23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Arxiv tekshiruvlarida 10 ta material huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborildi

Boshqa 23.11.2026 12:12 0Anhor
Arxiv tekshiruvlarida 10 ta material huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborildi

2026-yil 20-noyabr holatiga ko‘ra, “O‘zarxiv” agentligi va uning hududiy boshqarmalari 328 ta vazirlik, idora va boshqa tashkilotda arxiv hujjatlarining saqlanishi hamda ish yuritish holati bo‘yicha davlat nazorati o‘tkazdi.

Bu haqda “O‘zarxiv” agentligi Axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev ma’lum qildi.

Tekshiruvlarning 28 tasi agentlik, 300 tasi esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan.

Nazorat davomida tashkilotlarda arxiv hujjatlarini saqlash sharoitlari, ularni hisobga olish va tartibga keltirish, davlat arxivlariga topshirish hamda ish yuritish bo‘yicha belgilangan talablarning bajarilishi o‘rganildi.

Tekshiruvlar yakunida barcha 328 ta tashkilotga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritildi.

Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan 88 nafar mas’ul xodimga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 215⁴-moddasi bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli sudlarga yuborildi.

Bundan tashqari, hududiy arxiv boshqarmalari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 10 ta material taqdim etildi.

Anvarjon Aliyev
Foto: O‘zarxiv

“Davlat nazoratining asosiy maqsadi faqat qonunbuzilishlarni aniqlash yoki aybdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rishdan iborat emas. Asosiy vazifa — hujjatlarning yo‘qolishi, shikastlanishi va ulardan foydalanish imkoniyati cheklanishining oldini olish, tashkilotlarda arxiv ishini belgilangan talablar asosida tashkil etishga erishishdir”, — deydi Anvarjon Aliyev.

Uning ma’lum qilishicha, davlat arxivlari mutaxassislari 910 ta tashkilot va korxonada 583 ta yalpi hamda 327 ta mavzuli o‘rganish o‘tkazib, arxiv ishi va ish yuritishni tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar bergan.

Asosiy kamchiliklar nimalardan iborat?

“O‘zarxiv” ma’lumotiga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarning aksariyati hujjatlarni saqlash sharoitlari, arxiv hisobini yuritish va ish yuritish qoidalariga rioya etish bilan bog‘liq.

Birinchi muammo — ayrim tashkilotlarda idoraviy arxivlar va hujjatlar saqlovxonalarining belgilangan talablar asosida tashkil etilmaganidir.

“Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasiga ko‘ra, davlat organlari, tashkilotlar va davlat ishtirokidagi korxonalarda arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash hamda ulardan foydalanish uchun idoraviy arxivlar tashkil etilishi kerak.

Bunday arxivlar tegishli saqlovxonalar, zarur jihozlar, qo‘riqlash va yong‘inga qarshi vositalar bilan ta’minlanishi lozim.

Tekshiruvlarda esa ayrim tashkilotlarda arxiv hujjatlari uchun maxsus xonalar ajratilmagani, mavjud saqlovxonalar yong‘in va qo‘riqlash xavfsizligi talablariga javob bermasligi, metall stellajlar yetarli emasligi va hujjatlarni saqlashning me’yoriy sharoitlariga rioya qilinmagani aniqlangan.

Ikkinchi muammo hujjatlarni hisobga olish, tartibga keltirish va davlat arxivlariga topshirish bilan bog‘liq.

Ayrim tashkilotlarda Milliy arxiv fondiga kiritilgan hujjatlar belgilangan muddatlarda davlat arxivlariga topshirilmagan, hujjatlar qiymatini aniqlash ekspertizasi o‘tkazilmagan, arxiv ro‘yxatlari tuzilmagan hamda hujjatlar tartibga keltirilmagan holda saqlangan.

Ba’zi tashkilotlarda arxiv fondlari va stellajlarning topografik ko‘rsatkichlari ham yuritilmagan. Bu zarur hujjatni tez topish va uning qayerda saqlanayotganini aniqlashni qiyinlashtiradi.

Uchinchi muammo — ish yuritish tizimining yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani.

Xususan, ayrim tashkilotlarda ish yuritish yo‘riqnomalari va yig‘majildlar nomenklaturasi ishlab chiqilmagan. Xizmat doirasida foydalanishga mo‘ljallangan hujjatlarni yuritish qoidalariga rioya qilinmagan va bunday hujjatlar ro‘yxati tasdiqlanmagan.

To‘rtinchi muammo esa arxiv ishi va ish yuritishga mas’ul xodimlarning kasbiy tayyorgarligi bilan bog‘liq.

Ayrim tashkilotlarda ushbu vazifalar yuklatilgan xodimlarning arxiv qonunchiligi va ish yuritish talablari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari yetarli emasligi, ular tegishli malaka oshirish kurslarida o‘qitilmagani aniqlangan.

“O‘zarxiv” kelgusida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha taqdimnomalar ijrosini nazorat qilish, qonunbuzilishlarga nisbatan tegishli choralarni ko‘rish hamda tashkilotlarga amaliy-uslubiy yordam berishga ustuvor e’tibor qaratilishini bildirdi.

Shuningdek, idoraviy arxivlar faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, hujjatlarning saqlanish xavfsizligini ta’minlash, ularni o‘z vaqtida davlat arxivlariga topshirish va mas’ul xodimlarning malakasini oshirish doimiy nazoratda bo‘lishi qayd etildi.

Germaniyadan O‘zbekiston tarixiga oid 1000 dan ortiq arxiv hujjati olib kelindiGermaniyadan O‘zbekiston tarixiga oid 1000 dan ortiq arxiv hujjati olib kelindi

O‘xshash yangiliklar