin bo‘ladi. Inspektorlar kelib tushgan murojaatlarni 5 daqiqa ichida qabul qilish choralarini ko‘rishi lozim.
Hukumatning 2026-yil 25-noyabrdagi 639-son qarori bilan fuqarolarning profilaktika inspektorlariga aloqa tugmalari orqali xabar yuborish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, maxsus aloqa tugmalari profilaktika inspektorlarining mahallalardagi xizmat xonalari eshiklariga o‘rnatiladi. Bu inspektor xizmat xonasida bo‘lmagan vaqtda ham fuqarolarga murojaat yuborish imkonini beradi.
Aloqa tugmalarining ishlash holati hududiy ichki ishlar organlari tomonidan nazorat qilinadi.
Tugma orqali murojaat yoki xabar yuborilganda profilaktika inspektorining xizmat plansheti yoki mobil qurilmasiga ovozli signal keladi. Inspektor murojaatni 5 daqiqa ichida qabul qilish choralarini ko‘rishi shart.
Murojaat uni birinchi bo‘lib qabul qilgan profilaktika inspektori tomonidan o‘rganiladi.
Murojaatlar mazmuniga qarab profilaktika inspektori, ichki ishlar organlarining boshqa sohaviy xizmatlari yoki vakolatli davlat organlari tomonidan belgilangan tartib va muddatlarda ko‘rib chiqiladi. Natijalar bo‘yicha fuqaroga javob xati yuboriladi.
O‘zbekistonda qo‘riqlash xizmatlari kengaytiriladi



