Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Manas shahrida qurilayotgan ikki qavatli binoda yong‘in chiqishi oqibatida O‘zbekistonning ikki fuqarosi halok bo‘ldi. Yana bir o‘zbekistonlik og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda mahalliy nashrlardan biri xabar qildi. Hodisa 22-noyabr kuni soat 21:30 atrofida Manas shahrining Intimoq hududidagi A. Karimbekov ko‘chasida sodir bo‘lgan. Yong‘in vaqtida qurilish obyektida O‘zbekistonning 4 nafar fuqarosi — ishchilar bo‘lgan.
Halok bo‘lganlar 1986-yilda tug‘ilgan I.A. va 1988-yilda tug‘ilgan B.B. ekani ma’lum qilindi. 1999-yilda tug‘ilgan A.A. og‘ir ahvolda reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Shifokorlarning ma’lum qilishicha, u hozir komada va ahvoli og‘ir. Unga reanimatolog va terapevt tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 1990-yilda tug‘ilgan Sh.M.ga esa ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilgan va u shifoxonadan javob berilgan.
Jalolobod viloyati birlashgan klinik shifoxonasi bosh shifokori o‘rinbosari Azamat Adan uulu 23-noyabr kuni to‘rt nafar jabrlanuvchi tibbiyot muassasasiga olib kelinganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ulardan biri voqea joyida, yana biri shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Halok bo‘lganlarning o‘lim sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizalari tayinlangan. Yong‘in kelib chiqishining sabablari ham o‘rganilmoqda.
Avvalroq Anhor.uz Qirg‘iziston dunyodagi eng uzun shisha ko‘prikni qurmoqchi
Qirg‘izistonning “Ala Archa” milliy bog‘ida 732 metr uzunlikdagi osma shisha ko‘prik qurish rejalashtirilmoqda. Qurilish 2026-yil noyabrda boshlanib, 2027-yil oxirigacha yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Loyiha amalga oshsa, ko‘prik dunyodagi eng uzun osma shisha ko‘prikka aylanishi mumkin.
Qirg‘iziston dunyodagi eng uzun shisha ko‘prikni qurmoqchi



