APK Qo‘riqchi: kimni va qanday qo‘riqlaydi?

Bugun O‘zbekistonda telefoningizda bu ilova bo‘lmasa, ko‘chada, universitetda, hatto qishloqda ham shu savolga duch kelishingiz mumkin: «APK Qo‘riqchi o‘rnatilganmi?». Xo‘sh, bu “qo‘riqchi” nima, kimni qo‘riqlaydi, qanday qo‘riqlaydi va nega uni ko‘pincha talab bilan o‘rnatishyapti? Javob izlab, ilovani o‘z telefonimizga o‘rnatdik.
Muammo chindan bor edi…
Ilova shunchaki paydo bo‘lmagan. IIV ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning to‘qqiz oyida axborot texnologiyalari yordamida 69 962 ta kiberjinoyat sodir etilib, fuqarolarga deyarli 1 trillion so‘mlik zarar yetgan. Bu kiberjinoyatlarning qariyb yarmi zararli APK fayllar orqali amalga oshirilgan. Ular to‘yga taklifnoma, yaqin tanishlar bilan surat yoki ta’ziya xabari qiyofasida tarqatilgan. Faylni ochishingiz bilan firibgarlar hisobingizdagi pullarni to‘liq yechib olishi mumkin.
APK — Android operatsion tizimida ilovalarni o‘rnatish uchun mo‘ljallangan fayl. Telegramdagi chatlar yoki guruhlarga tarqatilgan noma’lum xabarlar orqali kelgan APK esa ko‘pincha telefoningizni ochib beradigan kalitga o‘xshaydi.
«APK Qo‘riqchi» aynan shu kalitni qulfga yaqinlashtirmaslik uchun yaratilgan. Google Play sahifasiga ko‘ra, ilova «O‘zbekiston Respublikasi IIV» nomidan joylangan. Ilova tavsifida yozilishicha, uning vazifasi — telefondagi ilovalar, ular qayerdan o‘rnatilgani va qanday ruxsatlar so‘rashini tahlil qilish, yuklamalar va messenjer papkalaridagi shubhali APK fayllarni topish, noma’lum manbadan o‘rnatishni to‘xtatish.
9-oktabr kuni o‘tkazilgan IIV rahbariyati ishtirokidagi matbuot anjumanida vazirlik rasmiysi Ramazon Ashrapov ilovaga 3 million kishi qo‘shilganini aytgan edi. LogBit kompaniyasi tahlilida qayd etilishicha, noyabr oyi oxiriga ko‘ra, ilova besh milliondan ortiq marta yuklab olingan. IIV rasmiy sahifasidagi xabarda esa, 17-oktabrda Andijon viloyati IIB rahbariyati qo‘riqlash xizmati xodimlari bilan uchrashuvda ilovadan foydalanish ko‘lamini kengaytirish masalasiga alohida to‘xtalgan.
Ko‘lamni kengaytirish — tushunarli. Savol shundaki, bu qanday usulda amalga oshadi.
Ko‘chadagi «qo‘riqchilar»
Podrobno.uzning avvalroq bergan xabariga ko‘ra, Toshkentda Milliy gvardiya xodimlari APK Qo‘riqchi o‘rnatish uchun maktab o‘quvchisini to‘xtatgani aks etgan video tarqalgan. Shundan keyin bunga o‘xshash xabarlar ketma-ket kela boshladi.
Play Marketdagi izohlar ham shuni tasdiqlaydi. Temur Ravshanqulov 24-oktabrda: «Ko‘chada xodimlar ilovani majburan yuklab olishga undamoqda», deb yozgan. Saina ismli foydalanuvchi ilovaning o‘ziga qarshi emas, lekin IIV xodimlari QR kod orqali o‘zlari o‘rnatib qo‘ygani yoqmaganini aytgan. Fozil Berdiyev esa «menga bu ilovani o‘rnatib ketishdi» deydi — e’tibor bering, «o‘rnatdim» emas, «o‘rnatib ketishdi».
Gazeta.uz bilan suhbatlashgan talabalardan biri Namangan viloyatidagi qishloqda telefonda gaplashib ketayotganida profilaktika inspektori to‘xtatib, ilova bor-yo‘qligini so‘raganini aytgan. Boshqa joylarda ham «Qo‘riqchi o‘rnatganmisan?» degan savolni eshitgan.
27-oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi 1-maktabning bitiruvchi sinf o‘quvchilari darsdan chiqarilib, uyma-uy yurib odamlar telefoniga APK fayl o‘rnatishga majburlanayotgani haqidagi xabar tarqaldi.
Ammo o‘sha kuniyoq ikki raddiya chiqdi. Tuman hokimligi ham, viloyat Ta’lim va ilm-fan boshqarmasi ham bu holat bo‘yicha topshiriq berilmaganini bildirdi va yolg‘on axborot tarqatganlarning javobgarligini eslatdi.
3-noyabrda masala oliy ta’limga ko‘chdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Toshkentdagi bir qancha OTMlarda talabalardan «Xavfsiz talaba» ilovasini o‘rnatish talab qilingan. Bosh prokuratura tushuntirishicha, bu boshqa ilova — talabalar vaziyat markaziga ulangan, SOS tugmasi bor platforma.
Shuningdek 17-oktyabr kuni Jizzax viloyatidan Toshkentga ishlash uchun kelgan Javohirbek G‘ofurjonovning Yunusobod tumanida inspektorning Sarvar Abduvaxobov «APK Qo‘riqchi» ilovasini o’rnatish bahonasida fuqaroning shaxsiy telefonini titib, poytaxtda vaqtincha “propiskasi” yo’qligi sabab unga 1 million 300 ming so‘m jarima rasmiylashtirgan.
Biroq Gazeta.uz suhbatlashgan dekanat kuratori talabalar telefoniga ham «Xavfsiz talaba», ham «Qo‘riqchi» nomli APK ilovasini o‘rnatishi lozimligini aytgan va «Qo‘riqchi»ni iPhone’larga o‘rnatib bo‘lmasligini qo‘shimcha qilgan. Gazeta.uz va Kun.uz ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ilovani o‘rnatmagan talabalar darsga kiritilmagani, ingliz tili fakulteti eshigi oldida kirishdan oldin ilova tekshirilgani qayd etilgan.
Eksperiment: qo‘riqchini o‘zimiz sinadik
Gap-so‘zga emas, tajribaga suyanish uchun ilovani Play Marketdan o‘z telefonimga o‘rnatdim. Hajmi 2,24 megabayt — kichkina, lekin talablari katta ekan.
Birinchi qadam — bildirishnomalar, batareya cheklovsiz ishlashi va avtomatik ishga tushish. Ya’ni qo‘riqchi hech qachon uxlamasligi kerak.
Ikkinchi qadam — eng nozik joy: «Maxsus imkoniyatlar» (Accessibility) ruxsati. Ilova o‘zi tushuntiradi: bu ruxsat faqat tizim o‘rnatish oynasi ochilganda «Bekor qilish» tugmasini avtomatik bosish uchun kerak, boshqa ilovalardan matn o‘qimaydi, parollarga kirmaydi.
Ammo Android tizimining o‘zi boshqa narsa haqida eslatma beradi. Telefon ekranida qizil uchburchak va «Xavf» degan yozuv chiqdi: bu juda maxfiy ruxsat, uni bersangiz, shaxsiy ma’lumotlaringiz oshkor bo‘lishi mumkin. Ruxsat bilan ilova barcha ekran ma’lumotini o‘qish va nazorat qilish, harakatlaringizni avtomatlashtirish imkonini oladi. Ilova «faqat bitta tugmani bosish» uchun ruxsat so‘raydi, tizim esa «hamma tugmani bosish imkoniga ega bo‘ladi» deb ogohlantiradi. Kimga ishonish — foydalanuvchiga havola.
Uchinchi ruxsat — «Barcha fayllarga kirish». Ilova bu faqat APK fayllarni topish uchun ekanini, suratlar va hujjatlarga tegmasligini yozadi. Tizim esa yana o‘z so‘zini aytadi: ilova barcha fayllarni o‘qish, tahrirlash va o‘chirishi, ulardan sizning xabaringizsiz foydalanishi mumkin.
Shundan so‘ng «Xavfsizlik tahlili 100%» boshlanadi. Menda 37 ta ilova nazoratga olindi, xavfli — 0, shubhali — 0 natija chiqdi.
Eng qiziq joyi keyin boshlandi. Play Marketdan Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy «Soliq» ilovasini yukladim. O‘rnatish tugashi bilan ekranda qo‘riqchining ogohlantirishi paydo bo‘ldi: «O‘rnatish bekor qilindi. Yuklangan fayl virus yoki zararli dastur bo‘lishi mumkin». Ogohlantirish bir necha marta takrorlandi. Shunga qaramay, «Soliq» ilovasi o‘rnatilib, ochildi.
Xullas, qo‘riqchi davlatning o‘z ilovasini «virus bo‘lishi mumkin» deb belgiladi, lekin uni to‘xtata olmadi. Bu yo ortiqcha hushyorlik, yo ishlamaydigan qulf. Ikkalasi ham shubhali.
Google Play ma’lumotiga ko‘ra, ilovaning bahosi — 3,9 yulduz. U yerdagi izohlarni o‘qisangiz, odamlarning kayfiyati turlicha.
Shohjahon Alimovning izohini 772 kishi foydali deb belgilagan: u ruxsatlarni bergach, telefon barcha ma’lumotlarni ilovaga uzatayotganini, hatto Play Market xavfsizlik bo‘yicha ogohlantirganini yozgan. Temur Ravshanqulov esa ilova davlatga tegishli ekaniga isbot topa olmaganini aytib, ruxsatlarni yoqishga shoshilmaslikni maslahat beradi.
Fozil Berdiyev ilova o‘rnatilgach, bolalariga narsa buyurtma qiladigan xitoy savdo ilovasi ishlamay qolganini yozgan. Yana bir foydalanuvchi o‘zi o‘chirgan ilovalar haqida ham «zararli ilova bekor qilindi» degan xabar chiqayotganidan hayron. Mustafo Usmonjonov bir telefonda «maksimal xavfsiz», boshqasida «maksimal shubhali» degan natija chiqqanini aytadi. Ayrim foydalanuvchilar kamera o‘z-o‘zidan yonayotgani va batareya tez tugayotganidan shikoyat qilgan — bu da’volar texnik tekshiruvsiz qolmoqda.
Mutaxassislar: josus emas, lekin savollar bor
Toshkentlik kiberxavfsizlik kompaniyasi LogBit 31-oktabrda ilovaning forenzik tahlilini e’lon qilgan. Xulosa ikki tomonlama: so‘nggi 1.2.15-versiyada josuslik yoki masofadan boshqarish kodi topilmagan. Ammo kuchli ruxsatlar, egalikning shaffof emasligi va eski versiyalar ma’lumotni VirusTotal xizmatiga yashirincha yuborgani qayd etilgan.
Egalik masalasida bir kichik detal ko‘p narsani anglatadi: Play Marketda ilova «O‘zbekiston Respublikasi IIV» nomidan chiqqan, ammo Google Play havolasi va APKPure ma’lumotlariga ko‘ra, uning texnik nomi — com.baxtiyorov.security. Ya’ni ilovaning «pasporti»da vazirlik emas, shaxs familiyasiga o‘xshash nom turibdi. Bu o‘z-o‘zidan qonunbuzarlik emas, lekin davlat millionlab telefonga o‘rnatayotgan dasturda kim ishlab chiqqani, ma’lumot qayerda saqlanishi va kim javob berishi ochiq yozilishi kerak edi.
Davlat ilovani xususiy dasturchiga buyurtma qilib yozdirishi g‘alati hol emas. Ammo millionlab telefonga kuchli ruxsatlar bilan o‘rnatilayotgan dasturda uchta narsa ochiq yozilishi kerak edi: uni kim yaratgan, ma’lumot qayerga boradi va muammo chiqsa kim javob beradi. Hozircha bu savollarga rasmiy javob yo‘q.
APK Qo‘riqchining g‘oyasi to‘g‘ri: zararli APK fayllar haqiqatan ham millionlab odamni xavf ostida qoldirmoqda. LogBit mutaxassislari tahliliga ko‘ra, ilovaning o‘zi ham josus emas.
Muammo ilovada emas, uni tarqatish uslubida. Xavfsizlikni majburlab o‘rnatib bo‘lmaydi — uni ishonch bilan yutish mumkin. U esa uch narsadan tug‘iladi: ochiqlik (kim yaratgan, ma’lumot qayerga ketadi), ixtiyoriylik va to‘g‘ri tushuntirish. Aks holda, odam telefonini qo‘riqchiga topshiradi-yu, savol o‘zida qoladi: qo‘riqchiga ishonsa bo‘ladimi?



