Angrenda 22,6 gektar maydonga ega “Gulzor” dam olish bog‘ini rekonstruksiya qilish va obodonlashtirish ishlari boshlandi. Uning hududida sayr yo‘laklari, dam olish zonalari, yoritish tizimi, sun’iy suv havzasi va avtomatik sug‘orish tizimini tashkil etish rejalashtirilgan. Ishlar “Yashil bog‘lar” ekologik loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi xabar berishicha, loyiha “Zamin” xalqaro jamoat fondi, Eco School dasturi, Toshkent viloyati va Angren hokimliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Taqdim etilgan rejaga ko‘ra, park hududida 6,2 mingdan ortiq daraxt, buta va gul ko‘chatlarini ekish ko‘zda tutilgan. Ko‘kalamzorlashtirishdan tashqari, bu yerda piyodalar yo‘laklari barpo etiladi, o‘rindiqlar va energiya tejamkor yoritish tizimi o‘rnatiladi. Shuningdek, 2 ta piknik zonasi, suv havzasi va sug‘orish tizimi tashkil etiladi. Rekonstruksiya nafaqat yangi ko‘chatlar ekishni, balki mavjud yashil hududlarni saqlab qolishni ham nazarda tutadi. Avvalroq Angren hokimligi dastlabki bosqichda hududni inventarizatsiyadan o‘tkazish, mavjud daraxtlar reyestrini tuzish va yangilanadigan parkning yakuniy dizaynini shahar aholisi bilan kelishishni rejalashtirganini ma’lum qilgan. Shuningdek, turli toifadagi tashrif buyuruvchilar jamoat hududidan foydalanishi uchun inklyuziv muhit yaratish ham ko‘zda tutilgan.
“Zamin” fondi 10 mingdan ortiq o‘simlik ekilganini ma’lum qildi
Shu bilan birga, “Zamin” fondi alohida nashrida “Gulzor”ni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan aksiya haqida ma’lum qildi. Ko‘chat ekish ishlarida yaqin atrofdagi uylar aholisi, ko‘ngillilar va Eco-schools Uzbekistan dasturida ishtirok etuvchi hamda faxriy “Yashil bayroq”ni qo‘lga kiritgan Angren shahridagi 21-maktab o‘quvchilari qatnashgan. Fond ma’lumotlariga ko‘ra, hamkorlikdagi ishlar natijasida parkda daraxt va butalar soni 10 193 taga ko‘paygan. Ekilgan o‘simliklar orasida chinor, shumtol, eman, zarang, tuya, qayrag‘och, Kanada bagryanigi va Pissardi manzarali olxo‘risi bor.
Loyiha yozda e’lon qilingan edi
Angrendagi parkni rekonstruksiya qilish haqida 2026-yil avgust oyida ham xabar berilgan. O‘shanda O‘rmonlar va yashil hududlarni ko‘paytirish hamda cho‘llanishga qarshi kurash agentligi “Zamin” fondi bilan hamkorlikda bir yil davomida 7 ta ekologik loyiha amalga oshirilayotganini ma’lum qilgan. Ular qatorida Angrendan tashqari Xivada 9,26 gektar maydonda Yoshlar eko bog‘ini tashkil etish loyihasi ham tilga olingan. “Gulzor”ni rekonstruksiya qilishdan asosiy maqsad mavjud yashil hududni saqlab qolish, ko‘kalamzorlashtirishni kengaytirish va shahar aholisi dam olishi uchun obodonlashtirilgan jamoat makonini yaratishdan iborat.
Avvalroq Anhor.uz Angrenni obodonlashtirish bo‘yicha 214 mln so‘mlik tender: oldindan hal qilingan natija va «qizil bayroqlar»
Angren shahar Obodonlashtirish boshqarmasi noyabr oyida qurilish materiallarini yetkazib berish bo‘yicha 214 mln so‘mlik tender o‘tkazdi. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, g‘olib rasman e’lon qilinishidan ikki kun oldin ushbu tenderda ishtirok etgan kompaniyadan kafolat xati talab qilingan.
Angrenni obodonlashtirish bo‘yicha 214 mln so‘mlik tender: oldindan hal qilingan natija va “qizil bayroqlar”



