25.11.2026, Chorshanba+13.6°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+13.6°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

O‘zbekistonda o‘rta sinf ulushini 90 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda

Boshqa 25.11.2026 19:15 0Anhor
O‘zbekistonda o‘rta sinf ulushini 90 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan takliflar bilan tanishdi. Taklif etilayotgan chora-tadbirlar orqali 2030-yilgacha o‘rta sinf ulushini 90 foizga, mikro, kichik va o‘rta biznesning aholi bandligidagi ulushini esa 80 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Taqdimotda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-yildan buyon O‘zbekistonda 11 million nafar aholi kambag‘allikdan chiqarilgan.

Hozirda mikro, kichik va o‘rta biznes iqtisodiyotda band aholining 75 foizini qamrab olgan bo‘lsa-da, yalpi ichki mahsulotning 55 foizi ushbu sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Yirikroq biznes toifasiga o‘tayotgan mikrokorxonalar ulushi atigi 4 foizni tashkil etib, xalqaro mezonlardan qariyb to‘rt baravar pastligicha qolmoqda. Axborot texnologiyalari, logistika, moliya va sug‘urta kabi yuqori daromadli sohalarda kichik biznesning ulushi esa 8 foizni tashkil etmoqda.

Tadbirkorlikni moliyalashtirish tizimi takomillashtiriladi

Tadbirkorlarga biznesni boshlashdan tortib, uni kengaytirish va tashqi bozorlarga olib chiqishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda kompleks xizmatlar ko‘rsatish nazarda tutilmoqda.

Bunda kredit, kafolat, kafillik, lizing, faktoring, venchur moliyalashtirish va kapitalga investitsiya kiritish kabi moliyaviy vositalardan foydalanish kengaytiriladi.

Markaziy bank tomonidan tadbirkorlarning kreditga layoqatliligini baholashning muqobil usullarini joriy etish, banklar va moliyaviy texnologiyalar kompaniyalari o‘rtasida xavfsiz ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda bir ariza orqali bir nechta bankdan kredit takliflarini olish imkoniyatini yaratish taklif etilgan.

Shuningdek, moliyaviy nizolarni suddan tashqari hal etish va moliyaviy xatarlarni boshqarishning yangi mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

2030-yilgacha tadbirkorlikka ajratilayotgan kreditlarda kafolat va kafillik asosida beriladigan kreditlar ulushini 1 foizdan 12 foizga, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va bozordan jalb qilinadigan qarzlar ulushini esa 17 foizdan 35 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

320 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda

Hududlarda biznes inkubatorlari va loyiha ofislarini, tumanlarda esa mikro, kichik va o‘rta biznesga ko‘maklashish markazlarini tashkil etish hamda tadbirkorlarga “bir darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish taklif qilingan.

Hokim yordamchilari faoliyatini baholashda miqdor ko‘rsatkichlaridan sifat ko‘rsatkichlariga o‘tiladi. Korxonalarning barqaror faoliyati, yaratilgan ish o‘rinlarining doimiyligi va tadbirkorlar tovar aylanmasining o‘sishi asosiy mezon sifatida belgilanadi.

Aholi daromadlarini oshirish maqsadida hududlarda umumiy qiymati 81 trillion so‘mlik mingta loyihani amalga oshirish orqali 320 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Shuningdek, mahallalarning ixtisoslashuvi asosida kooperatsiyani rivojlantirish, tomorqa va ijara yerlarida yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirish nazarda tutilmoqda.

Taklif etilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2030-yilgacha:

  • mikro, kichik va o‘rta korxonalarning yirikroq biznes toifasiga o‘tish sur’atlarini ikki baravar oshirish;

  • ushbu sektorning aholi bandligidagi ulushini 80 foizga yetkazish;

  • o‘rta sinf ulushini 90 foizga yetkazish;

  • norasmiy bandlikni yanada qisqartirish maqsad qilingan.

Taqdimotda bandlik xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish, kasbiy malakani baholash va xalqaro sertifikatlash tizimini rivojlantirish, mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish masalalari ham ko‘rib chiqilgan.

Prezident mutasaddilarga takliflarni yanada takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha vazirlik va idoralarning vazifalari hamda o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini aniq belgilash yuzasidan topshiriqlar bergan.

Qoraqalpog‘istonda oilaviy tadbirkorlik kreditlari 12 foizga tushiriladiQoraqalpog‘istonda oilaviy tadbirkorlik kreditlari 12 foizga tushiriladi

O‘xshash yangiliklar