Eron AQShning quruqlik operatsiyasiga tayyor - Armiya

TOShKENT, 28 noya — Sputnik. Eron qurolli kuchlari bo‘linmalari mamlakat chegaralarida joylashtirildi va Islom Respublikasiga qarshi AQShning quruqlik operatsiyasiga tayyor, dedi Eron armiyasi quruqlik kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari Nouzar Nemati.
Biroz oldin Eron Tashqi ishlar vazirligi AQSh 2003-yildagi"Iroq ssenariysi" qabilida, Eronga quruqlikdagi bosqinchilik hujumi uchun mamlakatdagi jamoatchilik fikrini tayyorlash maqsadida Eronni kimoviy va biologik qurollar ishlab chiqarishda ayblashga urinayotganini ma’lum qilgan edi.
"Biz quruqlikdagi chegaralarimizda va dushman bunday ahmoqona harakatni amalga oshirishi ehtimoli bo‘lgan joylarda turli kuchlarni oldindan joylashtirdik. Kerakli qurol va uskunalar ham chegaralarda mo‘l-ko‘l joylashtirildi", deb xabar beradi ISNA axborot agentligi Nematining so‘zlari asosiada.
Eron armiyasi quruqlikdagi kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari AQShni quruqlikdagi operatsiya o‘tkazmaslikka chaqirdi va aks holda AQSh armiyasi katta yo‘qotishlarga duchor bo‘lishini va uning ahvoli "hozirgidan ham yomonroq" bo‘lishini ta’kidladi.
Nematining so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Eronga qarshi quruqlikdagi operatsiya o‘tkazish imkoniyatiga ega emasligini va agar u operatsiya o‘tkazsa, albatta mag‘lubiyatga uchrashini biladi.
Oktabr oyida Eron armiyasi quruqlikdagi kuchlari qo‘mondoni Ali Jahonshahiy mamlakat chegaralarida kamida 50 ta kuch bo‘linmalari joylashtirilganini aytgan edi.
Eslatib o‘tmiz, 28-fevral kuni AQSh va Isroil Erondagi nishonlarga zarba berishni boshladi. Eron esa bunga javoban AQShning Fors ko‘rfazidagi barcha harbiy obyektlariga zarba berishni boshladi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopiq deb e’lon qildi. Shundan so‘ng AQSh Eronga dengiz blokadasi e’lon qildi. Ayni damda mojaro biroz tinchlangan bo‘lsa-da, u hali ham hal qilinmagan va yangi harbiy harakatlar xavfi mavjud.



