25.11.2026, Chorshanba+13.6°CToshkentUSD11 990.54EUR13 136.84RUB146.24
+13.6°CToshkent$11 990.54 25.11.2026

Ukrainadagi urushda mingdan ortiq o‘zbekistonlik Rossiya tomonida jang qilib halok bo‘lgan — BBC

Boshqa 25.11.2026 19:03 0Anhor
Ukrainadagi urushda mingdan ortiq o‘zbekistonlik Rossiya tomonida jang qilib halok bo‘lgan — BBC

2022-yilda Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon Rossiya armiyasining kamida 490 334 nafar harbiysi halok bo‘lgan. Ular orasida Rossiya tomonida jang qilgan 5 017 nafar xorijlik, jumladan, 1 031 nafar o‘zbekistonlik va 720 nafar tojikistonlik ham bor.

Bu haqda BBC rus xizmati Rossiya federal davlat statistika xizmati (Rosstat) ma’lumotlari asosida xabar berdi.

Nashr Belarusning Cyber Partisans BY va Ukrainaning Silent Crow xakerlik guruhlari amalga oshirgan kiberhujumdan so‘ng 2021-yildan 2026-yil sentyabrigacha qayd etilgan 11 milliondan ortiq o‘lim holatiga oid ma’lumotlardan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan.

Rosstat kiberhujum sodir etilganini tasdiqlagan, biroq himoyalangan ma’lumotlar sizdirilganini rad etgan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov harbiy yo‘qotishlar haqidagi rasmiy ma’lumotlarni faqat Rossiya Mudofaa vazirligi e’lon qilishi mumkinligini bildirgan. Vazirlik bir necha yildan buyon yo‘qotishlar bo‘yicha rasmiy statistikani ochiqlamayapti.

Rossiyaning haqiqiy yo‘qotishlari qancha?

BBC rus xizmati Rossiyaning mustaqil Mediazona nashri bilan birgalikda Rosstat ma’lumotlarini ochiq manbalar orqali shakllantirilgan halok bo‘lgan harbiylar ro‘yxati bilan solishtirgan. Natijada qaydlarning 90 foizi o‘zaro mos kelgani aniqlangan.

BBC rasmiy xabarlar, ijtimoiy tarmoqlar, yangi yodgorliklar va qabrlarga oid ma’lumotlar asosida 290 012 nafar halok bo‘lgan harbiyni aniqlagan.

Harbiy ekspertlarning baholashicha, ushbu ro‘yxat haqiqiy qurbonlarning 45–55 foizini qamrab olgan bo‘lishi mumkin. Shunga ko‘ra, Rossiya armiyasining umumiy yo‘qotishlari 527 295 nafardan 644 471 nafargacha yetishi ehtimoli bor.

Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Rossiyada vafot etgan 18–24 yoshli shaxslarning 65 foizi, 25–34 yoshdagilarning esa 59 foizi urushda halok bo‘lgan.

Urushning birinchi yilida halok bo‘lganlarning o‘rtacha yoshi 34 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 40 yoshga yetgan.

Tiva, Buryatiya va Zabaykalye o‘lkasida yashovchi erkaklarning urushda halok bo‘lish ehtimoli Moskva va Sankt-Peterburg aholisiga nisbatan 20–25 baravar yuqori ekani aniqlangan.

Mingdan ortiq o‘zbekistonlik halok bo‘lgan

BBC tahliliga ko‘ra, Rossiya tomonida jang qilib halok bo‘lgan xorijliklar orasida kamida 1 031 nafar o‘zbekistonlik va 720 nafar tojikistonlik bor.

Nashr xorijliklar orasidagi haqiqiy qurbonlar soni bundan ham yuqori bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. Chunki ikki davlat fuqaroligiga ega shaxslar Rosstat ma’lumotlar bazasida Rossiya fuqarolari sifatida qayd etilgan.

Tahlilda, shuningdek, 2024-yilda Ukraina qo‘shinlarining Rossiya hududiga kirishiga qarshi janglarda halok bo‘lgan Shimoliy Koreya harbiylari haqidagi ma’lumotlar mavjud emas.

BBC sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va Pxenyanda barpo etilgan yangi yodgorlikning rasmiy suratlarini o‘rganish orqali 2 304 nafar Shimoliy Koreya harbiysi halok bo‘lganini aniqlagan.

Ukrainaning yo‘qotishlari

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 2026-yil iyul oyida mamlakatning harbiy yo‘qotishlarini qariyb 50 ming nafar deb baholagan edi.

Biroq ochiq manbalar asosida ma’lumot to‘plovchi anonim UA Losses sayti Ukrainada halok bo‘lgan harbiylar sonini 115 952 nafar deb ko‘rsatgan.

BBC Rossiya statistika idorasidan sizdirilgan ma’lumotlar to‘liq bo‘lmasligi mumkinligini, biroq ular nashrning mustaqil tadqiqotlari davomida aniqlangan tendensiyalarni tasdiqlashini qayd etgan.

Xorijiy armiyada xizmat uchun 5 yilgacha qamoq jazosi taklif qilindiXorijiy armiyada xizmat uchun 5 yilgacha qamoq jazosi taklif qilindi

O‘xshash yangiliklar