O‘zbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun sudlangan fuqarolarning elektron reyestrini yaratish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Baza “Raqamli komplayens” axborot kompleksida ishlaydi, uni yuritish esa Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga Ichki ishlar vazirligi (IIV) bilan birgalikda topshiriladi.
Reyestrdan davlat xizmatiga qabul qilishda nomzodlarni hamda davlat xaridlarida ishtirok etayotgan kompaniyalarni avtomatik tekshirish uchun foydalanish rejalashtirilmoqda. Shaxs yoki tashkilotga nisbatan qonunda nazarda tutilgan cheklovlar aniqlansa, tizim tegishli qarorni rasmiylashtirishni bloklaydi va sababini ko‘rsatadi.
Reyestrga kimlar kiritiladi
Fuqaroni reyestrga kiritish uchun qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi yoki sudning tegishli ajrimi asos bo‘ladi. IIV sud qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin uch ish kuni ichida ma’lumotlarni reyestrga yuborishi kerak bo‘ladi.
Bazada sudlangan fuqaroning shaxsga doir ma’lumotlari, sud qarori hamda u Jinoyat kodeksining qaysi moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgani haqidagi ma’lumotlar saqlanadi. Shuningdek, jinoyat sodir etilgan joy va sana, sudlangan shaxsning o‘sha paytdagi ish joyi va lavozimi haqidagi ma’lumotlar, tayinlangan jazo va uni ijro etish muddati hamda sudlanganlikning tugallanish sanasi ko‘rsatiladi.
Agar shaxs korrupsiyaga oid bir nechta jinoyat uchun sudlangan bo‘lsa, ularning har biri alohida ro‘yxatga olinadi.
Cheklovlar qanday qo‘llanadi
Loyihada ikkita mexanizm nazarda tutilgan: integratsiya qilingan davlat axborot tizimlari orqali avtomatik tekshirish hamda vakolatli organlar yoki mansabdor shaxslar tomonidan qarorlar qabul qilish.
2027-yil iyunigacha reyestrni “Yagona milliy mehnat tizimi” kompleksi bilan integratsiya qilish rejalashtirilmoqda. Davlat xizmatiga nomzod bilan elektron mehnat shartnomasini rasmiylashtirishdan oldin tizim uning reyestrda bor-yo‘qligini tekshiradi. Amaldagi cheklov mavjud bo‘lsa, shartnoma tuzib bo‘lmaydi. Ish beruvchi sabab tushuntirilgan va huquqiy asos ko‘rsatilgan xabarnoma oladi.
Bundan tashqari, 2027-yil apreligacha reyestrni davlat fuqarolik xizmatiga tanlab olish va ishga joylashtirishda foydalaniladigan hrm.gov.uz va vacancy.gov.uz platformalariga ulash rejalashtirilmoqda.
Davlat xaridlari ishtirokchilarini tekshirish
2027-yil avgustigacha reyestrni davlat xaridlarining axborot portali bilan integratsiya qilish rejalashtirilmoqda.
Tizim xaridlarda ishtirok etayotgan kompaniyalarning ta’sischilari va ulush egalari haqidagi ma’lumotlarni tekshiradi. Qonunda nazarda tutilgan cheklovlar aniqlansa, portalda sababi va huquqiy asosi ko‘rsatilgan tegishli belgi aks etadi.
Reyestrdan ma’lumotnoma qanday olinadi
Fuqarolar reyestrda o‘zlariga oid ma’lumotlar mavjudligi yoki mavjud emasligi haqida ma’lumotnoma, shuningdek, tegishli axborot aks etgan ko‘chirmani bepul so‘rashlari mumkin bo‘ladi. Hujjatlarni davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish mumkin bo‘ladi. Xizmat ko‘rsatish muddati uch ish kunigacha bo‘ladi.
Shaxs haqidagi ma’lumotlar reyestrda Jinoyat kodeksida belgilangan sudlanganlik muddati davomida saqlanadi.
Ma’lumotlarni sudlanganlik tugallangach yoki olib tashlangach, oqlov hukmi qonuniy kuchga kirgach, ayblov hukmi bekor qilingach yoki qilmish korrupsiyaga oid bo‘lmagan jinoyat sifatida qayta kvalifikatsiya qilingach reyestrdan chiqarish rejalashtirilmoqda. Fuqaroning vafot etishi, vafot etgan deb e’lon qilinishi yoki bazaga xato kiritilganlik holati aniqlanishi ham bunga asos bo‘ladi.
Agar shaxs korrupsiyaga oid bir nechta jinoyat uchun sudlangan bo‘lsa, ularning har biri bo‘yicha ma’lumotlarni saqlash uchun asoslar qolmaganidan keyingina reyestrdan chiqariladi. Reyestrdan chiqarilgach, unda turish bilan bog‘liq cheklovlar ham amal qilishdan to‘xtaydi.
Qaror qabul qilinganidan so‘ng Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, IIV va Raqamli texnologiyalar vazirligiga reyestrni ishga tushirish uchun bir oy muddat beriladi.




