25.11.2026, Chorshanba+13.6°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+13.6°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

Huquqbuzarlik haqida xabar bermaganlar jarimaga tortilishi mumkin

Boshqa 25.11.2026 19:23 0Anhor
Huquqbuzarlik haqida xabar bermaganlar jarimaga tortilishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari aniqlangan huquqbuzarliklar haqida vakolatli organlarga xabar bermagan xodimlar va mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.

Bu haqida Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni yangi 188-5-modda bilan to‘ldirish nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, huquqbuzarlik holatlari haqida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar bermaganlik uchun jarima belgilanadi.

Birinchi marta sodir etilgan huquqbuzarlik uchun xodimlarga bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 3–5 baravari, mansabdor shaxslarga esa 5–10 baravari miqdorida jarima qo‘llash taklif etilmoqda. Huquqbuzarlik bir yil davomida takroran sodir etilsa, og‘irroq jazo qo‘llanishi ko‘zda tutilgan.

Bosh prokuratura tomonidan ilgari surilgan tashabbus davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining mas’uliyatini oshirish, huquqbuzarliklarni, xususan, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan tazyiq hamda zo‘ravonlik holatlarini o‘z vaqtida aniqlashga qaratilgan.

Muhokama davomida Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Saydullo Azimov 2025-yilda hududiy ichki ishlar organlari tomonidan 536 ta erta tug‘uruq holatiga oid ma’lumot axborot tizimiga kiritilmaganini ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tegishli organlarni o‘z vaqtida xabardor qilish ehtimoliy huquqbuzarliklarni aniqlash va bolalar huquqlarini himoya qilish choralarini ko‘rish imkonini bergan bo‘lardi.

Avvalroq Toshkent shahrida yil boshidan buyon jamoat transportida chiptasiz yurgan yo‘lovchilarga nisbatan 158 mingdan ortiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgani va undirilgan jarimalar miqdori 3,6 milliard so‘mdan oshgani haqida yozgan edik. Noyabr oyining dastlabki 22 kunida qariyb 450 million so‘m jarima undirilgan.

To‘qqiz oyda 420 mingdan ortiq shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildiTo‘qqiz oyda 420 mingdan ortiq shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi

O‘xshash yangiliklar