23.11.2026, Dushanba+16.4°CToshkentUSD12 004.48EUR13 155.71RUB146.56
+16.4°CToshkent$12 004.48 23.11.2026

Kinematografiya agentligi tugatiladi, “O‘zbekfilm” qayta tashkil etiladi

Boshqa 23.11.2026 12:42 0Anhor
Kinematografiya agentligi tugatiladi, “O‘zbekfilm” qayta tashkil etiladi

O‘zbekistonda kino sohasini boshqarish tizimi tubdan o‘zgartiriladi, “O‘zbekfilm” milliy kino brendi yaratiladi va milliy kinoindustriyani iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylantirish choralari ko‘riladi.

Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 21-noyabr kuni imzolangan “Kinematografiya sohasiga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish va ‘O‘zbekfilm’ milliy kino brendini yaratishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–250-son farmonda belgilandi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali ma’lum qildi.

Farmon bilan kino sohasida zamonaviy boshqaruv modelini joriy etish, takrorlanuvchi vakolatlarni maqbullashtirish, milliy kinoindustriyani bosqichma-bosqich iqtisodiyotning muhim tarmog‘iga aylantirish asosiy maqsadlardan biri etib belgilangan.

Shuningdek, “O‘zbekfilm” milliy kino brendini yaratish va ommalashtirish, kino loyihalarini moliyalashtirish, ishlab chiqarish, mualliflik huquqini ta’minlash hamda milliy filmlarni ichki va xalqaro bozorlarda targ‘ib qilish tizimini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

“O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi

Farmonga ko‘ra, Madaniyat vazirligi muassisligida “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi.

Yangi tizimda “O‘zbekfilm” davlat studiyasi zamonaviy biznes modeliga asoslangan milliy kinokompaniya sifatida faoliyat yuritadi.

Prezidentning kino sohasi vakillari bilan avvalgi uchrashuvida ma’lum qilinganidek, yangi kinokompaniyaning asosiy vazifasi bevosita film suratga olish emas, balki kino loyihalarini tanlash va moliyalashtirish, filmlarni targ‘ib qilish, distributsiya qilish, xalqaro festivallar va bozorlarga olib chiqishdan iborat bo‘ladi.

Filmlarni ishlab chiqarish esa tobora ko‘proq xususiy sektor va mustaqil ijodkorlarga berilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat buyurtmasi asosidagi amaldagi tizim o‘rniga subsidiya asosida qo‘llab-quvvatlash mexanizmi joriy etiladi.

Prezident kino sohasi vakillari bilan uchrashuvda bundan buyon davlat filmning bevosita buyurtmachisi emas, balki ijodkorlar va xususiy sektorning hamkori sifatida ishtirok etishini ta’kidlagan edi.

Kinematografiya agentligi tugatiladi

Kino sohasini boshqarish tizimi ham qayta tashkil etiladi.

Kinematografiya agentligi tugatilib, kino sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish vakolati Madaniyat vazirligiga o‘tkaziladi.

Vazirlik markaziy apparati tarkibida Kino san’ati departamenti tashkil etiladi.

Departament milliy kino siyosatini shakllantirish, sohani rivojlantirish, kino loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, xalqaro hamkorlik va boshqa yo‘nalishlarni muvofiqlashtiradi.

Avval ma’lum qilinganidek, departament rahbarining maqomi madaniyat vaziri o‘rinbosari darajasiga tenglashtiriladi.

“Qoraqalpoqfilm” ham qayta tashkil qilinadi

Madaniyat vazirligining “Qoraqalpoqfilm” davlat muassasasi negizida “Qoraqalpoqfilm” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etiladi.

Uning muassislari “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi bo‘ladi.

Bu orqali hududiy kino ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahalliy ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va Qoraqalpog‘iston mavzusidagi filmlarni ko‘paytirish ko‘zda tutilmoqda.

Kinoshunoslar klubi tuziladi

Kino sohasidagi professional tahlil va tanqidchilikni rivojlantirish maqsadida Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti va bir guruh kinoijodkorlar ishtirokida Kinoshunoslar klubi tashkil etiladi.

Prezident avvalgi yig‘ilishda kino sohasida professional tanqidchilarning fikriga yetarlicha e’tibor berilmayotganini ta’kidlagan edi.

Davlat rahbarining fikricha, xolis tahlil kinoijodkorlarga o‘z kamchiliklarini ko‘rish va ijodiy jihatdan rivojlanish imkonini beradi.

Milliy kinokompaniya Kinoshunoslar klubi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashi hamda uning Xalqaro kinotanqidchilar federatsiyasi — FIPRESCI bilan hamkorligini rivojlantirishga ko‘maklashishi rejalashtirilgan.

Kino uyushmalari birlashtiriladi

O‘zbekiston kino arboblari ijodiy uyushmasi hamda O‘zbekiston kino sanoati vakillari uyushmasi birlashtiriladi.

Ularning negizida O‘zbekiston kino sohasi vakillari palatasi tashkil etiladi.

Yangi palata kinoijodkorlarning mualliflik huquqlari va kasbiy manfaatlarini himoya qilish, yosh ijodkorlarning professional o‘sishiga ko‘maklashish hamda soha vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Yosh kinoijodkorlarning xorijda malaka oshirishi ham qo‘llab-quvvatlanadi.

Bolalar uchun kino maktabi ochiladi

Toshkent shahrida bolalar kinoijodkorligi maktabi va maxsus platforma tashkil etiladi.

Ular yoshlarning kino san’atiga qiziqishini oshirish, rejissyorlik, ssenariynavislik, operatorlik, aktyorlik va boshqa yo‘nalishlarda boshlang‘ich ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi.

“Umummilliy kinoloyiha” maqomi beriladi

Milliy yuksalish g‘oyasiga xizmat qiladigan, O‘zbekistonning boy tarixi va zamonaviy yutuqlarini jahon ekranlariga olib chiqishga qaratilgan alohida ahamiyatga ega filmlarga “Umummilliy kinoloyiha” maqomi beriladi.

Bunday maqom Milliy kinokompaniya taklifi asosida Madaniyat vazirligi tomonidan taqdim etiladi.

Mazkur maqom tarixiy, madaniy va ijtimoiy jihatdan muhim film loyihalarini alohida qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.

Prezident kino sohasi vakillari bilan uchrashuvda kino bugungi kunda mamlakatning xalqaro nufuzini oshiradigan “yumshoq kuch” vositasiga aylanganini qayd etgan edi.

U “O‘z” g‘oyasining kino san’atidagi ifodasini “o‘zligimizni anglab, o‘z hikoyamizni o‘z ovozimiz bilan dunyoga aytish” deb ta’riflagan.

Davlat rahbari ekranlarda nafaqat tarixiy shaxslar, balki zamonaviy O‘zbekiston hayotida faol bo‘lgan o‘qituvchilar, shifokorlar, sportchilar, harbiylar, tadbirkorlar, quruvchilar va yoshlarning hayoti ham aks etishi kerakligini aytgan.

“O‘zbekfilm” onlayn kinoplatformasi yaratiladi

Farmonda kino mahsulotlarini raqamlashtirish va ularni tomoshabinga yetkazish bo‘yicha ham yangi tizim nazarda tutilgan.

2028-yil 1-yanvarga qadar Kinochiptalarning yagona axborot tizimi hamda “O‘zbekfilm” milliy onlayn kinoplatformasi ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi.

2028-yil 1-yanvardan boshlab davlat mablag‘lari hisobidan yaratilgan barcha filmlar hamda davlat arxivlarida saqlanayotgan kino merosi obyektlari Kinoplatformaga raqamli shaklda bepul va majburiy ravishda taqdim etib boriladi.

Xususiy kinostudiyalar va mualliflarning filmlari esa platformaga shartnoma asosida joylashtiriladi.

Bu orqali milliy kino merosini yagona raqamli platformada jamlash va tomoshabinlar uchun undan foydalanish imkoniyatini kengaytirish rejalashtirilgan.

Kinoteatrlar yagona tizimga ulanadi

2028-yil 1-yanvardan mamlakatdagi barcha kinoteatrlar hamda kino namoyishi bilan shug‘ullanadigan boshqa tashkilotlar Kinochiptalarning yagona axborot tizimiga majburiy ravishda integratsiya qilinadi.

Natijada har bir kino seansi, sotilgan chiptalar soni va tushumlar haqidagi ma’lumotlar real vaqt rejimida avtomatik almashib boradi.

Bu kino bozori haqidagi aniq statistikani shakllantirish, filmlarning tijoriy natijalarini baholash va distributsiya tizimini rivojlantirish imkonini beradi.

“O‘zbekfilm kino shaharchasi” quriladi

Prezidentning kino sohasi vakillari bilan uchrashuvida “O‘zbekfilm”ning 10 gektarlik hududida yagona industrial kino klasteri — “O‘zbekfilm kino shaharchasi” tashkil etilishi ham ma’lum qilingan edi.

Loyiha uchun 400 mlrd so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

“Kino shaharchasi”da zamonaviy pavilonlar, texnik xizmatlar, film ishlab chiqarish uchun zarur infratuzilma, postprodakshn va boshqa xizmatlarni bir joyda jamlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, zamonaviy Dublyaj va ovozlashtirish markazini tashkil etish uchun 80 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan.

Shaharchaning master-rejasi va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish ishlarini keyingi yil mart oyidan boshlash vazifasi qo‘yilgan.

Kino sohasi uchun davlat xarajatlari oshgan

Prezidentning avvalgi yig‘ilishida so‘nggi yillarda kino sanoatini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘lar sezilarli oshgani qayd etilgan.

2016-yilda filmlar suratga olish uchun davlat budjetidan 10 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 218 mlrd so‘mga yetgan.

O‘n yil davomida kino sanoatiga ajratilgan mablag‘larning jami hajmi 1,2 trln so‘mni tashkil etgan.

Shu davrda o‘nlab xususiy kinostudiyalar paydo bo‘ldi va yangi avlod kinoijodkorlari shakllandi.

“Islomxo‘ja”, “Ibrat”, “Avloniy”, “Abdulla Qodiriy”, “Qo‘qon shamoli”, “Muqimiy”, “Ilhaq”, “O‘zbek qizi”, “Bahodir Yalangto‘sh” kabi tarixiy filmlar yaratildi.

Prezident kino sanoatidagi muammolarni sanab o‘tgan

Davlat rahbari milliy kinoning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan qator tizimli muammolarni ham tilga olgan.

Xususan, film ishlab chiqarishdan uni tomoshabinga yetkazishgacha bo‘lgan yaxlit distributsiya tizimi shakllanmagani qayd etilgan.

Amaldagi davlat buyurtmasi va xaridlari tizimi ham zamonaviy kinoindustriya talablariga javob bermayotgani aytilgan.

Ayrim holatlarda bir vaqtning o‘zida bitta rejissyorga oltitagacha, bir muallifga esa yettitagacha loyiha biriktirilgani ma’lum qilingan.

Buyurtmalarning deyarli yarmi davlat studiyalariga berilgani esa xususiy kinoijodkorlarning teng raqobat qilish imkoniyatlarini cheklagani ta’kidlangan.

Shuningdek, san’at asarini oddiy tovar yoki qurilish obyekti singari qat’iy texnik topshiriq asosida xarid qilish to‘g‘ri emasligi qayd etilgan. Chunki ssenariy suratga olish davomida o‘zgarishi va boyishi, ijodiy yechimlar esa ishlab chiqarish jarayonida shakllanishi mumkin.

“Aslida, ijodkor mehnatining natijasi tomoshabinni chuqur o‘yga solib, qalbida iz qoldirgan film bilan o‘lchanishi kerak”, — degan prezident.

“O‘zbekfilm” yagona milliy brendga aylantiriladi

Prezident “O‘zbekfilm” nomini milliy kinoning yagona brendi sifatida mustahkamlashni ham taklif qilgan.

Hozirgi Chilonzor ko‘chasining “O‘zbekfilm” joylashgan qismiga “O‘zbekfilm” nomini berish, Kino san’ati muzeyi, Kino san’ati saroyi va Milliy kinofondni ham shu brend ostida birlashtirish taklif etilgan.

Avvalroq Anhor.uz Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekfilm” kinostudiyasida kino sohasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgani, shuningdek, Kinematografiya agentligi tugatilib, kino sohasidagi davlat siyosatini yuritish vakolati Madaniyat vazirligiga o‘tkazilishi haqida yozgandi.

O‘xshash yangiliklar