Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga qarshi bir necha yildan buyon davom etayotgan korrupsiya bo‘yicha sud jarayonida yangi burilish yuz berdi. Sudyalar prokuraturaga uchta jinoiy ishning eng jiddiysini tugatish va ikkinchisini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qildi.
Sud jarayoniga raislik qilayotgan sudya Rivka Fridman-Feldman Isroil bosh prokurori Gali Baharav-Miaraga “4000-ish” deb nomlanuvchi jinoiy ish bo‘yicha Netanyaxuga nisbatan ayblov hukmi chiqarilishi ehtimoli pastligini bildirgan.
Sud vakilining ma’lum qilishicha, sudyalar poraxo‘rlik ayblovini asoslovchi dalillar yetarliligiga jiddiy shubha bildirmoqda.
Mazkur ish doirasida prokuratura Netanyaxuni do‘sti, millioner Shaul Elovichga bir milliard shekeldan ortiq (qariyb 300 million dollar) qiymatdagi tartibga solish imtiyozlarini taqdim etganlikda ayblagan. Elovichga tegishli Bezeq telekommunikatsiya kompaniyasi Walla! axborot saytiga egalik qilgan.
Ushbu ish bo‘yicha Netanyaxuga poraxo‘rlik, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilish ayblovlari qo‘yilgan.
Sud yana ikkita ishni ko‘rib chiqishni tavsiya etdi
Sud “2000-ish” deb nomlanuvchi jinoiy ishni ham qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qilgan. Prokuratura Netanyaxuni Isroilning yetakchi gazetalaridan birida o‘zi haqida ijobiy materiallar yoritilishi evaziga uning asosiy raqobatchilaridan biri tirajini cheklashga uringanlikda ayblamoqda.
Sudyalar ayblov xulosasida keltirilgan xatti-harakatlar jinoyat tarkibiga ega ekaniga jiddiy shubha bildirgan.
“1000-ish” bo‘yicha esa sud Netanyaxuning advokatlarini prokuratura bilan kelishuvga erishishga chaqirgan. Mazkur ish xorijlik tadbirkorlardan qimmatbaho sigaralar va shampan vinosi kabi sovg‘alarni olganlik haqidagi ayblovlar bilan bog‘liq.
Bosh prokuror Gali Baharav-Miara sudning barcha tavsiyalarini prokurorlar bilan birgalikda sinchiklab o‘rganishini ma’lum qilgan.
Sud o‘z tavsiyalari yakuniy qaror yoki hukm hisoblanmasligini alohida ta’kidlagan.
Netanyaxuga qarshi sud jarayoni 2020-yildan buyon davom etmoqda
Netanyaxuga 2020-yil yanvar oyida Quddus okrug sudida rasman ayblov qo‘yilgan. U Isroil tarixida amaldagi bosh vazir sifatida sudda ayblanuvchi maqomida ishtirok etgan birinchi hukumat rahbariga aylangan.
Sud jarayoni 2020-yil may oyida boshlangan. Netanyaxu esa 2024-yil dekabr oyidan sudda ko‘rsatma bera boshlagan. U boshidan buyon o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, jinoiy ta’qibni siyosiy sabablar bilan bog‘lab kelmoqda.
2025-yilda Netanyaxu Isroil prezidenti Isxak Gersogga o‘zini afv etish bo‘yicha rasman murojaat qilgan. Biroq murojaatida o‘z aybini tan olmagan.
Bundan avval AQSH prezidenti Donald Tramp ham Gersogga maktub yo‘llab, Netanyaxuni to‘liq afv etishni so‘ragan edi.
Isroil qonunchiligiga ko‘ra, afv etish vakolati faqat prezidentga tegishli.




