2027-yil 22-apreldan O‘zbekistonda pasportlar, ID-kartalar, haydovchilik guvohnomalari va boshqa rasmiy hujjatlarni yangilangan o‘zbek alifbosidan foydalangan holda rasmiylashtirish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, ilgari berilgan hujjatlar yuridik kuchini saqlab qoladi va ularni faqat yangi harflar sababli almashtirish talab etilmaydi. Tegishli qaror loyihasi Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan.
Hujjat normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e’lon qilingan. Unda davlat organlari va tashkilotlarining yangilangan alifboga o‘tish tartibi, shuningdek, ilgari berilgan hujjatlardan foydalanish qoidalari belgilangan.
O‘zgarishlar qaysi hujjatlarga taalluqli bo‘ladi
2027-yil 22-apreldan, yangilangan o‘zbek alifbosi to‘g‘risidagi qonun kuchga kirgach, rasmiylashtirishning yangi qoidalari quyidagi hujjatlarga tatbiq etiladi:
ID-kartalar va xorijga chiqish uchun biometrik pasportlar;
haydovchilik guvohnomalari;
transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomalar;
kadastr hujjatlari.
Yangilangan alifboda to‘rtta harf — Ş, Ç, Ö va Ğ paydo bo‘ladi.
Avvalgi yozuvda tayyorlab qo‘yilgan hujjat blankalaridan 2028-yilgacha foydalanishga ruxsat beriladi.
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xizmat guvohnomalari reja asosida almashtirilishi jarayonida yangi alifboga o‘tkaziladi.
Amaldagi hujjatlarni almashtirish kerakmi?
Yo‘q. Loyihaga ko‘ra, yangi alifboga o‘tilguniga qadar rasmiylashtirilgan barcha hujjatlar amal qilishda davom etadi.
Davlat organlari va tashkilotlari faqat ism yoki familiya avvalgi harflar bilan yozilgani sababli fuqarolarning hujjatlarini qabul qilishni, shaxsini tasdiqlashni yoki ularga davlat xizmatlarini ko‘rsatishni rad eta olmaydi.
Bu amaldagi pasportlar, ID-kartalar va haydovchilik guvohnomalari egalariga ularni faqat alifbo o‘zgargani sababli qayta rasmiylashtirishga to‘g‘ri kelmasligini anglatadi.
Bank hisobvaraqlari, elektron pochta va domenlar nima bo‘ladi
O‘zgarishlar domen nomlari, elektron pochta manzillari, loginlar va hisob yozuvlarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qilmaydi.
Bank hisobvaraqlari va shartnomalar raqamlarini ham o‘zgartirish kerak bo‘lmaydi.
Xorijiy tashkilotlarning nomlari, chet el fuqarolarining ismlari, tovar belgilari va brendlarni asl yozilishida saqlab qolishga ruxsat beriladi. Xuddi shunday qoida tarixiy hujjatlar va bibliografik manbalardan keltirilgan iqtiboslar uchun ham nazarda tutilgan.
Davlat organlari yangi alifboga qanday o‘tadi
2027-yil 22-apreldan davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa yuridik shaxslar rasmiy hujjatlar, yozishmalar va e’lon qilinadigan axborotda yangilangan alifbodan foydalanishi kerak bo‘ladi.
Shu sanagacha tashkilotlarga yangi alifboga o‘tishga tayyorgarlikni boshlash tavsiya etiladi.
Loyihaga ko‘ra, ular bir oy ichida ishlar muddatlari, moliyalashtirish manbalari va mas’ul ijrochilarni belgilab, yo‘l xaritalarini ishlab chiqishi kerak bo‘ladi.
Maktab darsliklari bosqichma-bosqich qayta nashr etiladi.
2027-yilda yangi alifboga o‘tish xarajatlarini vazirlik va idoralarga allaqachon ajratilgan mablag‘lar hisobidan qoplash rejalashtirilmoqda. 2028-yildan boshlab tegishli xarajatlar davlat budjetini shakllantirishda nazarda tutiladi.
Yakuniy qaror qachon qabul qilinadi
Adliya vazirligi taklif qilgan tartib hozircha loyiha maqomida bo‘lib, jamoatchilik muhokamasi yakunlari bo‘yicha o‘zgarishi mumkin.
Muhokama 2026-yil 6-dekabrgacha davom etadi.
Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki alifbo islohoti sababli naqd pullarni almashtirish zarurligi haqidagi mish-mishlarni rad etgan edi. Amaldagi banknotalar to‘lov vositasi sifatida amal qilishda davom etadi.




