Prezident Shavkat Mirziyoyev Misr poytaxti Qohirada yuz bergan yirik yong‘in oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jarohatlangani munosabati bilan Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi va Misr xalqiga hamdardlik bildirdi.
Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat rahbari halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, jabrlanganlarning tez fursatda sog‘ayib ketishini tilagan.
Fojia 25-noyabr kuni kechqurun Qohirani o‘rab turuvchi avtomobil yo‘lining Giza hududidagi Al-Varroq tumanida sodir bo‘lgan. Neft mahsulotlarini tashuvchi avtosisterna ag‘darilib, yonib ketgan. Oqibatda alanga boshqa transport vositalariga ham tarqalgan.
Misr OAV ma’lumotlariga ko‘ra, haydovchi yuqori kuchlanishli elektr kabeli yo‘lga qulaganidan so‘ng transport vositasi boshqaruvini yo‘qotgan.
Hodisa oqibatida kamida 31 kishi halok bo‘lgan, yana 20 dan ortiq kishi jarohatlangan.
Misr prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘inda 27 ta transport vositasi, jumladan, yengil avtomobillar va mototsikllar yonib ketgan. Hodisa joyiga 39 ta tez tibbiy yordam mashinasi yuborilgan.
Prokuratura mutaxassislarga hodisa sabablarini aniqlash va yetkazilgan zararni baholash bo‘yicha topshiriq bergan.




