Bel og‘rig‘i oyoqlargacha tarqalsa, uvishish va kuchsizlik kuzatilsa, bu “grija” belgisi bo‘lishi mumkin — vertebrolog Rasuljon Rahimov bilan suhbat (video) | Daryo

Shifokorning ta’kidlashicha, bunday belgilar odamning yotgan, o‘tirgan yoki tik turgan holatiga qarab yo‘qolib qolmasligi mumkin. Chunki nerv siqilib turgan bo‘lsa, uning ta’siri nerv qaysi yo‘nalishda davom etsa, shu sohada seziladi. Og‘riq bir oyoqda yoki ayrim holatlarda ikkala oyoqda ham kuzatilishi mumkin.
Vertebrolog ayrim og‘ir holatlarda, xususan, disk churrasi markaziy qismda joylashganida, kichik chanoq a’zolari faoliyati ham buzilishi mumkinligini aytdi. Bunday vaziyatda bemorda peshob chiqarishga qiynalish, uni tuta olmaslik yoki ich kelishining buzilishi kuzatilishi mumkin.
Mutaxassis bu kabi belgilar paydo bo‘lishini jiddiy ogohlantiruvchi holat sifatida baholaydi. Ayniqsa, peshob yoki ich kelishini nazorat qilish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, zudlik bilan shoshilinch tibbiy yordamga murojaat qilish kerak.
Shuningdek, shifokor uy sharoitida disk churrasini taxmin qilishga yordam beradigan oddiy tekshiruv usulini ham tushuntirdi. Buning uchun inson chalqancha yotgan holatda oyog‘ini tizza bo‘g‘imidan bukmasdan, to‘g‘ri holatda yuqoriga ko‘tarishga urinadi. Agar bu vaqtda oyoqning orqa qismida kuchli og‘riq yoki uvishish paydo bo‘lsa, bu nerv ildizining ta’sirlanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Biroq ushbu tekshiruv natijasi disk churrasi borligini aniq tasdiqlamaydi. Shu sababli og‘riq va boshqa belgilar kuzatilganda mustaqil tashxis qo‘yish o‘rniga mutaxassis ko‘rigidan o‘tish tavsiya etiladi. Shifokor tekshiruvlar orqali churraning joylashuvi va holatini aniqlab, tegishli davolash usulini belgilaydi.



