23.11.2026, Dushanba+15.5°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+15.5°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Cho‘lda 35 yil turgan Saddam samolyoti sotiladi

Boshqa 23.11.2026 10:20 0Anhor
Cho‘lda 35 yil turgan Saddam samolyoti sotiladi

1991-yilda Fors ko‘rfazidagi Ikkinchi urushdan asrash maqsadida Iroqdan Tunisga olib chiqilgan 2 ta Boeing 747 samolyoti 35 yildan beri o‘sha yerda turibdi. Endilikda Iroq ularni jami 1,8 mln dollarga sotuvga qo‘ygan. Ulardan biri bir vaqtlar mamlakat rahbari Saddam Husaynga tegishli bo‘lgan. Savdoning asosiy “yulduzi” — 1982-yilda ishlab chiqarilgan, YI-ALM ro‘yxat raqamiga ega Boeing 747SP. Samolyot dastlab hukumat uchun foydalanishga moslashtirilgan bo‘lib, uning ichida yotoqli o‘rindiqlarga ega salon, konferensiya xonasi va apartamentlar mavjud. “Al-Qadisiya” deb nomlangan samolyot 1991-yil yanvaridan beri Tunisdagi Tozer-Nefta aerodromida turibdi. Sanktsiyalar, moliyaviy nizolar va samolyotni saqlash xarajatlarining ortib borishi uning Iroqqa qaytarilishiga to‘sqinlik qilgan.

Iraqi Airways Saddam Husaynning aynan ushbu samolyotda uchganini rasman tasdiqlamagan. Biroq samolyotning jihozlanishi va mavjud fotosuratlar bunga ishora qiladi. 1983-yil oktabrida samolyot Saddam Husayn ishtirokidagi hukumat muzokaralari o‘tkazilgan vaqtda Londonda bo‘lgan. 1986-yilda Husaynning Moskvaga tashrifi vaqtida ham u Boeing 747SP samolyoti oldida suratga tushgan. Saddam Husayn 1979–2003-yillarda Iroqni boshqargan. 1990-yilda uning buyrug‘i bilan Iroq Quvaytga bostirib kirgan va bu Fors ko‘rfazidagi urushga sabab bo‘lgan. 2003-yilda AQSH boshchiligidagi bosqin natijasida uning hokimiyati ag‘darilgan. Husayn 2003-yil dekabrida Tikrit yaqinidagi yerosti boshpanasida qo‘lga olingan. 2006-yil 30-dekabrda Bag‘dodda qatl etilgan. Iroq sudi uni Ed-Dujaylda 148 nafar shiani o‘ldirishda aybdor deb topib, o‘lim jazosiga hukm qilgan.

Sotuvga qo‘yilgan ikkinchi samolyot esa YI-AGP ro‘yxat raqamiga ega Boeing 747-200 bo‘lib, undan yo‘lovchi va yuk tashishda foydalanilgan. U 330 nafargacha yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Samolyotlar “qanday bo‘lsa, shunday” holatda sotilmoqda va ularga kafolat berilmaydi. Ularning yana parvoz qila olishi yoki olmasligi haqida aviakompaniya ma’lumot bermagan. Tunis OAVlari esa samolyotlarni parvozga yaroqsiz deb atamoqda. Samolyotlarni olib chiqish, bojxona to‘lovlari va soliqlar xaridor zimmasida bo‘ladi. Savdoda ishtirok etuvchilar har bir samolyot uchun 180 ming dollar miqdorida kafolat puli kiritishi kerak. Samolyotlarni sotish bo‘yicha avvalgi urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan. 2023-yilda Iroq har bir samolyot uchun 494 ming dollar talab qilgan. Tozer aeroportida samolyotlarning uzoq vaqt turishi Iroqqa katta xarajat keltirgan. 2020-yilda mamlakat ularni saqlash bo‘yicha qariyb 5,4 mln dollar qarzdorlikni to‘lagan. Agar 2027-yil yanvarigacha xaridor topilmasa, Iraqi Airways samolyotlarni metallolomga topshirish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin.

Saddam Husayn kim edi?

Saddam Husayn (1937–2006) — Iroqning sobiq prezidenti va Baas partiyasi rahbari bo‘lib, 1979-yildan 2003-yilgacha mamlakatni boshqargan. U hokimiyatni qattiq nazorat qilgan siyosiy rejimga rahbarlik qilgan. Uning hukmronligi davrida Iroq 1980–1988-yillarda Eron bilan urush olib bordi. 1990-yilda esa Iroq qo‘shinlari Quvaytga bostirib kirdi va bu 1991-yilgi Fors ko‘rfazi urushiga sabab bo‘ldi. 2003-yilda AQSH boshchiligidagi koalitsiya Iroqqa bostirib kirib, Husayn hukumatini ag‘dardi. U 2003-yil dekabrida Tikrit yaqinida qo‘lga olingan. 2006-yil noyabrida insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topilib, o‘lim jazosiga hukm qilingan va 30-dekabr kuni Bag‘dodda qatl etilgan.

Iroq AQSh qo‘shinlari mamlakatdan to‘liq chiqib ketganini ma’lum qildiIroq AQSh qo‘shinlari mamlakatdan to‘liq chiqib ketganini ma’lum qildi

O‘xshash yangiliklar